Qabul jarayonidagi yangiliklar: ular nimalardan iborat?
Bu yil yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining qabul jarayoniga ko‘plab o‘zgarish va yangiliklar joriy etildi. Bu o‘z navbatida abituriyentlar va ularning ota-onalarida turli savollarning tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu maqolamiz orqali ularni qiynayotgan savollarga javob berishga harakat qildik.
Savollarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qabul jarayonida fuqarolar murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha mas’ul xodimi Abdulaziz Saydullayev javob berdi.
Maqsadli qabul nima?
Prezidentimizning 2017 5 mayda imzolagan qarori iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, respublikamizning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlari uchun mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojni qondirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash kabi vazifalar keltirilgan. Unga ko‘ra belgilangan viloyatlarga davlat granti bo‘yicha ajratilgan kvotalarni nazarda tutadi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan kelib chiqib, viloyatlardan kelgan abituriyentlarni davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish ko‘rsatkichlarini belgilaydi. Mazkur tanlovda ishtirok etib, o‘qishga tavsiya etilganlarga belgilangan viloyatda va joyda ishlab berish sharti qo‘yiladi.
Muhim jihati shundaki, Nizomning 10-bandiga asosan, maqsadli qabulda qatnashmoqchi bo‘lgan abituriyentlar tegishli hududda yashayotgan bo‘lishi lozim. Agar doimiy ro‘yxatda o‘sha hududda bo‘lsa-yu, lekin maqsadli qabulga tushmaydigan hududda yashayotgan bo‘lsa, unda o‘sha abituriyent bu qabulda qatnasha olmaydi.
Shu bilan bir qatorda tegishli hududlarga ajratilgan maqsadli qabul kvotalariga faqat o‘sha joyning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar hujjat topshira oladi. Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot kollejlari va akademik litseylarni tugatgan abituriyentlarning doimiy yashash manzili viloyatlarda bo‘lsa ham davlat granti asosida qabul qilinmaydi. Ular uchun faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoni mavjud.
Nizomning 3-bandiga asosan maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan test ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.
Qo‘shimcha kontrakt narxlari qay tartibda belgilandi?
2017 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorda bakalavriat va magistratura bosqichiga talabalarni qabul qilishning yangi tartiblari belgilangan.
Shuningdek, qarorda abituriyentlarni to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinishining tartibiga oydinlik kiritildi va unga ko‘ra ko‘pchilik abituriyentlar o‘zlarini qiziqtirib kelayotgan savollarga javob olishdi.
Qo‘shimcha qabulni amalga oshirish takliflari oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda 15 oktyabrga qadar Davlat komissiyasiga kiritiladi;
Davlat komissiyasi oliy ta’lim muassasalarining imkoniyati, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridai kelib chiqib, oshirilgan to‘lov-kontrakt sharti bilan abituriyentlarni qo‘shimcha qabul qilish ko‘rsatkichlari yuzasidan 20 oktyabrga qadar qaror qabul qiladi.
Yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun test natijalari e’lon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak. Ballar ketma-ketligi bo‘yicha ro‘yxatdagi oldingi abituriyent qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni arizasi bilan rad etgan holda yoki test sinovi natijalari e’lon qilingan kunidan boshlab 1 oy muddatda ariza bermaganda ro‘yxatdagi keyingi abituriyent qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.
Qo‘shimcha qabulga abituriyentlar 2 xil kategoriya bo‘yicha qabul qilinadi:
To‘plagan bali qabul chegaralariga 4 balgacha yetmagan abituriyentlar;
68 balldan ko‘p to‘plagan barcha abituriyentlar.
Bular bir-biridan to‘laydigan oshirilgan kontrakt narxining miqdori bilan keskin farqlanadi. Bundan tashqari to‘plagan bali qabul chegarasiga 4 balgacha yetmay qolgan abituriyentlarda kvotaga tushish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.
Narxi oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
1-toifa.
To‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir balgacha yetmagan abituriyentlar uchun – 1,5 barobar;
1.1 baldan 2 balgacha yetmaganlar uchun – 2,0 barobar;
2.1 baldan 3 balgacha yetmaganlar uchun – 2,5 barobar;
3.1 baldan 4 balgacha yetmaganlar uchun – 3,0 barobar.
2-toifa.
Kirish sinovlarida to‘plagan natijalari eng yuqori balning 30 foizi (68,0 ball)dan kam bo‘lmagan, asosiy kvotalar doirasida va Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan qo‘shimcha o‘rinlarga (4 ballik hudud) qabul qilinmay qolgan va o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 10 barobardan ortiq oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorida to‘lov to‘lash sharti bilan o‘qishga qabul qilinadi.
Oshirilgan kontrakt bir yilda bir marta to‘lanadi. Qo‘shimcha qabul qilingan talabalar birinchi o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi o‘quv yilidan boshlab amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori asosida o‘qishini davom ettiradilar.
Magistratura bosqichida nima yangiliklar?
2017 yil 1 iyul kuni respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalarida (harbiy OTMlardan tashqari) magistratura yo‘nalishlariga qabul komissiyalari ish boshladi. Hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulga qadar qabul qilinadi. Magistraturada umumiy kvotalar soni o‘tgan yilgiga qaraganda o‘zgarmagan. 2017 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi qarori bilan yangi nizom tasdiqlandi. Nizomga binoan qabul jarayonlariga ayrim o‘zgarishlar kiritildi.
Avvalo, imtihonlarga yangi fan kiritildi. Abituriyentlar endilikda magistraturaga kirish imtihonlarida informatika va axborot texnologiyalari fanidan ham imtihon topshiradilar.
Shunga ko‘ra magistraturaga quyidagi fanlardan yozma (yoki ijodiy) kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) bo‘lib o‘tadi:
- Magistratura mutaxassisligiga muvofiq keluvchi ta’lim yo‘nalishining maxsus fanlari (2 tagacha)
- Informatika va axborot texnologiyalari.
- O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti.
- Chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili).
Yangi kiritilgan informatika fanidan sinov 50 ballik tizimda baholanadi. Buning natijasida umumiy ballar miqdorida ham o‘zgarish bo‘ldi. Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p to‘planishi mumkin bo‘lgan ball endilikda 400 ballni tashkil etadi. Ilgari bu ko‘rsatkich 350 ballni tashkil etardi. Shu bilan bir qatorda, chet tili fanidan kirish sinovida qatnashmasdan maksimal ball beriladigan imtiyozli sertifikatlar soni kengaydi. Ilgari faqat TOEFL bo‘yicha kamida 58 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5 ball olganligi to‘g‘risida sertifikati bor abituriyentga avtomatik 50 ball berilar edi. Endilikda bu kabi imtiyozli sertifikatlar ro‘yxatiga CEFR bo‘yicha kamida V2 daraja yoki DTM tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi haqidagi V2 yoki S1 darajasidagi sertifikat taqdim etganlarga ham chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi. Qolgan jihatlarda esa, avvalgi tartib saqlab qolingan.
Xurshida HUSENOVA yozib oldi.