Ijtimoiy dorixonalar: ularning afzallik jihatlari nimada?
Inson uchun dunyoda salomatligidan-da qimmatliroq boylik yo‘q. Bemorning butunlay shifo topib ketishini esa dori vositalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Biroq, har doim ham bizga kerakli bo‘lgan dori-darmonlarni dorixonalardan topa olmaymiz. Bundan tashqari narxlarning balandligi hamda ular o‘rtasidagi tafovut ham ko‘nglimizni xira qilishi, tabiiy. Shu bois, so‘nggi paytlarda aholiga bu borada yetarli sharoitlar yaratish maqsadida davlatimiz tomonidan bir nechta qarorlar qabul qilinib, hayotga keng tatbiq etilmoqda. Jumladan, joriy yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatda aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan uzluksiz ta’minlash, sun’iy taqchillik va narxlarning oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Shuningdek, ushbu hujjatda aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash darajasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy dorixona tarmog‘i tashkil etilib, farmatsevtika mahsulotlarini belgilangan narxlarda sotish asosiy vazifa etib belgilandi.
Vazirlik axborot xizmatining xabar berishicha hozirda ijtimoiy dorixonalar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda. Ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ijtimoiy ahamiyatga ega farmatsevtika mahsulotlarini topish imkoniyatini oshirish, dorilarni retsept bo‘yicha sotish tartibini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Yana shuni ta’kidlab o‘tish joizki, bunday dorixonalar bevosita O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi shifoxonalar hamda poliklinikalarning o‘zida tashkil etiladi. Bu esa aholiga yanada keng qulayliklar yaratadi.
Chunki, tibbiyot muassasalari va ijtimoiy dorixonalar o‘rtasidagi bog‘liqlik tufayli shifokor retsept yozish jarayonida bevosita dorixonadagi mavjud dorilar ko‘lamini inobatga oladi.
O‘ylaymizki, tez orada amaliyotga tatbiq etilishi kutilayotgan ushbu yangilik aholi o‘rtasidagi turli muammolarni hal etilishiga xizmat qiladi.
Mayna HASANOVA