Maqsad – sport muxlislarini xushnud etish
Prezidentimiz Islom Karimovning doimiy e’tibori hamda qo‘llab-quvvatlashi tufayli mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport jadal rivojlanmoqda. Sohaga oid huquqiy asoslar mustahkamlanib, yurtimizning barcha hududida zamonaviy sport inshootlari bunyod etilayotgani samarasida aholi, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida sport bilan shug‘ullanishga qiziqish, shu orqali sog‘lom hayot tarziga intilish kuchayib borayotir.
Joriy yilda Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tadigan «Universiada – 2013» sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun Xorazm viloyati talabalar jamoalari ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Al-Xorazmiy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Ro‘zimboy ESHChONOV universitet talabalarining musobaqalarga ko‘rayotgan tayyorgarligi haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiriga gapirib berdi.
– Universitetimizda «Universiada – 2013» sport musobaqalari dasturiga kiritilgan har bir sport turi bo‘yicha maxsus reja ishlab chiqilib, mashg‘ulotlar izchil olib borilgani o‘z samarasini berayotir, – deydi R.Eshchonov. – Jumladan, talaba-yoshlarning nufuzli sport musobaqasiga munosib sportchilarni saralash maqsadida ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, kasaba uyushmasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti hamkorligida fakul’tetlararo va universitet birinchiligi musobaqalari tashkil etildi. Ushbu bahslarda saralab olingan sportchilar bilan muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan yili viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Universiada – 2013» sport musobaqalarining ikkinchi bosqichida universitetimiz jamoasi eng yuqori o‘rinni egalladi.
Joriy yilning aprel oyida Nukus va Urganch shaharlarida bo‘lib o‘tgan jamoaviy o‘yinlar bo‘yicha mintaqaviy saralash bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati talabalar jamoalari sportning futbol, voleybol, basketbol va qo‘l to‘pi turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Unda futbol, voleybol, qo‘l to‘pi bo‘yicha viloyatimiz o‘g‘il bolalar jamoalari, shuningdek, qo‘l to‘pi bo‘yicha qizlar jamoasi bahslarda g‘olib chiqib, musobaqaning final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Bugungi kunda sportchi talabalarimiz nafaqat viloyat, balki respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Masalan, dz-yudo bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi Diyorbek O‘rozboyev bir necha bor mamlakat va jahon chempionatlarida g‘alaba qozongan. U yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo birinchiligida kumush va jahon birinchiligida bronza, Toshkent shahrida kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon kubogi bahsida oltin medal sohibi bo‘lgan. Yana bir dz-yudochimiz Shahzod Sobirov Germaniyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda ikkinchi o‘rinni egallagan. Bundan tashqari Robiyajon Qurbonova, Gulyor Otajonova, Zamira Ahmedova singari sportchi qizlarimiz kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustalaridir.
Ana shunday iste’dodli sportchilardan iborat jamoalarimiz «Universiada — 2013» musobaqalarida munosib ishtirok etib, yuksak natijalarga erishish uchun mashg‘ulotlarda astoydil shug‘ullanmoqda. Qatnashchilarning dam olib, o‘z salomatligini yanada yaxshilashi uchun universitetimiz qoshidagi sihatgoh ular ixtiyoriga berilgan. Sportchilarimizning sog‘lig‘i tajribali shifokorlar tomonidan doimiy nazorat qilib borilayotir. Shu bilan birga talabalarning tinimsiz izlanib, mahoratlarini oshirishi uchun sport zallarimiz kerakli anjom va jihozlar bilan ta’minlangan.
Ayni kunlarda «Universiada – 2013» musobaqalariga tayyorgarlik puxta reja asosida olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar Urganch shahridagi zamonaviy sport inshootlarida o‘tkazilmoqda. Ishonamanki, sportchilarimiz mazkur nufuzli musobaqada munosib ishtirok etib, viloyatimiz sport muxlislarini xushnud etadi.
A.ShOKIROV
O‘zA muxbiri yozib oldi