Talabalik orzusi: unga munosiblar sazovor bo‘ladi
Yurtimizda hozir abituriyentlar uchun qizg‘in palla. Mana bir haftadirki, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida 2017–2018 o‘quv yili uchun qabul komissiyalari faoliyat yuritmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yil oliy ta’lim tizimiga talabalarni qabul qilish bo‘yicha ko‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etildi. Bu boradagi o‘zgarishlar nimalardan iborat ekanini bilish maqsadida Kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalarini tashkiliy-metodik ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Barno RAJABOVGA bir necha savollar bilan yuzlandik:
– Hurmatli Barno aka O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Aytingchi, ushbu hujjatda tizimga doir qanday yangiliklar bor?
– Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash, mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini tubdan isloh etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu sabab bu yilgi qabul ko‘rsatgichlarida bakalavr va magistr yo‘nalishlarida talabalarni tayyorlash uchun ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlari inobatga olinadi.
Unga ko‘ra 2017–2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim mussasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66 ming 316 nafar qilib belgilandi. Ulardan davlat granti bo‘yicha 18 ming 194 nafar, to‘lov-kontrakt asosida 48 ming 122 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi.
Shuningdek, magistrlar uchun 5 ming o‘rin ajratilgan bo‘lib, ularning 1 ming 556 nafari davlat granti bo‘yicha, 3 ming 444 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.
– Joriy yil yurtimizdagi ayrim oliy o‘quv yurtlarida sirtqi bo‘lim ochilishi rejalashtirilgan. Shu haqida mushtariylarga kengroq ma’lumot bersangiz.
– Qarorda maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta’minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15 nafar va to‘lov-kontrakt asosida 85 nafar, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavr kadrlarni tayyorlash nazarda tutilgan.
Ushbu yo‘nalishlarga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar birinchi navbatda kasb-hunar kollejini tamomlagan bo‘lishi shart. Shuningdek, egallagan mutaxassisligi bo‘yicha 3 yillik ish stajiga ega va ish joyidan tavsiyanoma olgan fuqarolar sirtqi bo‘limga hujjat topshirishlari mumkin.
– Joriy yil oliy ta’lim tizimiga maqsadli qabul kvotalari joriy etilgani haqida eshitdik…
– Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universitetlarining Termiz filiallari uchun qabul kvotalari, shuningdek, yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoji katta bo‘lgan hududlar uchun O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan. Maqsadli qabul deganda abituriyent o‘zi yashaydigan viloyatdagi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshiradi va tanlov asosida suhbatdan o‘tkaziladi. So‘ngra ular o‘zlari istiqomat qiladigan hududdagi ta’lim muassasasida yig‘gan baliga qarab, grant yoki to‘lov-kontrakt asosida bilim olish huquqiga ega bo‘ladilar. Ushbu qabul yo‘nalishiga boshqa hududdan kelgan fuqarolar qabul qilinmaydi. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabul bo‘yicha hujjat topshirgan fuqarolar 4 tomonlama shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadilar.
– Joriy yil oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rgan, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi o‘zgartirishlar haqida ham aytib o‘tsangiz.
– Darhaqiqat, bu yil maxsus imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarga ball belgilash tartibi o‘zgartirildi. Unga asosan bu kabi abituriyentlarga mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi. Masalan, test natijasiga ko‘ra 80 ball olgan harbiy imtiyozga ega abituriyentga yana 40 ball imtiyoz taqdim etiladi.
Onlayn hujjat topshirish joriy etildimi?
Toshkent Axborot texnologiyalari institutida abituriyentlarning hujjatlarini onlayn qabul qilish tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu tizim ijobiy natijaga erishilsa, kelgusida onlayn hujjat topshirish tizimi barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etiladi.
Bu jarayonni amaliyotga joriy qilish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Avvalambor, abituriyentning elektron raqamli imzosi talab qilinadi. Barcha hujjatlarni talabga muvofiq shaklda imzolab, kerakli manzilga yo‘llashni bilishi kerak. Undan so‘ng, rasmiy hujjatlarni ham taqdim etish talab qilinadi. Buning uchun abituriyent yetarlicha bilim-ko‘nikmaga ega bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, hujjatlarni onlayn topshirish uchun shunga munosib AT infratuzilmasi kerak. Agar infratuzilma tayyor bo‘lmasa, talab qilingan tezlikda ishlay olmasa, o‘qish jarayoni buzilib qoladi.
Charos XUSHVAQTOVA
Suhbatlashdi