Ko‘makdan najot topib…
Bo‘ylari biri-biriga bo‘ylashib qolgan farzandlaring havas qilgulik inson bo‘lib kamolga yetsa, so‘zlaringga itoatgo‘y bo‘lsa, atrofingni shirindan shakar nabiralaringni sho‘x-shodon kulgusi to‘ldirib tursa, keksalik chog‘ida bundan ortiq baxt bormi?! Ammo shunday paytlarda jismingda misqolcha dard simillab tursa, dunyoning barcha shodligi ham sen uchun beqadr bo‘lib qolar ekan.
Yoshim 64da. 10 nafar farzandning otasiman. Ko‘p yillar haydovchilik kasbi ortidan oila boqdim, kimdandir ortiq bo‘lsam bo‘ldimki, shukr, kam bo‘lmadim. Bolalarimning ilm olishiga sharoit yaratdim. O‘g‘il uylantirib, qiz uzatdim. Afsuski, so‘nggi ikki yilda jismimga azob berayotgan dard kasbim ortidan topganlarimdan biri ekanligi ayon bo‘ldi. Tundan tongga qadar davom etgan beldagi, qovuq sohasidagi og‘riqlar keksalik halovatimni o‘g‘irladi. O‘z dardimdan o‘zim iymanardim. Qashqadaryo viloyati markaziy shifoxonasi, urologiya bo‘limi shifokori, tajribali mutaxassis Nuriddin Abdullayevning maslahatlari bilan davolanganimdan so‘ng dard biroz chekinganday bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, og‘riqlar yana xuruj qila boshladi. Tekshiruvlardan keyin salomatligim jarrohlik amaliyotidan so‘nggina tiklanishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Ammo buning uchun oddiy qishloq odamida mablag‘ qayda deysiz?!
O‘sha paytdagi holatim yolg‘iz Yaratgan egam va umr yo‘ldoshim Sobiraxonga ayon edi. Ko‘ngildagi tugun xalq dardini yeb, fuqarolar mushkulini oson qilayotgan elparvar Prezidentimizga qilgan murojaatimdan so‘ng yechildi. Mushkullarim aridi. Murojaatimga ikki kun o‘tmay, ijobiy javob kelgani meni behad quvontirib yubordi. Demak, osuda va og‘riqsiz kunlarim yaqin qolgan.
Men Toshkentdagi malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tdim. Menga jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rishim uchun bir oy muhlat berishdi. Vrachlarning e’tibor va tavsiyalari bilan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.
Oradan ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng Toshkent tibbiyot akademiyasining urologiya bo‘limida jarrohlik amaliyotini boshimdan o‘tkazdim. Ikki yillik azobimdan tezda xalos bo‘ldim. Xastalik shu qadar avj olgan bo‘lsada malakali, qo‘li yengil shifokorlar uchun bunday jarrohlik amaliyoti og‘ir kechmadi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Bo‘lim mudiri Nosir Qodirov va shu bo‘limda faoliyat olib borayotgan barcha xodimlarning bemorlarga qilgan e’tiboridan boshim osmonga yetdi. Hech bir tibbiy xizmat va dori-darmonlar uchun mablag‘ sarf etmasdan salomatligim tiklandi.
Hozirda sog‘ligim a’lo darajada. Endilikda og‘riqlar meni bezovta qilmay qo‘ydi. Shukr, kunlarimga halovat indi. Nabiralarim qurshovida o‘tgan har bir osuda tunim va otgan tongim uchun avvalo Yaratganga shukronalar keltirib, dardimga e’tiborsiz bo‘lmagan va zudlik bilan ko‘mak ko‘rsatgan davlatimiz rahbariga cheksiz minnnatdorlik hissini tuyaman. Ularning odilona siyosati va elparvarligi boqiy bo‘lib, yurtimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin, deyman.
Ilyosxon ShUKUROV,
Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani