2 yoshli bolakay: u nimalarga qodir?
Kechagina dunyo yuzini ko‘rgan jajji chaqalog‘ingiz bir zumda ikki yoshni qarshiladi. U sizga tabassum qilgancha ilk qadamlarni tashlashga ham ulgurdi. Kichikintoyning shirin tilidan eshitgan birinchi so‘z esa xotirangizda bir umr muhrlanishga ulgurdi.
Ikki yoshdan boshlab, bola faol ravishda rivojlanadi va uning dunyoni bilishga intilishi tobora ortadi. “Bu yoshdagi kichkintoylar nimalarni bilishi va qila olishi kerak? Ularga qanday ko‘mak berishimiz mumkin?” degan savol ko‘pchilik ota-onalarni qiynaydi. Bunda sizga quyidagi tavsiyalarimiz as qotadi, degan umiddamiz.
2 yoshli bolakayni kichik harakatlanuvchi sharga qiyos qilishadi.
Bu yoshdagi kichkintoylar sport mashg‘ulotlari hamda jismoniy harakatlardan o‘zlariga bir olam zavq olishadi. Ular chopish, quvlash, turli predmetlarga tirmashib chiqish, ushlab olish, to‘pni uloqtirishni yaxshi ko‘rishadi. Bolalarga yoqadigan yana bir mashg‘ulot – zinadan ko‘tarilish hamda undan tushishdir. Dilbandingizga bajarayotgan mashqlaridan qaysi biri ko‘proq yoqishiga e’tiborli bo‘ling hamda uning yoqimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashing. Shunda u bajarayotgan “yumush” bolajon uchun yoqimli va foydali bo‘lishi bilan birga uning jismoniy faolligining ortishiga ko‘mak beradi. Mashg‘ulot daqiqalari vaqtida farzandingizdan “tepa”, “o‘rta” va “past” qayerda joylashgani haqida so‘rang. Bilmaganlarini o‘yin bahonasida o‘rgatib boring.
So‘zlar bilan suhbatlashing, belgilar bilan emas.
Ikki yosh nafaqat jismoniy faollik davri, balki nutqning rivojlanish pallasi hamdir. Bola o‘z fikrini 2-3 so‘z orqali ifodalay oladi. O‘zida bor narsalarni aytadi (masalan, mening katta mashinam bor). Shu bilan bir qatorda bolakay o‘zini, yaqin qarindoshlari va do‘stlari ismini to‘liq va aniq talaffuz qila oladi. Kichikintoy “bu nima?”, “nima uchun?” kabi savollarga javob beradi. Kichik bilimdon atrofdagi barcha narsaga qiziqadi. Ayniqsa, uni jihozlar nomi, hayvonlarning atalishi, o‘simlik va qushlar qiziqtiradi. Shunday ekan yangi so‘zlarni o‘rganishida ko‘magingizni ayamang.
Ruxsat etilgan logik topshiriqlar bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashing.
Doimo yangi narsa haqida bilish, eslab qolish, takrorlash aqliy qobiliyatning o‘sishiga ko‘mak beradi. Bu yoshdan boshlab topshiriqlarni mantiqan tahlil qilib, paredmetlardan hayvonlarni, o‘yinchoqlardan ranglarni ajrata oladi, rasmlarni yig‘adi. Shu bilan bir qatorda u predmatlarni nafaqat o‘lchamiga, balki shakliga, o‘yinchoqlarni rangiga qarab, farqlashi mumkin.
Xotira va diqqat shakllanishiga yordam bering.
U atrofdagi barcha narsalarni qabul qiladi va uni o‘yinlarida aks ettirishga urinadi. Masalan, qo‘g‘irchoq bilan o‘ynayotgan kichkintoy uni ovqatlantiradi, uxlatadi, sayrga olib chiqadi.
Ikki yoshli bolakay o‘zining kechagi kuni haqida hikoya qila oladi va sevimli multfilmidagi voqealarni eslaydi. Bu yoshdagi bola 15 daqiqadan biroz ko‘p diqqatini jamlashi mumkin. Kichkintoy bilan “rasmni eslab qoling” o‘yinini o‘ynang. Bu u uchun yorqin, quvnoq va diqqatni jamlovchi va xotirani mustahkamlovchi vositadir.
Ushbu tavsiyalar bilan tanishib chiqqach, 2 yoshli farzandingizni nimalarga qodir ekanligini sinashga shoshilmang. Shuni unutmaslik kerakki, har bir kichkintoy o‘ziga xos, u takrorlanmasdir. Unga dakki bermang, balki o‘z iqtidori va imkoniyatini yuzaga chiqarish uchun keng imkon bering.
Xurshida HUSENOVA