NAJOTKORLAR
“Tez tibbiy yordam”ga ishi tushmagan kishi bo‘lmasa kerak. Ba’zan o‘zimizning yoki yaqinlarmizning tobi qochsa, uydagi “dori quti”da bor dori-darmondan foydalanishga harakat qilamiz. Ammo bu dori vositalari yordam bermasa yoki bemorning ahvoli o‘nglanmasa beixtiyor “03” raqamiga qo‘ng‘iroq qilamiz. Ko‘zimiz to‘rt bo‘lib “Tez tibbiy yordam” mashinasini kutamiz. Lekin kutganingda aksiga olib, vaqt o‘tishi qiyin bo‘ladi. Daqiqalar soatlarga cho‘zilgandek tuyuladi. Ana shunday damlarda oppoq xalatda najotkor farishtalar misol ko‘nglimizni nurga to‘ldirib, shifokorlar tashrif buyurishadi. Bu tashrifdan so‘ng notinch yuraklar halovat topadi. Chunki, jismu jonimiz ham yaqinlarimizning sog‘lig‘i ham endi ishonchli qo‘llarda ekanligiga amin bo‘lamiz.
Biroq, “Tez tibbiy yordam” xizmati tarixi xususida hamma ham tushunchaga ega bo‘lmasa kerak. Bu xizmat turi ilk bora Moskva shahrida 1898 yilda politsiya uchastkasi hududida tashkil etilgan edi. Ufa shahrida esa 1923 yil 1 yanvardan “Tez tibbiy yordam” stansiyasi ochildi. Uning tarkibida ikkita otliq ekipaj bo‘lib, tunu kun shifokorlar va feldsherlar navbatchilikda turishgan.
O‘tgan yuz yildan ortiq vaqt davomida “Tez tibbiy yordam” tizimi xizmatining ish faoliyati o‘z mohiyati jihatidan o‘zgarmadi. Ammo bu tizim takomillashib, zamonaviy tibbiy asbob- uskunalar bilan ta’minlandi.
Ilgari har bir chaqiriq jurnalga belgilangan bo‘lsa, hozirda kompyuterga kiritilmoqda.
Mana 11 yildan buyon 10 sentyabr xalqaro “Tez tibbiy yordam kuni” sifatida nishonlanmoqda.Sir emaski, turli xil favqulodda vaziyatlar (zilzila, to‘fon, sel kelishi) avto va aviahalokatlarda inson hayoti qil ustida turadi. Agar jarohatlangan odam yoki bemorga atrofidagilar birinchi tez yordam ko‘rsatishni bilmasa bu holat fojea bilan tugaydi. Har qanday holatda ham og‘ir ahvoldagi bemorlar hayotini saqlab qolish uchun malakali va tajribali mutaxassis-shifokor yordami zarur. Ana shunda jonimizga “Tez tibbiy yordam” xizmati oro kiradi. O‘zbekistonda mustaqillikdan so‘ng barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida sog‘liqni saqlash tizimining milliy modeli yaratildi va uning yuksak samarasi dunyo hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘ldi. 1998 yilda davlatimiz rahbarining farmoniga binoan qabul qilingan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturida sifatli tibbiy xizmatlardan umumiy foydalanishni ta’minlashga asoslangan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish strategiyasi belgilab berildi. Shoshilinch tibbiy yordam xizmati mazkur tizimning muhim tarkibiy qismlaridandir.
Mamlakatimizning barcha tumanlari, eng chekka hududlarida ham aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul va yuqori malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ushbu xizmatning muhim vazifasi hisoblanadi. O‘tgan yilning noyabr oyida Toshkentda sog‘liqni saqlashni isloh qilish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro simpoziumda dunyoning ko‘plab davlatlaridan ishtirok etgan yetakchi shifokor-olimlar, amaliyotchi shifokorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari mamlakatimizda tashkil etilgan shoshilinch tibbiy yordam xizmatining o‘ziga xosligini e’tirof etdilar. Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari, “03” tez tibbiy yordam xizmati hamda sanitariya aviatsiyasi ushbu xizmat tarkibiga kiradi.
Mazkur xizmatga qarashli barcha bo‘linmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ularni zamonaviy texnologiya va uskunalar, zarur dori-darmonlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2009 yil 21 mayda qabul qilingan «Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shoshilinch tibbiy yordam xizmatining avtomobil parki yangilandi. To‘rt yuzdan ortiq maxsus avtomashina ushbu tizim ixtiyoriga berildi. Sohada kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda xizmatning 2 ming nafardan ziyod mutaxassisi mamlakatimiz va xorijdagi yetakchi markazlarda malaka oshirdi. Kasallikni erta aniqlash va davolash bo‘yicha yangi istiqbolli usullarni muntazam o‘zlashtirish va amaliyotga joriy qilish, bu boradagi ilg‘or xalqaro standartlardan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Shoshilinch tibbiy yordam xizmati xodimlarini rag‘batlantirish maqsadida har yili respublika tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Tanlov “Eng namunali tez tibbiy yordam stansiyasi”, “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng malakali shifokori” va “Tez tibbiy yordam stansiyasining eng malakali haydovchisi” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Gulchehra ShIRINOVA