“Kamolot” IV qurultoyi: yoshlar hayotida qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?
Mamlakatimiz jabhalarida ro‘y berayotgan muhim o‘zgarishlar yoshlar hayotiga ham ko‘chdi. Kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV Qurultoyi boshlandi.
Erta tongdan Toshkent temir yo‘l vokzalida 600 nafar delegatni kutib olish marosimi boshlandi. Qurultoyni sifatli va tez yoritish maqsadida yosh jurnalistlarning onlayn guruhi xizmatga shay bo‘ldi. Ushbu guruhda respublikaning barcha viloyatlaridan yig‘ilgan, Harakatning tashabbusi bilan jipslashgan yosh reportyorlar jamlangan bo‘lib, ular kun davomida ushbu tadbirni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn yoritib borishdi.
Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri delegatlari tashrif buyurgan bo‘lsa, tushdan so‘ng Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlarining iqtidorli yoshlari bir manzilda jam bo‘lishdi. Ularni Harakat faollari va el ardog‘idagi san’atkorlar kutib olib, o‘zlarining samimiy dil izhorlarini bildirishdi.
– Bugungi islohotlar davrini, tinchlik shukronasini qalamga olging, madh etging kelaveradi, – deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Shohista Rashidova. – Faqat osuda yurtgagina ana shunday bayramlar yarashadi. Qurultoy yorug‘ kelajakka qo‘yilgan katta qadamlar, ulkan orzular tantanasidir. Har birimiz “Kamolot”ni yoshlarimizning chinakam tayanchiga aylanishi uchun bir yoqadan bosh chiqarishimiz, olg‘a intilmog‘imiz lozim. Shundagina biz – birlashib katta kuch bo‘la olamiz.
Qurultoy oldidan esa delegatlar uchun turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 30 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Qurultoyda tashkilotning o‘tgan besh yillik faoliyati tahliliy-tanqidiy sarhisob qilinadi. Istiqboldagi rejalari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilanadi. Yoshlar bilan ishlashda e’tiborni kuchaytirish talab etilayotgan muhim jihatlar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar tahlil etiladi. Shuningdek, Harakatning yangi tahrirdagi Ustavi va Dasturi qabul qilinib, Markaziy Kengash raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.
Navro‘z NORBOBOYEV