Ostonada “Matiz”ning antiqa modeli namoyish qilinmoqda
Ostonada o‘tayotgan “EXPO-2017” xalqaro ko‘rgazmasining O‘zbekiston milliy pavilonida “Matiz” avtomobilining vodorod yonilg‘isida ishlovchi antiqa sinov modeli namoyish qilindi.
Ushbu avtomobilning dunyodagi boshqa nusxalaridan farqi unda vodorod saqlash uchun mo‘ljallangan bak yo‘q. Shu bois uning xavfsizligi yuqori darajadadir. Bunday turdagi dvigatel ishi natijasida ishlangan gazlarni tashqariga chiqarish tizimida suv chiqadi. Ichki yonuv dvigatelida vodorod ishlatuvchi tizim evaziga avtomobil atrof-muhitga chiqaradigan gazlar hajmi 80 foizgacha kamayadi.
Bundan tashqari o‘zbekistonlik mutaxassislar avtomobilsozlik sohasidagi yana ikkita ishlanmani taqdim qilishdi. Ulardan biri – tomida quyosh panellari bo‘lgan elektromobil konseptidir.
Yana bir namoyish qilingan eksponat elektrokarting bo‘lib, unda transport vositasining barcha elektron tizimlari, akkumulyator batareyalari va elektromotorlarining o‘zaro ishlashining turli variantlari sinaladi. Bu model 110 km/soat maksimal tezlikka ega bo‘lib, uning yurish zahirasi 30 km ni tashkil qiladi. Model 100 km/soat tezlikka 6 soniyada erishadi.
G.EGAMBERDIYEVA