Kelajagimiz vorislari – ular izlanishdan to‘xtamaydi
Bugungi innovatsion texnologiyalarni yoshlarsiz tasavvur qilish qiyin. Barcha yosh ixtirochilarning maqsadi mushtarak, ona tabiatga zarar yetkazmagan holda, insoniyat hayotini yaxshilash va mehnat sharoitini yengillashtirishga qaratilgan kashfiyotlar qilish. Yosh ixtirochilarimizning intilishlari kelajakda o‘z natijasini berishiga tayin.
Ayni paytda mamlakatimizda navqiron avlodni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash maqsadida turli yo‘nalishlarda maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarning yana bir ifodasidir. Xususan, o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishi, ularning foydali mehnat bilan shug‘ullanishini ta’minlash hamda kasb-hunarga yo‘naltirishda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning aprel-iyun oylarida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yilning eng yosh ixtirochisi” respublika ko‘rik-tanlovining ham o‘ziga xos o‘rni bor.
Ko‘rik-tanlov uch bosqichda, “Yosh konstruktor va ixtirochi”, “Robototexnika va elektron o‘yinchoqlar” yo‘nalishlarida tashkil qilinib, uning hududiy bosqichlarida 3 ming 400 nafardan ortiq o‘quvchilar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan qatnashdi.
Joriy yilning 29 iyun kuni “Barkamol avlod” respublika bolalar badiiy ijodiyot markazida ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi o‘tkazilib, unda hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 28 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Respublika bosqichiga taqdim etilgan ijodiy ishlar Turin politexnika universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti mutaxassiclari tomonidan baholandi.
Ko‘rik-tanlov jarayonida “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garak a’zolarining 600 dan ortiq ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar markazlari qoshida tashkil etilgan “Tantana”, “Navruz”, “Doirachilar” guruhlari o‘z badiiy chiqishlarini namoyish etishdi.
Ta’lim tizimida bundayn tanlovlarda o‘quvchining iqtidori, mahorati, bilim va ko‘nikmalarni nechog‘li egallashida namoyon bo‘ladi. Shu bois ulardagi ijodkorlikni takomillashtirish, yangi pedagogik texnologiya yutuqlari bilan muntazam tanishib borishlari doimiy diqqat-e’tiborda. Xususan, ular o‘rtasida mahorat saboqlari o‘tkazish masalasiga alohida ahamiyat berilayapti. Bu esa nazariy va amaliy mashg‘ulotlar davomida o‘z samarasini ko‘rsatayotir.
Tanlov g‘oliblari vazirlikning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Naro‘z NORBOBOYEV