Sog‘liqni saqlash vaziri: tibbiy ta’lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda

Tibbiyot sohasini zamonaviy fikrlaydigan, chuqur bilimli, mas’uliyatni his etadigan, har jihatdan yetuk kadrlar bilan ta’minlash masalasiga bugun davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida ham bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Xususan, xalqaro tajribani o‘rgangan holda, tibbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash lozimligini ta’kidlagandi.

O‘tgan davr mobaynida Prezidentimizning mazkur topshirig‘i yuzasidan olib borilgan ishlar, tizimda kutilayotgan o‘zgarishlar va ularning natijasi xususidagi savollarimiz bilan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher ShODMONOVga murojaat qildik:

– Har qanday soha rivoji shu yo‘nalishda tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Xususan, tibbiyot ham, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri. – Garchi, eng zamonaviy texnikalar, so‘nggi texnologiyalar sohaga kiritilsa-da, binolar rekonstruksiya qilinib, mukammal boshqaruv tizimi shakllantirilsa-da, kadrlar masalasida oqsash bo‘lsa, soha rivojida kutilgan natija bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida shu yilning 5 yanvar va 7 fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda, shuningdek, 30 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisida tibbiyot xodimlarini tayyorlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgani bejiz emas.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qorori ushbu yo‘nalishda muhim burilish yasab berdi.

Sir emas, hududlarda tibbiy kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Aytingchi, Prezident qarorida buning yechimi ham nazarda tutilganmi?

– Joylarga chiqib mavjud holat o‘rganilganda, sog‘liqni saqlash sohasining birlamchi tizimida kadrlar ta’minotida nomutanosibliklar borligi ayon bo‘ldi. Masalan, mamlakatimiz bo‘yicha shifokorlarning umumiy soni 72 ming nafar bo‘lib, har 10 ming aholiga nisbatan 23,5 nafarni tashkil etadi. Ammo ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich talab darajasida emas.

Mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy ta’lim muassasalari hamda ularning hududiy filiallarida har yili 2 mingdan ortiq shifokorlar tayyorlanmoqda. Tan olish kerak, oliy tibbiy ta’lim muassasalarida bakalavriat bosqichining (davolash ishi) 7 yil davom etishi zamon talablariga javob bermasligi bilan birga, mazkur ta’lim uchun asoslanmagan holda ortiqcha moliyaviy mablag‘larni ham talab etib kelayotgandi.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida aynan tibbiy kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish masalasiga yechim ko‘rsatilgan. Ya’ni, hujjatda tibbiy ta’lim yo‘nalishlaridagi bakalavriat tizimida o‘qish muddatlarini belgilash alohida qayd etildi. Unga ko‘ra, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab davolash ishi, kasbiy ta’lim (davolash ishi), harbiy-tibbiyot ishi (davolash ishi), pediatriya ishi 6 yil, tibbiy-biologik ish 4 yil, tibbiy profilaktika ishi 5 yil etib belgilandi. E’tiborli tomoni, hozirgi vaqtda “davolash ishi”, “kasbiy ta’lim” (davolash ishi), “harbiy tibbiyot ishi” (davolash ishi), “pediatriya ishi” bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olayotgan 2-5-bosqich talabalari ham ta’limni 6 yillik o‘quv dasturi asosida davom ettirishi ko‘zda tutilgan.

Yana o‘qing:  EHTIYOT BO‘LING: YONG‘IN!

Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 5 maydagi “2017-2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab maqsadli qabul yo‘lga qo‘yiladi. Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan tibbiyot kadrlariga talab yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat granti asosida bakalavriat yo‘nalishiga qabul amalga oshiriladi.

O‘quv yili qisqarishi, tabiiyki, o‘quv dasturlariga ham ta’sir qiladi. Bunda o‘quv soatlari va fanlar bo‘yicha ham o‘zgarishlar bo‘lsa kerak.

– Tibbiyot xodimlarini tayyorlash borasida to‘plangan tajribalar ushbu sohani, ayniqsa, o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish vaqti kelganini ko‘rsatmoqda.

O‘quv soatlarini tahlil qilib o‘rganganimizda, o‘quv dasturlaridagi mavzularning 15 foizi va hatto undan ham ortig‘i takrorlanishi aniqlandi. Bundan tashqari, bakalavriat va magistratura bosqichidagi o‘quv reja va dasturlarda mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlarning ko‘pligi ham talabalarning ortiqcha vaqtini olib, ixtisoslik bo‘yicha bilim olishiga sezilarli ta’sir qilib kelmoqda. Yana bir muammoli holat – ta’lim jarayoniga tibbiyot sohasidagi zamonaviy bilimlarni kiritishda vujudga kelgan qiyinchiliklar bilan bog‘liq edi.

Davlatimiz rahbari qarori bilan, oliy tibbiy ta’limning klinikagacha bo‘lgan va klinik fanlar bloklari bo‘yicha o‘quv soatlari salmog‘i oshirilishi, oliy tibbiy ta’lim standartlarini qayta ko‘rib chiqish belgilandi. Shunga asosan, bakalavriat bosqichi uchun davlat ta’lim standartlari qayta ishlab chiqilmoqda. Ya’ni kasbiy fanlar bloki kengaytirilib, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar blokini 7 foizgacha qisqartirish, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmini 85 foizgacha ko‘paytirish nazarda tutilgan. Avvalgi Davlat ta’lim standartlarida belgilangan o‘quv rejalarida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki bo‘yicha o‘quv soatlari hajmi 15-20 foizgacha edi. Asosiy mutaxassislik bo‘yicha esa 40-50 foizni tashkil qilgan, xolos.

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qarori bilan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining diplomiga ixtisoslik qayd etilishi belgilab qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad nima?

– Ilgari oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari diplomida ixtisoslik ko‘rsatilmas edi. Natijada ichki va tashqi mehnat bozorida o‘ziga yarasha muammo va salbiy holatlar kuzatilayotgandi. Tibbiy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan ushbu hujjat bilan ko‘plab yo‘nalishlar qatorida bitiruvchi diplomiga ixtisoslik qayd etilishi belgilandi. Bu esa, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini yetakchi xorijiy tibbiy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarda malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash borasida duch kelinayotgan tushunmovchiliklarga barham beradi.

Yana o‘qing:  TOSHKENT DAVLAT STOMATOLOGIYa INSTITUTI BITIRUVCHILARIGA DIPLOM TOPSHIRISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI

Bergan ma’lumotlaringizdan anglashilib turibdiki, tibbiy ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar kechmoqda. Ayting-chi, ushbu sa’y-harakatlar amalda qanday natija kutilmoqda?

– Tibbiy ta’lim sohasida davolash ishi yo‘nalishida o‘qish muddatlarining qisqartirilgan ta’lim tizimiga o‘tilishi, o‘quv soatlarining takomiilashtirilishi va maqsadli qabul yo‘lga qo‘yilishidan tibbiyot kadrlari yetishmovchiligi qoplanishi 15 foizga tezlashtiriladi, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishiga erishiladi, shuningdek, tibbiy ta’lim xalqaro standart talablariga moslashtiriladi.

Hech ikkilanmay aytish mumkinki, Prezidentimizning uzoqni o‘ylab, tibbiy ta’limni kompleks rivojlantirishga qaratilgan mazkur qarorida belgilangan vazifalar ijrosi tibbiy ta’lim muassasalari kadrlari salohiyatini oshirish, tibbiyot oliy o‘quv yurti tilabalarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va pirovard natijada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.

Furqat SANAYEV

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: