Meni o‘zgartira olasizmi?
Bolalik xotiralari unutilmaydi. O‘sha beg‘ubor damlardagi yaxshi kunlarni eslaganda dilingda ajib his tuyasan, yomon kunlar esa og‘ir yuk kabi tanangga og‘riq beradi. Kezi kelganda bu kabi azoblar insonning fe’l-atvoriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Haftaning chorshanba kuni edi. To‘qqizinchi sinf o‘quvchilaridan biri xonamga kirib:
– Assalomu alaykum, siz odamni o‘zgartira olasizmi? – deya bexosdan meni savolga tutdi.
– Va alaykum assalom, agar chin dildan xohlasang, ha, albatta. Xo‘sh, aytchi, isming nima? — so‘radim undan.
– Ismim Akrom, meni yoningizga kirishga majbur qilishdi, – dedi u.
– Kim majbur qildi, – ajablanib so‘radim.
– O‘rtoqlarim, ularning aytishicha, oxirgi vaqtlarda o‘zgarib qolgan emishman, shuning uchun.
– Xo‘sh, o‘zing nima deb o‘ylaysan, chindan o‘zgarganmisan?
– Menimcha, hammasi joyida. Nazarimda ularga shunday tuyulgan.
– Yaxshi, unda mana bu qog‘ozga yer yuzida yashamaydigan biror bir hayvonning rasmini chizib ber. Keyin ko‘ramiz, deya uning oldiga oq qog‘oz bilan qalam qo‘ydim.
U nimadir demoqchi bo‘lib yuzimga tikilib turdi-da, so‘ng indamay rasm chizishga kirishdi. Oradan besh daqiqa o‘tgach, oldidagi qog‘ozni menga uzatdi. U chizgan rasmni diqqat bilan kuzatar ekanman bola qalbini qahr, g‘azab, nafrat va qo‘rquv egallaganini angladim.
– Ichingda shuncha nafrat va g‘azab bor ekan-ku, demak o‘rtoqlaringni so‘zi to‘g‘riga o‘xshaydi. So‘ngra bu gaplarim unda qanday reaksiya berishini kuzata boshladim. U javobimdan menga «yalt» etib qaradi, biroq, unda men kutgan hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmadi. Chunki Akrom xotirjam o‘tirardi.
– Bilmadim – qisqa javob berdi u.
– Agar istasang sendagi ruhiy holatni boshqa usul bilan aniqlashga harakat qilamiz. Tasavvur qil, yo‘lda ketayapsan. Bu yo‘l qanday ekanligini ko‘z oldingga keltir va uni bilganingcha menga tasvirlab ber.
Shu tariqa bolaga bir nechta psixologik savollar bilan yuzlandim. Akromga qiziqarli test savollari ma’qul keldi shekilli, ularni jon qulog‘i bilan tinglab, to‘liq javob berishga intilardi. Gaplaridan uning hayotda ko‘p qiyinchilik ko‘rgani va shu tufayli yuragining tub-tubida qo‘rquv va nafrat yashirinib yotgani ma’lum bo‘ldi. Unga bu haqida aytganimdan so‘ng o‘zi haqida qisqacha so‘zlab berdi:
– Dadam to‘g‘ri ish qilsam ham noto‘g‘ri ish qilsam ham har kuni meni kaltaklardi. Qo‘lini musht qilib boshimga tinmay urardi. 4-sinfni bitirganimdan keyin buvamnikida yashay boshladim. U yerda esa meni tog‘am tinmay turli bahonalar bilan urardi.
Shu topda bolaning ko‘ziga yosh to‘ldi. U mendan ko‘z yoshlarini yashirishga urindi.
– Oying yoki buvangga bu haqida aytarmiding?
– Yo‘q, “agar aytsang, o‘zingdan ko‘r” deb qo‘rqitishardi. Shuning uchun hech qachon bunga jur’at qilolmasdim.
– Agar aytganingda balki ular senga yordam bergan bo‘larmidi, – dedim.
– Yo‘q, ular baribir yordam bera olmasdi. Bilasizmi, 7-sinfda o‘qiyotganimda o‘zimni o‘ldirmoqchi ham bo‘ldim. Arqonni tayyorlayotib, onamning dod-faryod qilayotganini ko‘z oldimga keltirib, chidolmadim. Ularni o‘ylab bu ishni qilmadim.
– Barakalla, onangni o‘ylab yaxshi qilibsan, – dedim.
Shunda u birdan jiddiylashib:
– Hali tog‘am bilan dadamga kim ekanimni ko‘rsatib qo‘yaman, – dedi nafratdan ko‘zlari yonib.
– Axir u otang-ku, ba’zi otalar shunaqa qattiqqo‘l bo‘lishadi, – dedim uni fikridan qaytarishga urinib.
– U menga o‘gay.
– O‘zingni otangchi, u kishiga nima bo‘lgan? – xijolatomuz so‘radim undan.
– Ajrashgan.
– Otang sendan xabar olib turadimi?
– Ba’zida.
– Xohlasang onang bilan gaplashib ko‘raman.
– Yo‘q, men uydan ketmoqchiman, mustaqil yashamoqchiman.
– Qanday qilib?
– Katta bo‘lib qoldim, o‘zimni bemalol boqa olaman.
Uning gaplarini tinglab, shashtidan qaytarmoqchi bo‘ldim. Lekin bugungi suhbatimiz unga yetarli saboq bo‘lganini anglab, indamadim. Uni tez-tez oldimga kelib turishga ko‘ndirdim.
– Yaxshi, faqat so‘z ber, biror bir ish qilishdan avval men bilan albatta maslahatlashasan, xo‘pmi? Senga qo‘limdan kelgancha yordam beraman, dedim.
U barchasiga rozi bo‘ldi.
Biz Akrom bilan yana ko‘p marotaba uchrashdik, mashg‘ulotlar olib bordik. Bora-bora uning ruhiy holati yaxshilana boshladi. Mahalla, maktab aralashuvi bilan oilasidagi janjallar ham barham topdi. Hozirda u o‘z sevgan kasbi bo‘yicha kasb-hunar kollejida tahsil olmoqda.
Psixolog Matluba TAGAYEVAning suhbatini Mayna HASANOVA yozib oldi