Voyaga yetmagan yoshlarning oila qurishi – kelajak zavoli
“Biz o‘z iste’dodli, fidoiy bolalarimiz, farzandlarimizga bilim va kasb cho‘qqilarini zabt etishi uchun qanot berishimiz kerak”
Islom Karimov
Sog‘lom oila, eng avvalo, kelin-kuyovning salomatligi asosida bunyod bo‘ladi. Turmush qurajak yoshlar sog‘lom bo‘lsagina, tabiiyki, dunyoga keladigan go‘daklar ham sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetadi. Aholining reproduktiv salomatligini saqlash va mustahkamlash, yoshlarni turmush qurishdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar, voyaga yetmagan yoshlarni erta turmush qurishining oldini olish, irsiy kasalliklar tarqalishini kamaytirish borasida yurtimizning tegishli muassasalari tomonidan ko‘pgina ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Afsuski, bu qilingan sa’y-harakatlarga qaramay, ba’zi ota-onalar o‘z qizlarini tezroq turmushga berish payida bo‘lmoqdalar.
Yurtimiz yoshlariga bugungi kunda juda ko‘plab imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilmokda. Shu imkoniyatlardan o‘smir qizlarni erta turmush qurishga majbur qilib bebahra qilsak, ularni ma’nan-ruhan va jismonan rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan bo‘lamiz.
Hali o‘zining organizmi rivojlanish jarayonida bo‘lgan o‘smir qiz tabiiyki, sog‘lom farzand ko‘ra olmaydi.
Shifokorlarning fikriga ko‘ra, yosh ayollar va o‘smir qizlar uchun tug‘ruq jarayoni juda xavfli hisoblanadi. Homiladorlik va tug‘ruq vaqtidagi xavflar 15-19 yoshli onalar o‘rtasida 10 foiz, 15 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida 25-40 foizni tashkil qilib kelmoqda. Achinarlisi, 13-17 yoshli onalar o‘rtasidagi o‘lim boshqa yoshdagilarga nisbatan 5-8 marta ko‘proq sodir bo‘lishi kuzatilmokda. Hozirgi kunda Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti mutaxassislarining fikricha, turmush qurish uchun eng qulay davr bu qizlar uchun 20-22 yosh, yigitlar uchun 23-25 yosh ekanligi ta’kidlangan. Ruhshunos olimlarning aniqlashicha, 21 yoshda bosh miya to‘liq rivojlanib, insonning jismoniy va ruhiy holati barqarorlashadi. Shuning uchun, 21-27 yosh oralig‘ida ona bo‘lish ayollar uchun qulay davr hisoblanadi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan ko‘rinib turibdiki, voyaga yetmagan qizlarni erta turmushga berish har taraflama salbiy oqibatlarga olib keladi. Bu holatning jabrini nafaqat yosh kelinchak, balki uning oila a’zolari va yaqinlari tortadi. Bunda faqat kelinchakning ota-onasini ayblash noo‘rin, deb hisoblaymiz. Chunki, balog‘atga yetmagan qizga uylanayotgan bo‘lajak kuyov to‘ra ham mahalla oqsoqollari va faollari, joylardagi xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, oilaviy poliklinika va QVP shifokorlari ham bu salbiy holatga mas’uldirlar.
Shu o‘rinda fikrimizni Prezidentimiz I. Karimovning quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tmoqchimiz: «….Ayrim ota-onalar o‘rtasida o‘z farzandlari, ayniqsa, qiz bolalarga nisbatan maktabni bitirganidan keyin o‘qish shart emas turmush qurishni o‘ylash kerak, degan eskicha qarashlar hanuzgacha uchrab turishini afsus bilan aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, kollejda o‘qib, aniq kasb-hunar egasi bo‘lish, birinchi navbatda qiz bola uchun zarur. Qo‘lida hunari bor qiz bola ertaga birovga qaram bo‘lib qolmaydi, o‘z mehnati, bilimi va iste’dodi bilan oilasini tebratishga, farzandlarni barkamol inson etib tarbiyalashga hissa qo‘shadi. Bu o‘z navbatida yosh oilani moddiy va ma’naviy jihatdan mustahkamlashda qanday muhim ahamiyatga ega ekanligini kimgadir isbotlab berishning hojati yo‘q. Bu haqiqatni biz, ya’ni ota-onalar tushunib, anglab, farzandlarimizning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun hamma sharoitni yaratib berishimiz kerak. Bu bizning bolalarimiz, farzandlarimiz oldidagi muqaddas burchimizdir. Aks holda ularning kelajagiga xiyonat qilgan bo‘lamiz».
Munira ZUPAROVA,
Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi