Hayotbaxsh suyuqlik haqida ajoyib dalillar
Qon tanadagi barcha hujayra va to‘qimalarni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi yagona suyuq to‘qimadir. Shu bilan birga hujayra va to‘qimalarning normal faoliyati uchun zarur bo‘lgan ichki muhitni doimiyligini (gomeostaz) saqlashda u juda muhim rol o‘ynaydi.
Uning suyuq qismi – plazma va tarkibidagi shaklli elementlardan iborat: Qonning shaklli elementlariga eritrotsitlar (qizil qon tanachalari), leykotsitlar (oq qon tanachalari) va qon plastinkalari kiradi. Plazma qon hajmining 50-60 foizini tashkil qilsa, qolgan 40-45 foizi shaklli elementlarga to‘g‘ri keladi. O‘rtacha vaznli, ya’ni 70 kg odamda 4,5-6 l qon bo‘ladi. Bu vaznning 5-9 foizini tashkil qiladi. Oddiy holatda 45 foiz qon zahira sifatida jigar, taloq, o‘pka, teri ostida saqlanadi. Qonning suyuq qismi – plazma 90-91 foiz suvdan va 9-10 foiz quruq moddadan iborat. Quruq moddaning 8-9 foizi organik moddalar, ya’ni oqsillar, azotli va azotsiz organik birikmalar, gormonlar, vitaminlar, fermentlar bo‘lsa, uning 1 foizi neorganik moddalar – mikroelementlar, kationlar va anionlardan iborat.
Qon to‘qimalarga oziq moddalar: glyukoza, aminokislotalar, polipeptidlar, yog‘lar, vitaminlar, mineral moddalar va suvni, shuningdek, o‘pkaga kislorodni yetkazib beradi. So‘ngra buyraklar, ter bezlari, o‘pka, ichak orqali organizmdan chiqarib yuboriladigan modda almashinuvining oxirgi mahsulotlari: ammiak, mochevina, peshob kislotasi va boshqa chiqindilar, jumladan, karbonat angidridni to‘qimalardan olib ketadi. Qon transport vazifasini o‘taganligi uchun gumoral regulyasiyada, ya’ni a’zolar faoliyatini boshqarishda ham muhim rol o‘ynaydi. Bu vazifani asosan eritrotsitlar bajaradi.
Bu hayotbaxsh suyuqlikning vazifalaridan yana biri himoya funksiyasidir. Qonda xemotaksis, fagotsitoz, mikroorganizmalarni zararsizlantirishga qodir xujayra – leykotsitlar bor. Shuningdek, mikroorganizmlarni va ularning zaharlarini zararsizlantiruvchi va yot oqsillarni parchalovchi “immun jismlar” (antitelolar) mavjud. Qon yuqorida aytib o‘tilgan vazifalarini bajarishi uchun tomirlarda harakatda bo‘lishi kerak. Ya’ni, suyuq holda organizmda aylanishi zarur. O‘z navbatida jarohat, shikastlanish vaqtida tanadan chiqib ketmasligi uchun darhol quyuq holatga o‘tishi, ivishi kerak. Bu jarayon qonning ivishi va ivishga qarshi tizimi orqali amalga oshadi. Ushbu jarayonda asosiy rolni trombotsitlar bajaradi.
Odamlar qoni bir-biridan farq qilishi, har xil insonlarda qon guruhi turlicha bo‘lishini 1901 yilda K. Landshteyner kashf etdi.
Sog‘lom odamlar qonida boshqalarning eritrotsitlarini yopishtirib qo‘yadigan (agglyutinatsiyalaydigan) moddalar bo‘lishi mumkinligi haqidagi yangilik esa 1901 yilda kashf etildi. Bir odamning qon plazmasida yoki zardobida ikkinchi odam eritrotsitlarining agglyutinatsiyalanishini o‘rganish muhim davo chorasi bo‘lgan qon quyishga ilmiy asos yaratib berdi.
Organizm ko‘p qon yo‘qotganda ba’zi zaharlanishlarda (jumladan, gemoglobinning kislorod biriktirish xossasi buzilganda), qondagi gemoglobin miqdori kamayganda va tibbiy boshqa ko‘p ko‘rsatmalar bilan qon quyiladi. Ilgari qon quyish uchun urinib ko‘rinishlar ko‘pincha halokatga olib kelgan yoki organizmni og‘ir ahvolga solib qo‘ygan. Odamlarning qon eritrotsitlarida agllyutinatsiyalanuvchi ikki omil – agglyutinogen A va agglyutinogen V, plazmada esa agglyutinatsiyalovchi ikki modda – agglyutinin alfa va agglyutinin bettalarni topishgan. Eritrotsitlarda agglyutinogenlar, plazmada esa agglyutininlar bor-yo‘qligiga qarab, barcha odamlarni to‘rt guruhga ajratish mumkin. Bunga ko‘ra O (I) guruhdagi odamlarning eritrotsitlarida agglyutinogenlar yo‘q. Ularning qon guruhi plazmasida esa alfa va betta agglyutininlari bor. A (II) guruhdagi odamlarning eritrotsitlarida agglyutinogen A va uning plazmasida agglyutinin betta bor. V (III) guruhdagi odamlarning eritrotsitlarida agglyutinogen V va plazmasida agglyutinin alfa bo‘ladi. AV (IV) qon guruhidagi odamlar eritrotsitlarida A va V agglyutinogenlari borligi va plazmasida agglyutininlar yo‘qligi bilan ta’riflanadi.
Qon quyish imkoniyatini aniqlash uchun bemorning qon guruhini aniqlash katta amaliy ahamiyatga ega. Ya’ni, faqatgina o‘zining guruhi va rezus omili mos bo‘lgan donorning qonini bemorga quyish mumkin. Kerakli qon guruhi zahirada yo‘q bo‘lgan hollarda bemorning hayotini saqlab qolish maqsadida O (I) Rh manfiy qon guruhidan 500 millitrgacha quyish mumkin. Shu maqsadda donor eritrotsitlari agglyutinatsiyalanmasligini aniqlashning o‘zi muhim. Chunki, quyiladigan qon plazmasi retsipiyent qonida suyulgani tufayli uning eritrotsitlarini agglyutinatsiyalamaydi.
Aksari odamlarning eritrotsitlarida (85 foiz) yana bir omil bor. Uni birinchi marta Landshteyner va Viner 1940 yilda makak (Makak rezus) nomli maymun qonidan topgan va shuning uchun ham uni rezus faktor (qisqartirilgani – Rh-faktor) deb atalgan. Bu omil ham qon quyishda katta ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda farmakologik soha rivojlanib bormoqda. Qon o‘rnini bosuvchi eritmalarning bir necha guruhi yaratilgan. Lekin ularning birortasi odam qonining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Ular faqat qonning ba’zi bir vazifalarini vaqtincha bajara oladi. Shu sababli inson qonini faqat inson qoni bilan to‘ldirish mumkin. Texnika qanchalik rivojlanar ekan shikastlanish, jarohat olish xavfi shuncha ortib boradi. Bu esa donor qonini talab qiladi. Sababi murakkab jarrohlik operatsiyalarini qilish ko‘p qon talab qiladi. Shu sababli qon donorlari qanchalik ko‘p bo‘lsa bu fuqarolarimizning salomatligi va hayotini asrashda muhim.
Qon, uning komponentlari va pereparatlari (plazma, eritrotsitlar, trombotsitlar, albumin va immunoglobulinlar) inson hayoti xavf ostida qolganda quyiladi.
Muharram PO‘LATOVA,
Respublika qon quyish markazi Donorlarni jamlash bo‘limi boshlig‘i