Ehtiyotsizlik xastalikka yo‘l ochadi
Inson organizmida kasallik keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar yoki ular ishlab chiqaradigan turli toksin (zahar)lar, zararli kimyoviy moddalar va zaharli o‘simliklarning tushishi natijasida kelib chiquvchi salbiy holat ovqatdan zaharlanish deb yuritiladi.
Ovqatdan zaharlanish bir yoki bir necha nafar insonlarda qayd etiladi. Ko‘pchilikning zaharlanishi ovqatdan guruhli zaharlanish deb ataladi. Bunday salbiy holatlarning kelib chiqishiga bir nechta omillar sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan:
Yaxshi saqlanmagan va uzoq muddat turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilish, xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini tanovul etish, uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlaridan zaharlanish, ko‘cha-ko‘yda va belgilanmagan joylarda sotilayotgan oziq-ovqatlar, yaxna ichimliklar, qandolat mahsulotlari va muzqaymoqlarni yeb-ichish, uzoq muddat quyosh nurida turib qolgan, muzlatgichda saqlanmagan tayyor yeguliklar va ichimliklarni iste’mol qilish, yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish, ho‘l mevalar va qovun-tarvuzlarning sirtini ham yaxshi yuvmasdan ularni iste’mol qilish, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlash jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalari hamda ularni saqlash sharoitlariga e’tibor qilmaslik va hakozolar.
Ovqatdan zaharlangan bemorlarda umumiy holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq, ishtahasizlik, ich ketishi kabi salbiy holatlar kuzatiladi. Kasallikning kelib chiqishiga qarab o‘ziga xos klinik belgilar paydo bo‘lishi mumkin. Ushbu belgilar paydo bo‘lganda bemor darhol shifokorga murojaat qilishi zarur. Aks holda u o‘z bilganicha va noto‘g‘ri davolansa, antibiotiklarni pala-partish ichsa yoki o‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmasligi oqibatida xasta kishida dardning og‘ir asoratlari hattoki, o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.
Ovqatdan zaharlanishlarning oldini olishda kundalik sog‘lom turmush tarziga rioya qilish dardmand kishining iste’mol qilayotgan taomlariga e’tiborli bo‘lish ayniqsa, uning shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishi muhim ahamiyatga ega. Issiq kunlarda suvni albatta qaynatilgan holda ichish kerak.
Ko‘p yillik kuzatishlar natijalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ovqatdan zaharlanishlarga asosan uy sharoitida tayyorlangan konservalar, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etmagan holda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari, salatlar, taomlar, ko‘cha-ko‘ylarda belgilanmagan joylarda sotilayotgan oziq-ovqatlar, uyda turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilish kabi salbiy holatlar sabab bo‘lmoqda.
Ushbu tavsiyalarga qat’iy amal qilsangiz ovqatdan zaharlanishdan o‘zingizni asragan bo‘lasiz hamda oila a’zolaringizning salomatligini mustahkamlashda o‘z hissangizni ham qo‘shasiz deya umid qilamiz.
Qamariddin BOQIYEV,
Respublika DSENM ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi mudiri