Toshkent taqdirimizda
Go‘zal va betakror mamlakatimiz poytaxti – Toshkent so‘zini eshitish bilanoq har bir yurtdoshimiz qalbida yuksak g‘urur uyg‘onadi. Ona Vatanimizda bu kentni sevmaydigan, undan faxrlanmaydigan biror o‘zbek bormikan?!
Asrlar osha tarixning ne-ne sinovlariga bardosh berib, doimo yangilanish va yuksalish tarafida bo‘lgan qadimiy Shosh! Sening har bir mahallang, har bir ko‘chang, bir so‘z bilan aytganda har qarich yering qadrli va muqaddas.
Vodiyning so‘lim bog‘larida yoki Xorazmning qadim go‘shasida shirali ovozda qo‘shiq xirgoyi qilayotgan yigit-qizlarning dilidagi “Nasib etsa, Toshkentga borib ka-a-t-ta san’atkor bo‘laman!” degan ezgu orzusi qachondir ushalgan. Surxon yoki Qashqadaryoning qir-adirlarida qo‘y boqib, tendoshlari bilan kurash tushishdan o‘zgacha zavq oladigan yosh, abjir polvonning niyati ham maktabni tugatgach, Toshkentdagi katta o‘qishga kirish. Ustoz polvonlarga shogird tushish, xalqaro musobaqalarda qatnashib chempion bo‘lish, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish! Buxorolik ilmga chanqoq bolaning tushlariga ham Toshkent kiradi. U sirli olamda suzayotgandek, go‘yo… Bilim bulog‘idan to‘yib-to‘yib sipqoradi. Buyuk ajdodlarimiz ishini davom ettirib, fan va taraqqiyot, yangiliklar kashf etish niyatida o‘qib-o‘rganadi, izlanadi. Yillar o‘tib niyatlari mustajob bo‘ladi. Ulug‘ olim sifatida e’tirof etiladi. Beg‘ubor bolaning tushi o‘ngidan keladi. Bir so‘z bilan aytganda qaysi sohada bo‘lmasin o‘zini namoyon etishni istagan odam sen tomon talpinadi.
Sen azaldan bag‘ri keng, saxiy kentsan. Bo‘lmasa, Ikkinchi jahon urushining qirg‘inbarot janggohlariga aylangan uzoq Sharqdagi vayron bo‘lgan shahar va qishloqlardan qanchadan qancha ota-onasiz bolalarni, go‘daklarni eshelonga joylab, sen tomon yuborarmidilar?! Senga shunchalik ishonishdimi-a?! Sen urush bolalarini bag‘ringga bosding. Sening ezguliklaring oldida dunyo lol qoldi!
Toshkent seni yaxshi ko‘rmagan inson bormikin?!
Sira esimdan chiqmaydi. O‘quvchilik paytlarimda negadir Toshkentga o‘qishga kirishni dilimga tukkan edim. O‘sha davrda akam va uning bir nechta jo‘ralari poytaxtda talaba edilar. Ular qishlog‘imizga kelsalar, barcha katta-yu kichik “poytaxtlik mehmon”larga hurmat-e’tibor ko‘rsatishardi. Ularning kiyinishlari, muomalasiga biz yoshlar havas bilan qarardik. “Toshkentda o‘qiganlar zo‘r odam bo‘lishadi!” Bu fikr beixtiyor xayolimizdan o‘tardi. “Katta bo‘lsam, albatta poytaxtda o‘qiyman!” derdim.
Orzular ushaldi. Bosh kentga ham keldik. Osmono‘par binolar, yer osti transporti… Xullas, har bir manzaradan hayratimiz oshardi. Televizorda uchratib yurganimiz biror bir shoir yoki san’atkorni tasodifan uchratib qolsak, unga hayrat bilan boqardik. Ularga tikilib qolardik. Qishloqqa borib do‘stlarimizga maqtanishga sabab topilardi-da.
O‘qidik. Mazza qilib o‘qidik. Ustozlar sabog‘i, izlanish va o‘qib-o‘rganish uchun imkoniyatlar… Bular biz – talabalarni tobladi. Hayotda o‘z yo‘limizni topishimizga yo‘lchi yulduz bo‘ldi. Ijarada turganimizda onamiz bo‘lib qolgan buvijonlarning jonsarakligi, xuddi o‘z onajonimizdek bizlarni avaylashi, biroz kech qolsak, darvoza oldida mung‘ayib kutib turishi, sog‘-omon kelganimizni ko‘rib, ularning yuzida quvonch paydo bo‘lishi… Yaxshi odamlarning pand-nasihatlari… Bularni unutib bo‘larmikin?! Aslo!
Ijod. O, ijod! Oliy o‘quv yurtini tugatib, qishloqda ish boshlagach, yana poytaxtga intildim. Yana Toshkent menga bag‘rini ochdi. Hamma imkoniyat, sharoit bor. Gazeta-jurnal, nashriyot, radio, televideniyeda ishlamoqchimisan, marhamat?! Faqat, bu dargohlarning eshigini qoqish uchun kitoblarda, biror bir joyda yozilmagan o‘z qonunlari bor. Bu iste’dod, bilim, iroda, yana, yana,.. fidoyilik! Ha, yana muhimi, yaxshi odamlarga yondoshish!
Qo‘lim beixtiyor ko‘ylak cho‘ntagida buklangan qog‘ozni ocha boshlaydi. Shimim kissasidagi ruchkani avaylab barmog‘im orasiga qistiraman. Xayolga kelgan misralar qog‘ozga to‘kila boshlaydi:
Yuragimda armon yig‘lamasin deb,
Qadim Shosh shahriga urdim o‘zimni.
“Adabiyot qalbim, sadoqatim!” deb
Qog‘ozlarga to‘kdim ezgu so‘zimni.
O! Qalbim bir shirin orzuni tuydi,
Ne baxtki, beminnat nur sochar oftob.
Elning nazaridan qolmasak, bo‘ldi,
Derlar: Yaxshi niyat bo‘lar mustajob!
Ha, niyatlarni amalga oshishiga Alloh madadkor bo‘ldi. Shukronalar bo‘lsin, yaxshi odamlarga duch keldim: bolaligimda bir marta bo‘lsa-da salomlashib, suhbatini olishni orzu qilganim, el ardog‘idagi jurnalistlar, shoir va adiblarning gurunglarini tinglash baxtiga muyassar bo‘ldim.
“Bir gap bo‘lar” hajviy hikoyalar to‘plamim ustoz adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov so‘zboshisi bilan nashr etildi. “Otam yodi” she’rlar to‘plamim G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida bosildi.
Toshkent hamma uchun birdek qadrli. Turli shahar va qishloqlarda tug‘ilib, Toshkentda yuzlashgan ijodkorlar bir-biriga ustoz, bir-biriga shogird. Ularni faqat ijod olami birlashtirib, do‘st tutintirgan.
Toshkent! Bu ezguliklarning barchasida sening hissang bor! Sen hammani yaxshi ko‘rasan, seni hamma yaxshi ko‘radi.
O‘zbekistonimizdan, yurtimiz poytaxti Toshkenti azimdan, qaddi tik, qadri baland xalqimizdan bir umr qarzdormiz.
Abdulla AYIZOV