Anhorning so‘lim sohillarida

Ushbu suv havzasidan suzish uchun foydalansa bo‘ladimi?

Ayni yoz, havo harorati yuqori. Bunday kezlarda inson tabiat qo‘yniga oshiqadi, salqin va so‘lim maskanlarda mirqib hordiq chiqaradi.

Poytaxtimizning “O‘zbekiston” madaniyat va istirohat bog‘idagi “Yoshlar” ko‘li yoz kelishi bilan bolajonlarning yangroq qo‘shiqlari, quvnoq kulgulariga to‘lib ketadi. Ko‘l sohilida kattalar uchun maxsus cho‘milish maydonchalari barpo qilingan. Bolalarga atalgan maydoncha esa bayroqchalar bilan ajratilgan. Yoz gashtini surayotgan bolalarning beg‘ubor o‘yinlari kishiga zavq bag‘ishlaydi. Chor-atrofda maxsus cho‘milish kiyimlari, suzishga yordam beradigan turli xildagi shishirilgan rezinali o‘yinchoqlar, salqin ichimliklar, oziq-ovqat savdosi tashkil qilingan. Bularning bari yurtdoshlarimizning mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkazishi uchun qilingan ibratli ishlardir.

Toshkent aholisiga huzur bag‘ishlaydigan ajoyib maskanlardan yana biri shaharni ikkiga ajratib turuvchi xushmanzara anhor bo‘ylari bo‘lib, bu yer hamisha odamlar bilan gavjum. Anhorning O‘rdadan Beshyog‘och dahasigacha bo‘lgan sohillari bir paytlar jarlikdan iborat edi. Keyingi yillarda bu yerlar qaytadan ko‘kalamzorlashtirildi. Beshyog‘och yonidagi sohil tartibga keltirildi. Hozir bu yerni piyoda aylansangiz, kayfiyatingiz ko‘tarilib, salomatligingiz tiklanadi. Eng asosiysi shaharliklar uzoq-uzoqlardan kelib, bu so‘lim maskanda badantarbiya mashqlarini bajarishadi.

Biroq, ayni yoz paytida anhor bo‘ylarining xavfli hududlarida ko‘plab cho‘milayotgan insonlarni ko‘rish mumkin. Masalan, anhorning Beshyog‘och dahasiga yaqin joyida gidroelektr stansiyasi bor. U shahrimizning ba’zi joylarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Uning yonida girdob ham yo‘q emas. O‘zim shu hududda istiqomat qilganim uchun ko‘p bor ko‘ngilsiz hodisalarga guvoh bo‘lganman. Afsuski, hozir stansiyaning yonginasi kattalar-u o‘smirlar cho‘miladigan maskanga aylangan. Aslida bu yerda cho‘milish umuman mumkin emas. Sohil bo‘ylariga ham ogohlantiruvchi belgilar qo‘yilgan. Lekin bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Yozi bilan ushbu maskan odamlar bilan gavjum bo‘ladi. O‘smir bolalar ko‘prik ustida turib, tepadan pastga sho‘ng‘ishadi. Kiyim almashtirish uchun esa umuman sharoit yo‘q. Undan sal narida esa bolalar maydonchasi bo‘lib, mazkur hududda istiqomat qiluvchi onalar yarim yalang‘och odamlar oldida o‘z farzandlari bilan sayr qilib yurishi juda noqulay.

Shunday ekan mutasaddilar avvalo bu yerda cho‘milishni ta’qiqlashdan oldin dam oluvchilarga sharoit yaratib berishi lozim. Buning uchun anhorning bo‘ylarida xuddi “Yoshlar” ko‘lidagidek, maxsus oilaviy cho‘milish maydonchalari barpo etilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yana o‘qing:  Xorijlik shifokorlar yurtimizda

Masalan, anhorning Milliy bog‘ yonidan oqib o‘tuvchi sohillari betonlashtirib, tartibga keltirilgan. Ushbu joyda cho‘milish uchun maxsus maydoncha tashkil etilsa, ayni muddao bo‘lar edi. Qolaversa, anhorning Oqtepa mavzesidan oqib o‘tuvchi sohillarida ham ana shunday qulay hududlar mavjud.

Ushbu mulohazalarimizni mutasaddilar e’tiborga olib, tegishli xulosalar chiqaradi, degan umiddamiz. Zero, poytaxtimizga salqinlik baxsh etib turgan anhor suvidan to‘g‘ri va oqilona foydalansak, barchamiz uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: