Dorini qimmat sotgan dorixonalar 3 yilgacha litsenziya ololmaydi
O‘zbekiston prezidentining «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi bir qator masalalarga echim ko‘rsatilgan.
Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qonun hujjatlari buzilishi, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qo‘pol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va unga aloqador xodimlarning barcha uchun ochiq bo‘lgan yagona reestrini shakllantirish belgilangan, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Muhabbat Ibragimova qonunni buzgan dorixonalar qanday jazolanishi haqida aytib o‘tdi.
«Yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilsa, ularning litsenziyasi bekor qilinadi va 3 yil davomida mazkur dorixona mudiri nomiga litsenziya rasmiylashtirilmaydi. Narxni belgilash tartibini buzish deganda dori vositalarini qat’iy belgilangan narxlardan yuqori narxda sotish va belgilanganidan ortiq savdo ustamalarini (15/20 foiz) qo‘yish tushuniladi. — Shuningdek, endilikda tartib-qoidani qo‘pol ravishda buzgan farmatsevt xodimlar ham yagona reestrga kiritiladi va ular ham 3 yil davomida dorixonalarda farmatsevt xodim sifatida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etiladi», — dedi Ibragimova.
Ushbu reestr barcha uchun ochiq bo‘lgani bois, dorixona mudirlari ishga qabul qilishdan oldin bo‘lajak xodim mazkur ro‘yxatda bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rishlari tavsiya qilinadi.
Ushbu reestrni shakllantirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir oy muddatda amalga oshirilishi belgilangan.