Yoshlar ittifoqi yoshlarga suyanch bo‘la oladimi?
Ushbu muhim hujjat yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, kelajagimiz egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan tashabbuskor va shijoatli yosh avlodni voyaga yetkazish kabi ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, Yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturini o‘z ichiga olgan.
Ta’kidlash joizki, sobiq “Kamolot” YOIH ham aynan ushbu ezgu maqsadlarni ko‘zlab tashkil etilgan edi. Tugatilgan Harakatning asosiy negizi bo‘lmish umumta’lim maktablari, o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari hamda korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilotlari soni 15 ming 579 ta bo‘lib, ular atrofida 6 mln. dan ortiq a’zolarni birlashtirgan edi. Afsuski, raqamlar qanchalik jimjimador bo‘lmasin, vaqt Harakatning faoliyati hozirgi kun va yoshlar talabiga javob bermasligini, tashkilotni esa tubdan isloh qilish lozimligini ko‘rsatdi.
Shunday ekan, haqli savol tug‘iladi, tuzilgan yangi ittifoq yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga barham bera oladimi? Yoki avvalgidek qop-qop va’dalar va “aravani quruq olib qochish” orqali muammolar “o‘z yechimini topadimi?”
O‘tkir ShUKUROV,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari
– Hozirgi yoshlarimizning dunyoqarashi 5 yil oldingi tengqurlarinikidan butunlay farq qiladi. Ularni oddiy gap, quruq va’dalar bilan kelajakka ishontirib bo‘lmaydi. Shunday ekan yangi tashkil qilingan ittifoq birinchi navbatda targ‘ibot ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi zarur. Ana shunda yoshlar bu tashkilot bilan qanday natijalarga erishish mumkinligini tushunib yetadi.
Shuningdek, ittifoq uyushmagan yoshlarni turli dolzarb loyihalar atrofida qamrab olishga alohida e’tibor qaratishni maqsad qilgan. Chunki, bugun biz farzandlarimizga do‘st bo‘lmasak, ularga chetdan albatta boshqa “do‘st”lar topiladi.
Kamoliddin BEKNAZAROV,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari
– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mamlakatimizdagi 10 milliondan ortiq yoshlarni o‘z atrofida birlashtirishni, ular hayotiga chuqurroq kirib borishni maqsad qilgan. Ahamiyatlisi, ushbu tashkilot o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni yuqoridan beriladigan topshiriqlar bilan emas, balki yoshlarning o‘z g‘oyalari, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiradi. Bu jarayonda yoshlarning dolzarb g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun yangi maydon yaratib beriladi.
Yoshlar ittifoqi jonkuyar, har sohada ilg‘or, Vatan xizmatiga shay bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlarni amalga oshiradi?
O‘tkir ShUKUROV:
– Vatanga fidoyi bo‘lgan yoshlar tabiiyki, oliy o‘quv yurtlarida a’lo baholarga tahsil oladi. OTMlarning bakalavriat va magistratura bosqichi talabalariga o‘zlashtirish ko‘rsatgichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan holatda ta’lim bo‘yicha to‘lov kontrakti miqdorining 35 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Quvonarlisi, farmonda bu kabi rag‘batga ega bo‘ladigan yoshlar soni chegaralanmagan.
Prezidentimiz “Kamolot” YOIHning IV qurultoyida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining obro‘si va ta’sirini oshirish uchun mamlakatimizda yoshlar manfaatini ta’minlashga qaratilgan ishlarda uning ishtirokini har tomonlama kengaytirish zarur. Yoshlar, yosh oilalar uchun shaxsiy uy-joyga ega bo‘lish naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini hisobga olgan holda biz bu yo‘nalishda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz kerak. Barcha tuman va shaharlarda, jumladan, chekka hududlarda “Yoshlar uylari”ni qurish bo‘yicha to‘rt yillik aniq reja ishlab chiqish va 2018 yildan uni bajarishni boshlash lozim”, deya ta’kidlagan. Xo‘sh, bunday uylar kimlarga beriladi?
