Illatlar ildiz otsa, dunyo zalolatga botadi

Giyohvandlik inson ongini zaharlaydi. Unga moyil bo‘lib qolish kishida ruhiy, jismoniy qaramlik va uning ma’naviyatida jiddiy salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Bu illat ijtimoiy tushkunlik bilan kechadigan kasallikdir. Dunyo bo‘yicha narkotiklar guruhiga doimiy ravishda yangi moddalar qo‘shilib kelmoqda.

Giyohvandlik o‘z rivojlanishida uch bosqichni bosib o‘tadi. Ushbu zararli illatga shaxs nima sababdan bog‘lanib qolishi va ota-ona farzandining xulq-atvorida qanday salbiy o‘zgarish kechishini biladimi va dunyo miqyosida hamda hukumatimiz tomonidan giyohvandlikka qarshi qay usulda kurash olib borilmoqda degan savollarga javob olish maqsadida Respublika Narkologiya markazining shifokor-narkologi Jo‘rabek Toirovga murojaat etdik:

– Birinchi bosqich – narkotik moddaga ruhiy moyillik paydo bo‘lishi, himoya jarayonlarining yo‘qolishi, giyohvand moddalarga chidamlilikning oshishi, ularning fiziologik ta’siri saqlangan holda giyohvand shaxsning muntazam narkotik moddani qabul qilishi bilan ifodalanadi. Ikkinchi bosqich – narkotik moddaga jismoniy moyillik paydo bo‘lishi, giyohvand moddaga yengib bo‘lmas darajada hirs qo‘yish, unga bo‘lgan chidamlilikning yuqori darajaga yetishi, giyohvand moddalar ta’sirining o‘zgarishi (ko‘pincha qo‘zg‘aluvchanlikga olib keluvchi ta’siri), shaxs o‘zgarishlarining paydo bo‘lishi bilan kuzatiladi. Uchinchi bosqich – bunda giyohvand moddalarga chidamlilikni pasayishi, ularning ta’siri faqat “tetiklashtirish” darajasiga yetishi, shuning uchun bemorlarda giyohvand moddalarsiz yashay olmaslik xususiyatlarining paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Bundan tashqari xumor sindromi (ya’ni “lomka”) og‘irlashib, cho‘zilib borishi, ruhiy, somatik (ichki kasalliklar)ning rivojlanishi, og‘ir ijtimoiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan ifodalanadi. Giyohvandlik – bu nafaqat zararli odatgina emas, balki juda qo‘rqinchli kasallik va oilaning musibatidir.

Giyohvand moddani iste’mol qiluvchilar doimo jinoyatchilikga aloqador bo‘lib kelishadi. Ularning ruhiyatining buzilishi natijasida hayotlari tubdan o‘zgarib, o‘qish va ishni tashlaydilar. Oilasi va o‘z yaqinlaridan voz kechib, jamiyatimizga yot bo‘lgan xudbin hamda tuban insonlar bilan do‘stlashadilar. Giyohvandlik – oila va jamiyatning zavoli bo‘lib, uni davolash juda og‘ir va uzoq vaqt davom etadigan jarayondir. Bu kasallikdan davolanib ketish uchun bemorning astoydil xohishi zarur va unga kuchli iroda kerak bo‘ladi. Hozirgi kunda butun yer yuzida yoshlar o‘rtasida “spays” nomli kuchli narkotik aralashma keng tarqalib bormoqda. Bu moddani bir marotaba iste’mol qilgan kimsa unga darrov bog‘lanib qoladi. “Spays” gallyusinogen va toksik(zaharli) ta’sirga ega narkotik vositadir. Narkotik sotuvchi “dallol”lar bunday aralashmani internet orqali tinchlantiruvchi va stresga qarshi mahsulot deb ham reklama qilishadi. Tabiiy narkotik mahsulotga nisbatan “spays” 5-10 barobar kuchli hisoblanadi. U iste’mol qilinganda bemorda o‘ta yuqori gallyusinatsiya, ruhiy buzilishlar, vahima, qo‘rquv kuzatiladi hamda uning harakatlarida o‘zini nazorat qilish yo‘qolib, giyohvand shaxsning xulqi ham yomon tomonga tez o‘zgaradi. Bemorda o‘z joniga qasd qilish ishtiyoqi paydo bo‘ladi. Masalan, bemorning qulog‘iga turli xil “vos-vos” ovozlar eshitiladi.

Yana o‘qing:  Mitoxondriya DNKsi autizm rivojlanishiga ta’sir o‘tkazadi

“Spays”ni iste’mol qilish inson salomatligiga kuchli ta’sir qiladi. Undan jigar, yurak qon tomir tizimi, jinsiy a’zolar, miya juda zarar ko‘radi. Xotira, fikrlash pasayadi. Nashavandda asta-sekin diqqat-e’tibor susayib ketadi. Unda insoniy fazilatlar yo‘qoladi. Agarda o‘smirlarning xulqi yomonlashib, kayfiyati o‘zgaruvchan bo‘lib qolsa va savollarga to‘xtab-to‘xtab javob bersa yoki u Sizni eshitmasa, ko‘z qorachig‘i katta yoki kichik bo‘lsa darhol narkolog-shifokorga murojaat qilish kerak. Bu zahri qotilni bir marotaba iste’mol qilgan kimsaning sakkiz kecha-kunduz davomida peshobidan ushbu moddani aniqlash mumkin. Bizning mamlakatimizda va boshqa davlatlarda “spays”ni tarqatish va iste’mol qilish ta’qiqlangan.

Giyohvandlar o‘zlarini ham ruhan ham jismonan yemiradi. Kasallanish natijasida xasta kishida kuch-iroda, mehr-muhabbat yo‘qolib, faqatgina narkotikka bo‘lgan kuchli ishtiyoq saqlanib qoladi. So‘ngra birinchi o‘rinni jamiyatga yot bo‘lgan turli zararli illatlarga moyillik va jinoyatga qo‘l urish egallaydi.

Mamlakatimizda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda faoliyat olib borilmokda.

O‘zbekiston Respublikasi 1995 yil fevral oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining narkotik moddalar va psixotrop vositalarni noqonuniy aylanishiga qarshi kurash xalqaro Konvensiyasiga qo‘shildi. 1999 yil mamlakatimizda “Narkotik moddalar va psixotrop vositalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

O‘zbekistonda hozirgi kunda Respublika Narkologiya Markazi va uning viloyatlardagi narkologik dispanserlari hamda shifoxonalari tomonidan giyohvandlikka chalingan bemorlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Markazga giyohvandlikka chalingan bemorlar ixtiyoriy ravishda murojaat qilishlari va uch oylik muolajalardan so‘ng bu illatdan forig‘ bo‘lishlari mumkin. Zero, insonga bo‘lgan mehru muhabbat, e’tibor va hurmat uni tezroq sog‘ayib ketishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bemorlarni davolashda davo chora-tadbirlari ruhiy va jismoniy tobelikka qaratilgan bo‘ladi. Jismoniy tobelik dori vositalari bilan davolanadi. Ruhiy tobelikni davolashda reabilitatsiya bo‘limlarida psixologlar va psixoterapevtlar keng faoliyat olib bormoqda. Hozirda davlatimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan narkotik moddalarni tarqatuvchi va sotuvchi shaxslarning guruhlari aniqlanib, ular qo‘lga olinmoqda. Narkotik tutuvchi o‘simliklar o‘suvchi plantatsiyalar yo‘qotilmokda. Giyohvand shaxslardan olib qo‘yilgan narkotik moddalar yondirib yuborilmoqda. Bu illat har kuni millionlab insonlar hayotiga zomin bo‘ladi. Giyohvandlik, balog‘at yoshiga yetmaganlarni o‘z botqog‘iga tortib ketmoqda. Shuning uchun yoshlarimizga giyohvand moddalarning mazasini totib ko‘rmaslaridanoq uning qanday baloyu azim ekanligini hamda ushbu zahri qotilning o‘ta og‘ir va mudhish oqibatlari haqidagi ma’lumotlarni oldinroq yetkazishimiz kerak.

Yana o‘qing:  MASTIT chaqaloqlarda ham uchraydimi?

Gulchehra ShIRINOVA

yozib oldi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: