Mutolaa uchun zararli odat: ulardan qanday qutulish mumkin?

Mutolaa vaqtida aksariyat odamlar o‘qish jarayonini sekinlashtiradigan uchta zararli harakatni amalga oshiradi. Bu odatlarni yo‘qotish orqali sinchkovlikni orttirish, o‘qilayotgan narsani yaxshiroq tushunish va mutoladagi tezlik darajasini oshirish mumkin.

Fikr chalg‘ishi

Biror sahifa yoki bo‘limni tugatgandan so‘ng hech narsani eslay olmagan paytlaringiz bo‘lganmi? Buning sababi mutolaa paytida fikringiz boshqa tomonlarga chalg‘ib ketadi. Ko‘z sahifa bo‘ylab harakatlanaveradi, lekin miya boshqa narsalar bilan band bo‘ladi. Kitobning o‘qilgan qismini qaytadan o‘qib chiqishingizga to‘g‘ri keladi.

Ba’zi holatlarda bu odat foyda berishi ham mumkin. Agar biror matn­ni o‘qiyotib miyangizda unga aloqador mavzularni topib, o‘ylasangiz – bu yaxshi. Lekin fikringiz umuman bosh­qa joylarda chalg‘ib yuradigan bo‘lsa, buning sira foydali jihati yo‘q.

Chora: tez o‘qishga harakat qiling. Fikr asosan zerikish tufayli chalg‘iydi. Agar miyaga tezlikni oshirish vazifasini yuklasangiz, uning sinchkovlik xususiyati kuchayadi. Bu esa anglash darajasini keskin oshiradi.

Ortga qaytish

Har qanday materialni o‘qish davomida ko‘pchilik ortga qaytib, o‘rganilgan narsani yana bir bor o‘qib chiqishga odatlangan. Buni mutolaa qilayotgan kishining ko‘zlariga qarab turib ham ko‘rish mumkin. Tabiiyki, ushbu odat mutolaa jarayonini sustlashtiradi, lekin ba’zan foyda berishi mumkin. Masalan, ma’lumotni eslash uchun o‘qib bo‘lingan qismga ko‘z tashlasangiz, kerakli ma’lumotni yaxshiroq o‘zlashtirasiz. Lekin, odatda o‘rganilgan ma’lumotni eslay olmaslik diqqat-e’tiborning bo‘linishi natijasida yuz beradi. Qayta o‘qish tufayli ikki barobar ko‘p vaqt sarflaysiz.

Chora: orqaga qaytishga sabab bo‘luvchi har qanday xatti-harakatdan tiyiling.

Xayolan gapirish

Bu ongdagi har bir so‘zni aytish jarayoni. Bunday usulda o‘qish og‘zaki nutq tezligini oshirmaydi. Bu usul dialog va she’riyat janrida ko‘proq ish beradi. Boshqa holatlarda u mutolaa jarayonini sekinlashtiradi, bundan tashqari ortiqcha kuch talab qiladi.

Chora. Qo‘lingiz va ko‘zlaringizni faolroq harakatlantiring, miya eshitish markazlaridan ko‘ra ko‘rish markazlarini ko‘proq ishlatishni o‘rganing.

Rojer Saypning “Miyani rivojlantirish” kitobi asosida Mirjalol MADVALIYEV tayyorladi.

Yana o‘qing:  Ranglar uyg‘unligi libosni yanada ko‘rkam qiladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: