Bolalarda kechuvchi tutqanoq xuruji va epilepsiya: uning sabab va oqibatlari xususida
Bolalarda ro‘y beruvchi epilepsiyani (4-6 oylikdan to 2-3 yoshgacha bo‘lgan davrdagi dard) tutqanoq xurujidan ajratib olish bolalar nevropatologi va pediatrning muhim vazifalaridan biridir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’umotlariga ko‘ra tutqanoq kasalligi yer sharining turli yoshda bo‘lgan 0,5 foiz aholisida uchraydi. Unga xos belgilar qatoriga xuruj holida kuzatiluvchi hushdan ketish va tana mushaklarining ayrim guruhlarida titrash ro‘y berishi xosdir. Ba’zi hollarda tutqanoq bemor tanasining hamma mushaklarida yoki diffuz (tarqoq) holda ro‘y berishi mumkin. Bu kasallikning kelib chiqishi ba’zan irsiyat bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Ilgari bu guruhga kiruvchi tutqanoq kasalligini geniun epilepsiya deb atashgan.
Tutqanoq kasali bilan xastalangan bemorlarning anamnezida (hayot va kasallik tarixida) bu dard bemor oilasining bir necha a’zolarida va ajdodlarida borligi to‘g‘risida ma’lumotlar qayd etiladi. Ular maxsus dispanserlar hisobida turadi. Bu kabi insonlarning ishga yaroqsizligi hamda nogironlikka chiqqanligi va erkaklar esa harbiy xizmatdan ozod qilinganini kuzatish mumkin.
Yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra tutqanoq xuruji ro‘y bergan bolalarning ota-onalarida bu dardning bor yoki yo‘qligini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Tutqanoq kasalligining kechishiga quyidagi bosqichlar xosdir:
A) Kasallik xurujining boshlang‘ich belgilari – aura 60-70 foiz bemorlarda kuzatiladi;
B) tutqanoq xurujining avji;
V) xurujdan chiqish bosqichi.
Tutqanoq xurujining asoratli belgilar bilan kechuvchi bosqichi – bemorning chuqur uyquda bo‘lishi va amneziya (karaxtlik) hisoblanadi. Bolalarda kuzatiladigan tutqanoq xurujining epilepsiya kasalligidan farqi shundaki, u 4-6 oylik, 2-3 yoshdan to maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarda uchraydi va uning kelib chiqish sabablari turlicha bo‘ladi.
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarda uchraydigan tutqanoq xurujining kelib chiqishi asosida quyidagi fiziologik holatlar yotadi:
– bolalar bosh miya po‘stlog‘ining funksional jihatdan to‘liq rivojlanmaganligi;
– miya po‘stlog‘ining yuqori darajada qo‘zg‘aluvchanligi va tormozlanish jarayonlarining sustligi;
– ularning markaziy asab tizimida kompensator va moslanish jarayonlarining to‘liq rivojlanmaganligi;
– gemato-ensefalitik baryerning himoya qilish faoliyatining sustligi.
Yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra bolalarning asab tizimi kattalarnikiga nisbatan tashqi muhitning har xil zararli ta’sirotlariga boshqacha, ya’ni tutqanoq xuruji shaklida javob beradi.
Ularda kuzatiladigan tutqanoq xurujining etiologiyasi (sababi) juda ko‘p va har turlidir. Ulardan eng muhimlari qatoriga quyidagilar kiradi:
- O‘pka, yurak, nafas yo‘llarining tug‘ma patologiyasi (nuqsoni) yoki kasallikning natijasida ro‘y beruvchi asfiksiya (bo‘g‘ilish). Bunday holatda ro‘y beruvchi tutqanoq xuruji o‘pka va yurak faoliyatining buzilishi bilan birga kechib, bemor terisining oqarib, ko‘karib ketishi bilan kuzatiladi. Asfiksiyaning uzoq davom etishi miya ustunida qaytarilmas patomorfologik o‘zgarishlar keltirib chiqarishi natijasida o‘limga olib kelishi ham mumkin.
- Infeksion omillar va zaharlanish natijasida ro‘y beradigan tutqanoq xurujlari asosan bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Shuningdek, u asosiy kasallik bilan bir vaqtda kuzatiladi va tutqanoq tonik holda o‘tadi. Masalan: gripp, pnevmoniya (zotiljam), qizamiq, epidemik parotit (“tepki”), zaharli dispepsiya (ich ketishi) kasallikning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu xastaliklar davolangandan so‘ng tutqanoq xuruji to‘xtaydi. Uning asosiy kasallik yo‘qolishidan keyin ham davom etishi markaziy asab tizimida patomorfologik o‘zgarishlar ro‘y berganligidan dalolat beradi.
- O‘tkir neyro-infeksion kasalliklar natijasida kelib chiqadigan tutqanoq xuruji emadigan va 1-2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatilib, xuruj bola tana haroratining balandligi asosiy kasallikning belgilari (meningit, ensefalit va boshqalar) bilan bir vaqtda paydo bo‘ladi. Aksariyat hollarda klonik, kamdan-kam klonik va tonik holda o‘tadi.
- Bosh miyaning organik zararlanishi natijasida kuzatiladigan tutqanoq xurujlarining sabablariga bosh miya rivojlanishining tug‘ma anomaliyasi (yangi tug‘ilgan bolalarda uchraydi), tug‘ilish paytida bosh miya va uning qutisining zararlanishi (onaning tos-chanoq suyaklarining torligi sababli homilaning miyasi shikastlansa, tug‘ish jarayonining patologik kechishi(jadal tug‘ruq, uning cho‘zilib ketishi, homilani o‘rab turuvchi ichi suvli qog‘onoq pardasining yorilishi oqibatida go‘dakning suvsizlanib qolishi va uning quruq tug‘ilishi, tug‘ilish paytida qo‘l bilan yoki akusher qisqichi bilan onaga yordam berish va boshqalar) kuzatiladi.
Bosh miya o‘smasi, uning sili (tuberkuloma), parazitar kasalliklari, abssessi (yiringlashi) natijasida ham tutqanoq xuruji ro‘y beradi. Kasallikning boshlang‘ich davrida bu jarayon mahalliy (lokal), keyinchalik diffuz tasnifga ega bo‘lishi mumkin.
Davomi: Bolalarda kechuvchi tutqanoq xuruji va epilepsiya: uning sabab va oqibatlari xususida (davomi)
Latofat ZIYAXODJAYEVA,
ToshPTI Nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va tibbiy genetika kafedrasi dotsenti,
Farangiz DONIYOROVA,
Dilfuza NOSIROVA,
assistentlar