Aliment puli chet elga yuboriladimi?
Erim bilan ajrashganman. Sud voyaga yetmagan farzandimning tarbiyasi uchun aliment tayinlagan. Yaqinda chet elga ishlashga ketayapman. Farzandimni ham o‘zim bilan birga olib ketmoqchiman. Bolam uchun to‘lanadigan aliment chet elga jo‘natilishi mumkinmi?
S. JAMBEKOVA, Buxoro viloyati
– Adliya vazirining 2009 yil 8 iyuldagi 157-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Qarzdor jismoniy shaxsga ish haqi yoki unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni to‘layotgan tashkilotlar yoki boshqa shaxslar tomonidan ijro hujjatlarini ijro etish qoidalari”da belgilanishicha, aliment puli xorijiy mamlakatdagi shaxslarga pochta xizmatlari orqali yuborilishi mumkin. Faqat buning uchun qarz undiruvchi yashayotgan davlat va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama kelishuv tuzilgan bo‘lishi kerak. Deylik, aliment oluvchini chet eldagi manzilidan topishning iloji bo‘lmadi. Bunday holatda pul pochta o‘tkazmalari o‘tkazilgan manzilga, ya’ni O‘zbekistonga – aliment to‘lovchi ishlayotgan tashkilotning hisob raqamiga (undiruvchining (qabul qiluvchining) manzilini aniqlashtirish holatlaridan tashqari) qaytariladi. Bunda jo‘natmalarni o‘tkazish uchun olingan to‘lov qaytarilmaydi. Ushbu mablag‘ keyinchalik sud ijrochilari bo‘limining depozit hisob raqamiga ko‘chiriladi.
Sud ijrochilari bo‘limining depozit hisob raqamiga kelib tushgan pul undiruvchi (aliment oluvchi) tomonidan qonunchilikda o‘rnatilgan muddatlarda talab qilib olinmaganda sud ijrochisi ushbu pulni davlat hisobiga o‘tkazish choralarini ko‘radi.
Savollarga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman 2-son davlat notarial idorasi notariusi Kamola JO‘RABOYEVA javob berdi.