Libosingizda nima yozilgan?
yoki kiyinish odobi haqida
O‘zbekning qadriyati shunday: insonning kiyinishiga emas, balki uning qalbiga nazar tashlab, ma’naviy dunyosiga baho beriladi. “Yaxshini jandaning ichida tani”, degan xalq maqoli ham shundan kelib chiqqandir, ehtimol.
Ammo XXI asrga kelib bu qarashlar batamom o‘zgardi. Bugun zamondoshlarimizga nazar solsak, ularda chiroyli, bejirim, qulay, qimmatbaho mahsulotlar, chet elda ishlab chiqarilgan kiyimlarni kiyishga bo‘lgan intilishni ko‘ramiz. Mutaxassislarning fikricha, turli yozuvli kiyimlarni kiyish betakror ko‘rinishga ega bo‘lish yoki qimmatbaho brendni ko‘rsatish, ommadan ajralib turish, sevimli filmlaridagi qahramonlar bilan o‘z fe’l-atvori o‘rtasidagi o‘xshashlikni namoyish etishga urinish kabi maqsadlarni o‘zida jamlaydi. Achinarlisi, ko‘pincha, yozuvli kiyimni xarid qilayotganlar undagi yozuvning ma’nosini to‘liq tushunib yetmaydi.
Bugungi kunda bozorlarimizda turli uslublarda bezak yoki geometrik shakllarga moslab, shuningdek, oddiy satrda yozilgan kiyimlarni ko‘plab uchratish mumkin. Ular ustidagi yozuvlarning ayrimlari shu kiyimni ishlab chiqargan firma nomini anglatsa, yana ba’zilari uzundan-uzoq jumlalardan tashkil topadi. Bu so‘zlar albatta, o‘z ma’nosi hamda maqsadiga ega. Hozirgi kunda ma’naviyatimiz kushandasiga aylanayotgan “olomoncha madaniyat” unsurlarining ko‘pchiligini ayni shu kiyimlardagi yozuvlarda ko‘rishimiz mumkinligi esa tashvishlanarli holdir.
To‘g‘ri, hamma o‘ziga yoqqan kiyimni xarid qiladi. Qanday kiyim kiyish har kimning o‘z ixtiyorida. Biroq, bilib-bilmay, milliy ma’naviyatimizga mos kelmaydigan yozuvli liboslarni egnimizga kiyar ekanmiz, bu kiyimlar milliy mentalitetimizga, an’ana va qadriyatlarimizga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi, bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rganimiz ma’qulroq. Bir tanishim bu haqida qiziq voqeani so‘zlab berdi:
– 8-sinfda o‘qiydigan qizimga bosh kiyimi xarid qilish uchun bozorga bordik. Bir chetida chiroyli yozuvi bor, ko‘k rangdagi sharfli shapkani olmoqchi bo‘ldik. Sotuvchi qizdan “Shapkada nima deb yozilgan?” deb so‘rasam, u “Men go‘zalman”, deb yozilgan”, dedi. Qizim ingliz tilidan qo‘shimcha darslarga qatnayotgan edi. Sharfni olib, yaxshilab o‘qib ko‘rdi va unda “men yolg‘izman”, degan jumla yozilganini aytdi. Sotuvchi qizga savol nazari bilan qarasam, “bilmasam, bir o‘rtog‘im shunaqa degan edi-da”, dedi uzr so‘raganday bo‘lib. Xullas, o‘sha bosh kiyimini olmadik. Izlab-izlab, yozuvi bo‘lmaganini xarid qildik…
Bu voqeani eshitganimdan keyin menda qiziqish uyg‘ondi va qayerda yozuvli kiyimlarni ko‘rsam, ularning ma’nosini so‘raydigan bo‘ldim. Kichkinagina “tadqiqot”im natijasida shunga amin bo‘ldimki, bu yozuvlarning asosiy qismi g‘arb madaniyatini targ‘ib qiluvchi so‘zlar bo‘lib, insonni yengil yashash, faqat o‘zini sevishga undar ekan. Ba’zan esa bu yozuvlar kishiga zo‘ravonlik kayfiyatini ham beradi. Bir kiyimda, masalan, “Sen biz bilan o‘tirolmaysan” deb yozilgan, yana birida esa “Boshliq hamisha haq” degan gap zarb qilingan. Hatto, “Ikkinchi ismim shokolad” va “qidirilmoqda” degan ma’noni bildiruvchi yozuvlarni ham ko‘rish mumkin.
Albatta, libos insonning ziynati, biroq biz hurmatga loyiq ko‘rinish istagida bo‘lsak, kiyinishimiz milliy ma’naviyatimiz, milliy e’tiqodimizga mos bo‘lishi lozim. Qolaversa, Mavlono Rumiyning “Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l” degan naqli bugunga kelib ham o‘z mohiyatini yo‘qotmagan.
Gulchehra ALIQULOVA