“Navro’z sadolari”ning ohanrabosi

Ulug’lardan biri aytgan ekan: «Yoshlik bu – orzu. Bu – ishonch. Bu – jasoratga intilish. Bu – kelajak uchun tuzilgan ulkan rejalar. Bu – istiqbolning boshlanishi».

Chindan ham yoshlik insonning ulug’ va sof orzularining timsolidir. Uning qalbidan otilib chiqayotgan po’rtanadek iroda, shiddat va harakat dunyoda ulug’ va ezgu ishlarning ibtidosidir.

Vatanimizda kamol topib kelayotgan iste’dodli yoshlar, bog’larida ungan chechaklar kabi turfa va bisyordir. Zero, bu yurt ilm-fan sohasiga mislsiz hissa qo’shgan ko’plab ulug’ allomalar yetishib chiqqan oshiyondir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o’z asarlarida “Kelajakda O’zbekiston yuksak darajada taraqqiy etgan iqtisodi bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviy jihatdan yetuk farzandlari bilan ham jahonni qoyil qilishi lozim“, deya ta’kidlagan.

Yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko’mak berish, ularni ham ma’nan ham jismonan barkamol voyaga yetkazish davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Ta’lim sohasida olib borilayotgan keng islohotlar natijasi o’laroq ilm-fan yo’nalishida bo’ladimi, sport yoki san’at sohasidami yurtimiz yoshlari har jabhada ildam va faoldir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik ba’zasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo’yicha 2009-2014 yillarga mo’ljallangan Davlat dasturi to’g’risida“gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Sog’lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg’armasi ham o’zining munosib hissasini qo’shib kelmoqda.

Bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan “Navro’z sadolari” ko’p ovozli milliy cholg’u ansambllarining festivali fikrimizning yorqin isbotidir.

* * *

“Navro’z sadolari” – yoshlarning birdamlikda, ahillikda yurakdan chalgan sozlarida Vatan madhining jarangi bu!

“Navro’z sadolari” – o’z iqtidori va qobiliyatini namoyish etish fursati bu!

6 may. O’zbekiston Davlat Konser­vatoriyasi.Bino festival ishtirokchilaridan tortib, musiqaning chin ixlosmandlari, turli vazirlik va tashkilotlar vakillari, mehmonlar bilan gavjum.

Festivalda Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 54 dan ortiq jamoalar ishtirok etmoqda.

Konservatoriya foyesida kichik yoshdan tortib kattalargacha qo’lida turli cholg’u asboblarini avaylab tutganicha o’zgacha hayajon va quvonch bilan ochilish marosimini kutishardi. Kimdir o’zining sahna chiqishi oldidan tayyorgarligini ustozi bilan muhokama qilsa, yana kimdir sahnaga chiqish tadorigini ko’rib cholg’u asbobini sozlashga urinardi. Atrofda esa bog’cha yoshidagi jajji qizchalar “Jo’jalar” raqsini qayta mashq qilishmoqda.

Яна ўқинг:  ЎЗБЕКИСТОН ЁШЛАР СИЁСАТИ – МАМЛАКАТНИ ЯНАДА РИВОЖЛАНТИРИШ ЙЎЛИДА

San’at shodiyonasi… 1000 nafardan ziyod ishtirokchilar musiqa dargohining katta zaliga jam bo’lishgan. Hayajonli lahzalar…

Festivalni “Sog’lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg’armasi Boshqaruvi raisi Svetlana Inamova hamda O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o’rinbosari Abdug’ani Xolbekov kirish so’zi bilan ochib berdi.

So’zga chiqqanlar festivalda ishtirok etayotgan yoshlarga tabrik so’zlarini izhor etar ekan, tashkil etilgan bayramona tadbirning yosh ijodkorlarning hayotida muhim bir ahamiyat kasb etishini, festival yillar davomida o’z atrofiga jam qilgan yoshlarning safi kengayayotganligini, shuningdek, yosh iste’dodlarning faoliyatiga bee’tibor bo’lmaydigan homiy-tashkilotlarning soni tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlab o’tildi. Bu galgi festivalning o’ziga xosligi – “Obod turmush yili”ga hamda “Sog’lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg’armasi tashkil etilgan 20 yil to’lishi munosabati bilan o’tkazilayotganligi alohida e’tirof etildi.

Darhaqiqat, 2005 yildan buyon o’tkazilib kelinayotgan ushbu festival – bolalar va yoshlarning musiqiy tarbiyasiga bag’ishlangan Davlat dasturini bajarish, shuningdek, respublikamizning kelajakdagi madaniyatining rivoji uchun milliy cholg’ularimiz ijrochiligidagi yetuk kadrlar tayyorlashga yo’naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. Festivalda musiqa va san’at maktablari, san’at litsey va kollejlari, oliy musiqa dargohlaridagi orkestr va ansambllari bilan birgalikda, professional jamoalar ham o’z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

Galdagi festivalning yana bir yutug’i – Andijon viloyati Paxtaobod tumanining 21-son maktabgacha ta’lim muassasasining bolalar ansamblining ilk ishtirokidir. Demakki, festival jajji musiqa ixlosmandlarini ham o’z bag’riga chorladi.

Xullas, uch kun davom etgan festival ko’tarinki kayfiyatda o’tdi va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu tadbirdagi barcha qatnashuvchilar bir-biridan go’zal asarlarni ijro etishib, zalni musiqa bo’stoniga aylantirishdi. Festival davomida hattoki sahnaga chiqib bo’lgan jamoalar ham keyinroq o’rindiqlardan joy olib boshqa jamoa chiqishlarini maroq bilan tomosha qilishdi va eshitishdi. Bu esa o’z davomida o’zaro tajriba almashinuviga sabab bo’ldi. Hattoki, ayrim jamoalarning belgilangan musiqiy asarlarning ijrosi tugashiga qaramasdan tomoshabinlar ulardan musiqiy ketma-ketlik yana davom etishini olqishlar bilan so’rashardi. Shundan anglash mumkinki bundan festivallarga yoshlarning munosabati ijobiy.

* * *

Andijon viloyati, Andijon tuman, Bo’taqora qishlog’i 7-maxsus maktab internati “Shodiyona” milliy cholg’ular kamer orkestri rahbari Vosiljon To’xtasinov:

– Bu yil festivalda ikkinchi bor ishtirok etyapmiz. O’tgan yili rag’batlantiruvchi diplom bilan taqdirlangan edik. Orkestr jamoasi qishloq bolalari bo’lsada juda iqtidorli va ular barcha shart-sharoitlarga ega dargohda malakali va iqtidorli ustozlar qo’lida tahsil olishadi. Shu bois bo’lsa kerak, o’quvchilarimiz xalqaro miqyosda o’tkazib kelinayotgan tanlovlarda ham ishtirok etib, g’olib bo’lib qaytishmoqda. Qolaversa, ularning yuqori cho’qqilarni zabt etishiga mana shunday festivallarning ham ko’magi katta bo’lmoqda.

Shuningdek, suhbatimizda Toshkent shahar, Yunusobod tumani 366-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Husniya Rizaeva ham ishtirok etib shunday deydi:

Яна ўқинг:  Беқиёс тарихий ҳужжат

– Hali kichik yoshda bo’lsada farzand­larimizning bunday nufuzli festivallarga qatnashishining o’zi katta yutuq. Chunki, ularning kamol topishida va iqtidorlarini to’la namoyon etishida mana shunday festivallarning alohida o’rni bor. Bolajonlar bunday festivallardan ko’p narsa o’rganadilar va milliy cholg’u asboblariga, qolaversa, musiqaga nisbatan mehrlari yanada ortadi.

San’at va musiqa inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. O’g’lim Asadbek ham musiqaga oshno bo’lgandan beri o’qishda ham ancha faol. U festivalda birinchi bor ishtirok etmoqda. O’ylaymanki, bu tanlov unga katta mahorat maktabi bo’ladi.

* * *

Festivalning uchinchi kuni.Hayajonli damlar. Bu gal kimning nomi g’oliblar ro’yxatidan joy oladi? Yana kimlarning yillar davomida qilgan mehnatlari munosib baholanadi? Barchani shu kabi savollar qiziqtirar edi.

Bolalar musiqa va san’at maktablari ansambllarining yo’nalishida birinchi o’ringa Surxondaryo viloyati Sho’rchi tumani 7-son BMSM ansambli munosib deb topildi. Ikkinchi o’rinni Toshkent shahar, Sirg’ali tumani B. Ino­yatov nomidagi 21-son BMSM jamoasiga topshirilgan bo’lsa, uchinchi o’rin Buxoro viloyati, Kogon shahri 2-sonli BMSM jamoasiga nasib etdi.

Bolalar musiqa va san’at maktablarining orkestrlari yo’nalishida Farg’ona viloyati, Buvayda tumani 17-son BMSM jamoasi g’olib bo’lgan bo’lsa, faxrli ikkinchi o’rin Sirdaryo viloyati, Guliston shahar 1-son BMSM orkestriga, uchinchi o’rin Andijon shahar 1-son BMSM orkestri jamoasiga nasib etdi.

San’at litsey va kollejlar ansambllari yo’nalishi bo’yicha birinchi o’ringa Farg’ona san’at kolleji ansambli, ikkinchi o’ringa Buxoro san’at kolleji ansambli, uchinchi o’ringa esa Samarqand san’at kolleji dutorchilar ansambli sazovor bo’lishdi.

San’at litsey va kollejlar orkestrlari yo’nalishida esa birinchi o’rin R. Gliyer nomli Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi xalq cholg’ulari orkestriga, ikkinchi o’rin Andijon viloyati 7-maxsus musiqa maktab interantining “Shodiyona” kamer orkestriga va nihoyat uchinchi o’rin Sirdaryo viloyati, Guliston san’at kolleji xalq cholg’ulari orkestriga nasib etdi. Bundan tashqari rag’batlantiruvchi yo’nalishlar bo’yicha ham g’oliblar e’lon qilindi va festival yakunida ular homiy tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Bir yillik mehnat va izlanishlar munosib taqdirlangandan so’ng festival yakuni katta bayramona kontsertga ulanib ketdi.

– Bu yilgi festival nihoyatda ko’tarinki ruhda o’tkazildi. Viloyatimizga jamoamiz bilan juda katta taassurotlar bilan qaytamiz. Bu musiqa anjumanida o’z mahoratimizni namoyish qilish bilan birgalikda, ko’plab do’stlar orttirdik, – deydi Andijon shahar 1-son bolalar musiqa san’ati maktabi o’quvchisi Mubina Abdullaeva.

Яна ўқинг:  MUVAFFAQIYATLARIMGA QANOTSAN VATAN!

Shu bilan “Navro’z sadolari” ko’p ovozli milliy cholg’u ansambllarining VI Respublika festivali o’z nihoyasiga yetdi. O’ylaymizki, festival ko’plab iqtidorli bolalarni musiqa sohasida ruhlantirib, yana yangi-yangi marralarga undaydi.

Ma’rifat TOLIPOVA,

Mayna HASANOVA,

“Sog’lom avlod” muxbirlari

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: