Sog‘lig‘im yaxshilanguncha yengilroq ishga o‘tishim mumkinmi?
Shu yilning boshida to‘satdan og‘ir kasallikka chalindim. To‘la davolanib chiqqan bo‘lsam-da, sog‘lig‘im oldingidek emas. Davolovchi vrachning ko‘rsatmasi bo‘yicha kamida bir yil o‘zimni ehtiyot qilishim kerak ekan. Shuning uchun rahbariyatdan sog‘lig‘im yaxshilanguncha meni yengilroq ishga o‘tkazishlarini so‘rasam bo‘ladimi?
Yulduz UMIROVA,
Toshkent shahri
Sog‘lig‘ingiz to‘g‘risidagi tibbiy xulosa sizni vaqtincha yoki doimiy yengilroq ishga o‘tkazishga asos bo‘loladi. Lekin bunda avvalgi ishingizdan farqli ravishda ish haqi biroz kamroq bo‘lishi mumkin. Ana shunday ishga o‘tkazilgan kundan boshlab ikki hafta mobaynida sizning avvalgi o‘rtacha oylik ish haqingiz saqlanadi.
“Mehnat” kodeksining 218-moddasida belgilangan tartibga muvofiq sil kasalligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi sababli kamroq haq to‘lanadigan boshqa ishga vaqtincha o‘tkazilgan xodimlarga shu ishga o‘tgan vaqt uchun, lekin ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddat davomida kasallik varaqasi bo‘yicha yangi ishda beriladigan ish haqiga qo‘shilganda xodimning avvalgi ishidagi to‘liq ish haqidan oshib ketmaydigan miqdorda nafaqa to‘lanadi. Agar kasallik varaqasida ko‘rsatilgan muddatda ish beruvchi boshqa ish topib berolmagan bo‘lsa, buning oqibatida bekor o‘tgan kunlar uchun nafaqa umumiy asoslarda to‘lanadi.
Savolga Toshkent shahar 7-sonli davlat notarial idorasi notariusi
Iroda MUSTAFOYEVA javob berdi.