Kimyoterapiya bolalarning fikrlash funksiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi
Lyoven (Belgiya) universiteti xodimlari bolaligida (taxminan 6,5 yoshlarida) kimyoterapiyani boshdan o‘tkazgan 31 kishining ma’lumotlarini o‘rganib chiqishdi. Olimlar ishtirokchilar o‘rtasida bilish qobiliyati bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalarini nazoratdagi guruhning natijalari bilan solishtirib ko‘rdi.
Tekshiruvdan so‘ng bolaligida saraton kasalligidan davolangan ishtirokchilarda qisqa muddatli xotira nazoratdagi guruhnikiga nisbatan yomonroq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari bolaligida kimyoterapiya orqali davolangan odamlarda aqliy faollik darajasi pasaygan. Mualajaga qadar bu qatnashchilarda diqqatni jamlash qobiliyati, xotira va bilish funksiyasi zarar ko‘rmagan edi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, fosforli oqsil darajasiga qarab bilish funksiyasi bilan bog‘liq muammolarnig paydo bo‘lish xavfini aniqlash mumkin. Bu oqsil darajasi qancha yuqori bo‘lsa, bilish funksiyasining zararlanish ehtimoli ham shuncha yuqori bo‘ladi. Tadqiqotchilar ushbu oqsil darajasini baholash bilish funksiyasi bilan bog‘liq muammolarning oldini olishda yordam beradi, deb hisoblamoqda.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.