Qo‘shxotinlining qo‘nog‘i bo‘lma

chunki bu uyda uning o‘ziga joy bo‘lmaydi

Risolat yolg‘izlik girdobidan qutulish maqsadida garchi, birinchi ayoli bilan ajrashmagan bo‘lsa-da, “ko‘ngliga qo‘l solgan”, u bilan hayotini bog‘lamoqchi bo‘lgan boshlig‘ining ra’yini qaytarolmadi. Sha’riy nikoh bilan unga turmushga chiqdi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, ayol qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib, xo‘jayinining mehrini yanada qozondi.

Endilikda umr yo‘ldoshi birinchi oilasi holidan onda-sonda xabar oladigan bo‘ldi. Risolat esa baxti kulganidan o‘zida yo‘q shodlanardi. Oradan bir necha yil o‘tib, turmush o‘rtog‘ining ishini boshqa bir shaharga o‘tkazishdi. Risolat bu yerga ko‘nikkani uchun ishini tashlamadi. To‘g‘rirog‘i, bunga turmush o‘rtog‘i yo‘l qo‘ymadi. Masofa uncha uzoq bo‘lmagani uchun qatnab, ishlay boshladi. Biroq, umr yo‘ldoshining ish bahona kelib-ketishi kamaydi. Risolat esa buni boshida to‘g‘ri qabul qildi. Endi turmush o‘rtog‘i bilan haftada, oyda bir ko‘rishadigan bo‘ldi.

Turli gap-so‘zlar sabab u bir kuni eri ishlaydigan shaharga bordi. Turmush o‘rtog‘ining ish joyiga keldi-yu, chin haqiqat oydinlashdi. Afsuski, ishonib oila qurgan umr yo‘ldoshi bu yerda allaqachon boshqa bir ayolga uylanib olgan edi. Risolat tilini tishladi. Chunki bir vaqtlar o‘zga bir ayol boshiga solgan musibat endi o‘zining ham boshiga tushgan edi…

Ming afsuski, yuqoridagi holat bugungi hayotimizda oilalarning barbod bo‘lishiga sababchi bo‘layotgan jiddiy muammolar sirasiga kiradi. Buni qarangki, erkaklarning xotin ustiga uylanishiga, qolaversa, ayollarimiz ham bila turib, ikkinchi xotin bo‘lib turmush qurishiga ko‘pgina omillar sababchi ekan. Erkaklarimiz uchun sabab birinchi ayolidan ko‘ngli to‘lmaslik bo‘lsa, ayollar uchun ko‘proq moddiy tomonlama to‘kin-sochinlikka erishish ekan. Bunday nikoh birinchi ayolining roziligisiz, ustiga ustak, yashirin tarzda amalga oshirilishi sha’riatimizga, qonunlarimizga zid ekanligini bilsa-da, erkaklar baribir ana shu ishga qo‘l uradilar.

Sir emaski, hozirgi kunda jamiyatimizda qo‘sha-qo‘sha uylanishga imkoniyati yetadigan shaxslar ko‘p. Biroq, bunday oilalarda kamol topayotgan o‘g‘il-qizlar baxtli yashaydilarmi, degan savolga ijobiy javob topish amrimaholdir. Negaki, bu kabi holatda eng avvalo, birinchi xotinning roziligini olish sharti qondirilmaydi. Axir, “Er bermoq – jon bermoq” iborasi ming yillar osha isbotini topgan haqiqat emasmi?! Shuningdek, “Ikki sigir soqqanning ayroni bor, ikki xotin olganning vayroni bor” deyilganda qo‘shxotin bilan har qandayin erkak ham tinch-totuv yashay olmasligi, uning holiga “maymunlar-da yig‘lashi” mumkinligi ta’kidlanadi. “Qo‘shxotinlining qulog‘i tinmas” naqlida esa bunday kimsaning boshi g‘alvadan chiqmasligi uqtiriladi. Vaholanki, bu maqollarning qay darajada haqiqat ekanligiga aksariyatimiz o‘z hayotimizda guvoh bo‘lmoqdamiz.

Yana o‘qing:  Ma’muriy sudlar faoliyat boshladi

Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ham ayni mavzuning ko‘tarilishi bu kabi salbiy illatlar hukumat darajasidagi dolzarb muammo ekanligi anglashiladi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida “Tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan “nikoh”dan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish, meros huquqi, o‘sib-ulg‘ayganidan keyin bog‘chaga, ta’lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi”, deya ta’kidladi. Shuningdek, ushbu anjumanda imom-xatiblarga qarata qilgan murojaatida noqonuniy sha’riy nikoh o‘qish orqali oilalarga baxtsizlik, jamiyatga esa katta muammo olib kelish mumkinligini anglab yetishlari kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Yaqin kunlarda esa hayotimizda avj olayotgan ana shunday xunuk, yaramas holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani, unga ko‘ra fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga sha’riy nikoh o‘qigan imomlarga nisbatan jinoiy jazo berish ko‘zda tutiladi.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu bema’ni orzu-havas nafaqat millatni, balki rivojlanib borayotgan mamlakatni ham parokanda qiladi. Zero, xalqning turmush darajasi har tomonlama yuksalgandagina ezgu ishlarni amalga oshirish mumkin.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: