Mening muxbir bo‘lganim (hajviya)

Endi yozmayman, ha, yoz-may-man! Ko‘nglimda bir hafta burun nogoh quygan jaladay to‘satdan yozuvchi bo‘lish niyati tug‘ilgan edi. Yo, falak, dedim-da, yozishga kirishdim. Adabiyotchilar tili bilan aytganda “ijodimning gullagan pallasi” kirdi shekilli-da. Ha, o‘sha qiltiriq, shamol tursa uchirib yuboradigan, ko‘zni qamashtiradigan boshni ko‘tarib yurgan, nasihat desa o‘zini tomdan tashlaydiganlarning kaminadan qayeri ziyod? Axir o‘shalar ham bizga o‘xshab maktabga qatnagandir. O‘zingizdan qolar gap yo‘q.

Yozuvchilikka, aniqrog‘i, muxbirlikka qiziqqanimning sababi qishlog‘imizda Shodi Qalam taxallusli bir bola bor. O‘ziyam tuman gazetasida u yozmagan odam qolmadi, hisob. Maktabda tadbir o‘tkazilsa yoki birorta fermer rejasini bajarsa bormi hamma yoqqa jar soladi. Qarabsizki, gazeta sahifasidagi gugurtning qutisidek joyida xabari bosilib turibdi-da. Mahalladagi etikdo‘z, sartarosh qolmadi, hammasini yozdi. Ammo obro‘yi zo‘r ekan. Yurgan ekanmiz-da, biz ham umrimizni nosvoy bilan o‘tkazib.

Bir kuni deng, oziq-ovqat do‘konida odam tirband. Ko‘zi piyoladek, xom semiz do‘konchi hech kimni pisand qilmaydi. To‘ygan mushukdek beparvo. Bir mahal u tok urgandek sapchib tushsa bo‘ladimi?! Ikki qo‘li ko‘ksida, gaplari biram muloyim, biram muloyim… Kulishni ham bilarkan… Tavozelarining boisini bilsam, Shodi Qalam ekan. U orqaroqda tirjayib turibdi. Ana obro‘-yu, mana obro‘!

Shu-shu mendagi muxbirlikka bo‘lgan qiziqish uchqunlari borgan sari alanga ola boshladi. Kechalari uyqum qochib ketadi. Ilhom keldimi, deb kutaman. Hech vaqo yo‘q. Go‘yo Shodi Qalam dunyodagi hamma narsani yozib tugatgandek…

Bir kuni… E kallamga qoyilman. Eskilar zap gapirishganda, ayb hammadan o‘tadi, deb. Ijod bobida, yo‘g‘-e, jamiyatimizga foydasi tegadigan, yaxshi insonlarni targ‘ib etishda Shodi Qalam ham ozgina anqovlik qilibdi. Ajoyib inson, huv ko‘cha muyulishidagi dang‘illama hovlida yashovchi Qo‘rqmas Zavod qolib ketibdi. Mana maqtashga arzigulik odam! Odamlar Qo‘rqmas amakini bejizga Qo‘rqmas Zavod deyishmaydi. Aytishlaricha qo‘lidan har balo kelar ekan. Ammo o‘zi hech balodan qo‘rqmas ekan. Boloxonali uyining yerto‘lasida qo‘lbola aroq zavodchasi ochgan. Ha, ishonavering. Ana shunaqa ustasi farang, tadbirkor akang qarag‘ay. Odamlarga ham yaxshi-da oyoqlarining tagi qavarib do‘konlarga yugurgan bilan, baribir arzon ichimlik topisholmaydi. Shunday paytda Qo‘rqmas Zavodga o‘xshagan “tadbirkor”lar xaridorlar joniga oro kiradi. Qachongacha bunday fidoyi insonlar mehnatini qadrlamaymiz?! Axir, shunday kishini maqtamay bo‘ladimi? Yozish kerak. O‘ziyam juda gazetbop.

Chiroqni yoqdim-u yozishga kirishdim… Avval sarlavha topish kerak. “E, bilib o‘tirishibdimi” deya eski gazetalarni varaqlay boshladim. Ana, sarlavha ham topildi. Yozma harfda yozish kerakmi, bosma?! Uff! Boshim qotdi. Bu muxbirlikning ham turgan bitgani mashaqqat ekan-ku! Nima bo‘lsa bo‘ldi, sarlavhani qo‘ydim: “Xalqqa xizmat – oliy himmat”.

Bu yozuvlar negadir ko‘nglimga o‘tirishmadi. Shartta o‘chirib, boshqa sarlavha topdim. Axir katta-katta yozuvchilar ham o‘chirib-yozib, o‘chirib-yozib, asar yaratar ekan-ku. Nihoyat, sarlavha ham topildi. “Tadbirkor”. Davom etdim: “Mahallamizda Qo‘rqmas Zavod degan tadbirkor yashaydi. U kishi juda tajribali. O‘z hisobidan uyida spirtli ichimliklar tayyorlaydigan sex ochgan. Xaridorlari ko‘p. Hatto boshqa qishloqlardan kelib, arzon-garov aroqlardan olib ketishadi. Shunisiga qoyil qolish kerakki, bu yerda tayyorlangan spirtli ichimliklar do‘konlardagidan aslo qolishmaydi. Bundan tashqari uning uyida uy-ro‘zg‘or buyumlari, mototsikl va yengil avtomashinalarning ehtiyot qismlari… umuman hamma kamyob narsalar topiladi. Qo‘rqmas Zavodning kelgusidagi rejalari yanada yuksak.

– Odamlar uchun xizmat qilish qanday yaxshi. Bu borada chaqqongina jiyanim, katta ukamning kichik o‘g‘li Qiyomiddin yaqindan yordam berayapti… – deydi tinib-tinchimas Qo‘rqmas Zavod.

Garchi o‘zi bilan suhbat qurmagan bo‘lsam-da, uni qotirib maqtadim. Qo‘rqmas amaki o‘qib qolsa, rosa xursand bo‘ladi-da.

Maqola tayyor. Ostida chiroyli qilib ism-sharifimni bitdim. Anqaboy Semiz. Nima bo‘lsa ham gazetada ism-sharifim ko‘rinsa bo‘ldi.

Maqolani xatjildga solib, mag‘rur yurib, pochta qutisiga tashlab keldim. Vaqtim chog‘. Xuddi men haqimda hamma hozirdanoq so‘zlashayotgandek.

“Qachon maqola chiqarkan” degan o‘y bilan tinchim yo‘qoldi. Gazetaning yangi sonlarini titkilashni odat qildim. “Anqaboy Semiz” degan joyi bormikan, deya qidiraman. Yo‘q! O‘zi haqiqat qolmabdi-da, deb yursam, bir kuni uchastkavoy melisa yo‘qlab qoldi. Nima emish: “Jinoyatchi haqida o‘z vaqtida xabar berganingiz uchun rahmat! Tashakkur!”. Axir, nahotki bilishmasa jinoyatchi boshqa, tadbirkor boshqaligini. Yo men adashtirdimmi?!

Hozir qahramonim – Qo‘rqmas tadbirkor, o‘zimning Qo‘rqmas mahalladoshim ustidan sud ketyapti. Men esa yozganlarimni isbotlashim kerak emish…

Abdulla AYIZOV

Yana o‘qing:  Anhorning so‘lim sohillarida

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: