Baxt

Bu – Olimp cho‘qqisini zabt etish emas, oilangni salomatligidir

Agar mendan: “Nimani tanlaysan – oilanimi yoki sportnimi?” desa, hech ikkilanmay oilamni tanlagan bo‘lardim.

Sport gimnastikasi bilan professional shug‘ullanishni qizlar odatda 20-25 yoshlarida yakunlashadi. Atletdan egiluvchanlik, bardosh va katta kuchni talab etadigan mazkur murakkab sport turi bilan farzand ko‘rganidan keyin ham mashq qilishni davom ettirgan gimnastikachilar jahonda sanoqli. Yoshi qirqdan oshganidan keyin ham o‘zida kuch topib, sevimli sportida katta yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayotgan sport gimnastikachisi esa dunyoda yagona. Bu – Oksana Chusovitina.

Rio-de-Janeyro Olimpiya o‘yinlari uning yetttinchi Olimpiadasi bo‘ldi. Bu natija bilan Oksana “Ginnes”ning rekordlar kitobidan joy egalladi. Matonat va iroda timsoli bo‘lgan bu afsonaviy sportchi bilan suhbatlashar ekanmiz, avvalambor, u qanday qilib qiyinchiliklarni yengib, yuqori natijalarga erishishi va bu yo‘lda unga kimlar hamroh bo‘layotgani haqida so‘radik.

Har bir inson hayoti davomida turli to‘siqlarni yengib o‘tadi. Irodasi sust bo‘lganlar tanlagan yo‘lidan voz kechib, ortga qaytadi. Menimcha, bunday vaziyatda tushkunlikka tushmay, qaytadan harakat qilib ko‘rish kerak. Bugungi kunda meni qo‘llab-quvvatlab turuvchi juda ko‘p insonlar bor. Avvalambor, onam, turmush o‘rtog‘im, farzandim menga har tomonlama dalda bo‘lishadi. Ulardan bir umr minnatdorman.

Odatda Olimpiya o‘yinlaridan keyin ko‘plab atletlar faoliyatini davom ettirish haqida o‘ylab qolishadi. Siz esa Rio-de-Janeyro Olimpiadasidan keyin ham mashq qilishdan to‘xtamadingiz. Yil boshidan buyon qator xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egallab kelmoqdasiz…

Boshqalar qanday qabul qiladi, bilmadim. Ammo men haqimda qandaydir yomon xabar yozishganida dilim og‘riydi. Masalan, “uning yoshi katta bo‘lib qolgan”ga o‘xshash gaplarni aytishsa. Men ana shunday odamlarga harakatlarim bilan biror ish qilish uchun yosh chegaralari mavjud emasligini ko‘rsatmoqchiman. “Sen o‘zingni necha yosh deb his qilsang, yoshing shuncha bo‘ladi” deb o‘ylayman.

Qanday musobaqa bo‘lmasin, o‘z yurtim, ona Vatanim sharafini himoya qilayotganimdan g‘ururlanaman. O‘zbekiston madhiyasi yangrayotganida nihoyatda baxtiyor bo‘laman.

Har bir sportchi umrida bir marta bo‘lsa-da, Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni, shohsupaga ko‘tarilishni orzu qiladi. To‘rt yillikning muhim bahslarida jahonda eng ko‘p qatnashgan sportchining ham ushalmagan orzulari bormikan?

Yana o‘qing:  Ukamning sog‘lig‘i yana tiklandi

To‘g‘ri, (kulib) bolalikda ot sporti bilan shug‘ullanishni orzu qilganman. (Jiddiylashib) Hozir ham bir ushalmagan orzuim bor. Shuning uchun ham sportdagi faoliyatimni yakunlamadim. Riodan keyin, balki, aynan shu orzuim tufayli barchasiga nuqta qo‘ymadim. Ezgu maqsad sari qadam ba qadam ildamlamoqdaman. Bu orzuim – O‘zbekiston uchun Olimpiada medaliga sazovor bo‘lish.

Ayol kishi qaysi sohada faoliyat ko‘rsatmasin oilasi bilan baxtli bo‘ladi. Yaqinlari uni hamisha qo‘llab-quvvatlashini, har qanday vaziyatda yonida tirgak bo‘lishini istaydi…

Oila men uchun hamma narsadan ustun. Chunki, yaqinlarim mening borlig‘im. Men o‘z tanlovimni amalga oshirganman. Zalga kelib, o‘zim yoqtirgan mashg‘ulot bilan band bo‘laman. Agar mendan: “Nimani tanlaysan – oilanimi yoki sportnimi?” desa, hech ikkilanmay oilamni tanlagan bo‘lardim.

Jahonga mashhur sportchining farzand tarbiyasi borasida o‘z qarashlari bormi?

Eng avvalo farzandga erkinlik berish kerak. Shunda u mustaqil shaxs bo‘lib voyaga yetadi. Kezi kelganda o‘zi bir qarorga kelishi lozim. Qizlar tarbiyasida bu qanday bo‘lishi kerak, bilmadim. Chunki, mening qizim yo‘q. Ammo o‘g‘il bolalar kerakli paytda masalani mustaqil o‘zi hal qila olishi kerak. Kuzatishim bo‘yicha o‘g‘lim Alisher buning uddasidan chiqmoqda. Shuning uchun farzand tarbiyasida to‘g‘ri yo‘l tanlaganman, deb o‘ylayman.

Hayotda barcha orzulari ro‘yobga chiqqan Oksana Chusovitinaning eng baxtli kuni, hayotining eng aziz daqiqalari, bir umrga yodda qoladigan lahzalari qaysi?

Men uchun eng baxtli daqiqalar og‘ir dardga chalingan o‘g‘lim Alisher bilan shifoxonaga borib, tahlillarni topshirganimizdan keyin uning butkul sog‘ayib ketganini bilgan kunim edi. Bilasizmi, bu mening hayotimdagi eng unutilmas damlardir. Har bir ona uchun farzandini sog‘-salomat ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

…Har kuni baxtni izlab yashaymiz. Hammaning u haqidagi tasavvuri o‘zgacha. Ammo Oksana Chusovitina bilan suhbatlashib, oilalarimiz tinchligi, farzandlarimiz salomatligi eng katta boyligimiz, baxtimiz ekanligini tushungandek bo‘lamiz.

Yulduz ORTIQOVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: