Temur – jahon chempionati sovrindori
Gretsiyaning Porto Karras shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida yakunlangan jahon chempionatida FIDE ustasi Temur Igonin bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarimiz iste’dodini ro‘yobga chiqarish, bilim va salohiyatini rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng sharoitlar samarasi maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tgan jahon chempionati natijalarida ham namoyon bo‘ldi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE shafeligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan olti yuzga yaqin o‘g‘il-qiz o‘z yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Qariyb sakson nafar shaxmatchi ishtirok etgan 13 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Temur mag‘lubiyatsiz dona surdi. Poytaxtimizdagi 27-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Temur chempionat davomida gretsiyalik Stavropulos Konstantinos, turkiyalik Rad Jannesar, Faruk Umar O‘zer, Bahodir O‘zen va rossiyalik Dinar Abelguzinni mag‘lubiyatga uchratdi. Yana to‘rt partiyada durang o‘ynab, yetti ochko jamg‘argan holda jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egalladi.
2000 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan Temur olti yoshidan shaxmat bilan muntazam shug‘ullanadi. Mamlakatimiz miqyosidagi musobaqalarda o‘z iste’dodini ko‘rsatib kelayotgan yosh shaxmatchi xalqaro maydondagi dastlabki sovrinini 2010 yili Xitoydagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan – 10 yoshgacha shaxmatchilar bahsida bronza medal bilan taqdirlangan. Qit’a chempionatidagi muvaffaqiyati tufayli FIDE ustasi unvoniga sazovor bo‘lgan.
2012 yili O‘zbekiston birinchiligida sovrindor bo‘lgan Temur Shri-Lanka mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida o‘z tengqurlari o‘rtasida klassik shaxmat bo‘yicha uchinchi, tezkor shaxmatda ikkinchi o‘rinni egallagan.
Zohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA sharhlovchisi