Yozni soz o‘tkazayotgan bolalar
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Toshkent viloyati, Bekobod shahrida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun media-tur tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor oromgohlarga jalb qilinmagan bolalar uchun “Yoz konsepsiyasi – 2017” tadbirlari doirasida hududda tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchalari va “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyatiga qaratildi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
– Markazimizdagi 26 ta to‘garakka 660 nafar o‘quvchi jalb qilingan. Muassasada yoshlarimiz viloyat va mamlakat miqyosidagi turli tadbirlar, jumladan, “Milliy taomlar”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Biz – giyohvandlikka qarshimiz!”, “Yilning eng yosh ixtirochisi” kabi festival va ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda, – deydi Bekobod shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori Omina Rahmonberdiyeva.
Tasviriy san’at, to‘qish, tikuvchilik, raqs, shaxmat-shashka kabi to‘garaklarda qatnashayotgan o‘quvchilar bilan ularning qiziqishlari xususida suhbatlashib, bir olam taassurotlarga ega bo‘ldik.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari 2-umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Sevinch” oromgohi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
100 nafar o‘quvchini qamrab olgan oromgoh joriy yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar ikki mavsumda faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.
Bu yerda o‘quvchilar ingliz tili, tasviriy san’at, kompyuter savodxonligi, musiqa, shaxmat-shashka, kitobxonlik singari to‘garaklarga jalb etilgan.
– Muassasamizda “Ota-onalar bilan muloqot xonasi” tashkil etilgan. Bundan maqsad joylarda maktab ma’muriyati va ota-onalar bilan o‘zaro muloqotni mustahkamlash, mavjud muammolarni joyida hal qilishdan iborat. Chunki, bizga kelayotgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar joyida maktab direktori darajasida hal etiladi, – deydi muassasa direktori X. Ibragimova.
Ota-onalar bilan ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini tashkil etishda ular bilan muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish, ota-onalarga ta’lim tizimidagi yangiliklar va o‘quvchilarning bilim olishlariga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirishda “Ota-onalar bilan muloqot xonasi” muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shundan so‘ng jurnalistlar 16-umumta’lim maktabida tashkil etilgan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur sog‘lomlashtirish maydonchasi “Avval tarbiya, keyin ta’lim” shiori ostida tashkillashtirilgan bo‘lib, unda kompyuter savodxonligi, rasm va tasviriy san’at, ingliz tili, mohir qo‘llar, musiqa, stol tennisi kabi to‘garaklar faoliyat yuritadi.
– Ingliz tili mashg‘ulotlariga ko‘pchilik bolajonlarning qiziqishi yuqori. Shu maqsadda til o‘rgatish jarayonlarida turli interfol usullardan keng foydalanamiz. Bolajonlarga ham bu kabi usulda dars o‘tishimiz juda yoqadi, – deydi to‘garak rahbari S. Eshonxonova.
Shundan so‘ng, media-tur doirasida Xalq ta’limi vazirligi xodimlari, jurnalistlar va o‘qituvchi-murabbiylar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi sharoitlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Ota-onalar bilan muloqot xonasi” faoliyati haqida ma’lumot berildi. Ta’lim muassasalari bilan ota-onalar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash, mavjud muammolarni joyida hal qilish va bu borada o‘zaro hamkorlikni maqsad qilgan bunday xonalarni yurtimizning boshqa hududlarida ham ommalashtirish xususida o‘zaro fikr almashildi.
Matbuot anjumani yakunida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev jurnalistlar tomonidan berilgan savollariga javob berdi.
Xurshida USMONOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri