Baxtli yashash kaliti
Fuqarolarning erkin kasb tanlashi, mehnat qilish huquqi va mehnat munosabatlarini takomillashtirish, xususan, majburiy mehnatdan himoyalanishi kabi masalalar bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, mamlakatimiz rahbari I. Karimov ta’kidlab o‘tganidek: «Barcha iqtisodiy, demokratik, siyosiy islohotlarning pirovard maqsadlarining o‘zi, bu – eng avvalo inson uchun munosib turmush va faoliyat sharoitlarini yaratishdir».
Mehnat qonunchiligida fuqarolarning mehnat qilish huquqi, erkin kasb tanlash huquqi, shuningdek, majburiy mehnatdan himoyalanish huquqi turli xil talqin qilinadi. Dastlab fuqarolarning mehnat qilish huquqiga ta’rif berishimiz lozim.
O‘zbekiston Yuridik Ensiklopediyasida fuqarolarning mehnat qilish huquqiga quyidagicha ta’rif berilgan: «Mehnat qilish huquqi fuqarolarning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Mehnat qilish huquqi keng ma’noda insonning o‘zi istagan sohada erkin mehnat qila olish imkonini anglatadi va bunda mehnat erkin-ijodiy faoliyat, tadbirkor mehnati, o‘zga ish beruvchiga yollanishiga asoslanuvchi mehnat bo‘lishi mumkin. Mehnatga har qanday shaklda va usulda majburlash inson tabiatiga xilof bo‘lib, xalqaro hujjatlarda majburiy mehnat qat’iyan taqiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yuqorida qayd etilgan xalqaro talab va andozalarga to‘la mos ravishda fuqarolarning mehnat qilishga bo‘lgan huquqlarini e’tirof qiladi va ularning amalga oshirilishiga qaratilgan barcha huquqiy kafolatlarni belgilaydi».
Bu huquq inson huquqlariga oida xalqaro standartlar: BMTning «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, iqtisodiy, ijtimoiy, va madaniy huquqlar to‘g‘risida»gi xalqaro pakt, «Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida»gi xalqaro pakt, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalari va boshqa mintaqaviy, xalqaro huquqiy hujjatlarda mehnat qilish insonning muhim tabiiy huquqi sifatida nazarda tutilgan. Mazkur standartlarda hamda boshqa huquqiy hujjatlarda fuqarolarning erkin kasb tanlashi va mehnatga majburlashning ta’qiqlanishi tabiiy huquqi sifatida e’tirof etilgan. Bizning fikrimizcha, erkin kasb tanlash va majburiy mehnatning ta’qiqlanishi fuqaroning nafaqat tabiiy huquqi, balki mehnat qilish huquqining eng asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 1991 yil 30 sentyabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ratifikatsiya qilinishi, shuningdek, milliy qonunchilikda xalqaro huquq normalari ustunligining e’tirof etilishi shunga monand ravishda inson huquqlariga oid qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ularni yanada mustahkamlash bilan birga yangi qonun hujjatlarini qabul qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Buning natijasi o‘laroq 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinib, shu bilan milliy huquq tizimining asosiy negizi shakllantirildi.
Konstitutsiyamiz xalqaro huquq normalari mazmun-mohiyatiga mos ravishda ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari to‘liq ravishda o‘z aksini topdi.
«Mehnat qilmaydigan odam hech qachon tom ma’nodagi baxtni tushunib yetmaydi. Bekorchining yuz ifodasida hamisha norozilik hissi bilinib turadi» – degan edi Genrix Geyne. Darhaqiqat, mehnat qilish insonni ulug‘vorlikka yetkazib, buyuk maqsadlar sari chorlaydi. Mehnat qilish tufayli inson barcha orzu-istaklari, belgilab qo‘ygan maqsad va rejalariga erishadi. Inson o‘z mehnati tufayli jamiyatda ma’lum bir ma’noda o‘rin egallaydi va yuksak cho‘qqilarni zabt etishga zamin yaratadi. Halol mehnat qilish esa baxtli yashashning kalitidir.
Aziza ISMOILOVA,
TDYUI 2-bosqich magistranti