O‘tkir ShUKUROV:
– “Yoshlar uylari” 30 yoshdan oshmagan yosh oilalarga beriladi. Biz talabdan kelib chiqib, arzon narxdagi 1 yoki 2 qavatli uylar qurish va ularni imtiyozli ravishda yoshlarga berish masalasini ko‘zda tutganmiz. Uy-joy berish shartlari sobiq “Kamolot” YOIHning talablari singari bo‘lib, ular o‘zgarmagan. Ammo mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol bo‘lgan yigit-qizlarga 2018–2021 yillargacha alohida dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, unga muvofiq faol, tashabbuskor hamda intiluvchan yoshlarga uylar qurib berish rejalashtirilgan.
Hozir yurtimizdagi kasb-hunar kollejlarining barcha bitiruvchilari to‘rt tomonlama shartnomalar imzolagan bo‘lsa-da, ularning aksariyati ishsiz qolmoqda. Ushbu masala ham yuqorida qayd etilgan qog‘ozdagi jimjimador raqamlarga borib taqaladi. Xo‘sh, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi ittifoq tomonidan qanday hal etiladi?
Kamoliddin BEKNAZAROV:
– Tan olish kerak, hozirda ishsizlik global muammolardan biri sanaladi. Bu masala yuzasidan Yoshlar ittifoqi tarkibida alohida yo‘nalish ish olib bormoqda. Bunda yoshlarimiz ittifoqning tuman yoki viloyat bo‘limlari yoki hayotimizga bevosita kirib kelgan raqamli texnologiyalar orqali markaziy kengashga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.
Baxtiyor MAMADALIYEV,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “tadbirkorlikni rivojlantirish” bo‘limi bosh mutaxassisi
– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bandlik masalasini hal qilishga qaratilgan 58 banddan iborat bo‘lgan katta loyihani amalga oshirish arafasida turibdi.
Haqli savol tug‘iladi, bugun yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik qayerdan kelib chiqyapti? Javob oddiy, bu muammo ko‘zbo‘yamachilik orqali tuzilayotgan to‘rt tomonlama shartnomalar natijasida yuzaga kelmoqda. Ya’ni, yoshlarimiz o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish topa olmayapti. Endilikda biz birinchi navbatda bunday shartnomalar ustidan qat’iy nazoratni olib boramiz.
Farmonda yana bir muhim masala bu – yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha yosh tadbirkorlarga imtiyoz berishdir. Ya’ni, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida 2027 yilga qadar barcha turdagi soliqlardan ozod etilgan sho‘ba korxonalari tashkil etilib, ularga soliq bo‘yicha juda katta imtiyozlar taqdim etiladi.
Shuningdek, yurtimiz shaharlari markazidagi barcha sharoitlarga ega davlat ob’yektlarini “nol” qiymatda O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lgan yosh tadbirkorlarga ijara haqisiz berish, shu bilan birga mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy hududlarda agar u O‘zbekiston yoshlar ittifoqi a’zosi bo‘lsa, hech qanday ijara haqisiz o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratish belgilab qo‘yildi.
Tan olib aytish kerak, hozir yurtimizda tadbirkorlarning “oyog‘iga bolta uradigan” to‘siqlar mavjud. Agar u yosh ishbilarmon bo‘lsa, masala yanada qiyinlashadi. Aksariyat qobiliyatli yoshlarning tadbirkorlik sohasi bilan shug‘ullanishiga aynan qaysi muammolar to‘siq bo‘lmoqda? Bu borada Yoshlar ittifoqi qanday rejalarni amalga tatbiq eta oladi?
Baxtiyor MAMADALIYEV:
– Yoshlarimizni ommaviy tarzda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmasligiga asosiy sabab ularda kafolat muammosi bor. Hozirda ittifoq yoshlarning kredit foiz to‘lovlarini to‘lab berish borasida bosh qotirmoqda. Ertamiz egalarini ittifoq atrofida birlashtirib, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinayotgan mehnat yarmarkalari va to‘rt tomonlama shartnomalar ustidan qattiq nazoratni yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, bu muammoni hal qilib bo‘lmaydi.
Xurshida HUSENOVA yozib oldi