Noto‘g‘ri ovqatlanish – ruhiy siqilish sababchilaridan biri
Yangi o‘tkazilgan tadqiqot noto‘g‘ri ovqatlanish og‘ir ruhiy holatni yuzaga keltirishi, to‘g‘ri ovqatlanish esa ruhiy kasalliklardan saqlanishda yordam berishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Science World Report jurnalida aytilishicha, tadqiqotda o‘rtacha va og‘ir ruhiy siqilish holatidagi 67 kishi ishtirok etdi. Ular ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruh noto‘g‘ri tartibda ovqatlandi, lekin ijtimoiy yordam olib turdi. Ikkinchi guruh esa foydali moddalarga boy bo‘lgan meva va sabzavotlar, yog‘siz go‘sht bilan parhez qildi. Tekshiruvlardan so‘ng ikkinchi guruh ishtirokchilarida ruhiy siqilish darajasi 30 foizga, birinchi guruh qatnashchilarida esa bor yo‘g‘i 8 foizga kamaygani aniqlandi.
Mutaxassislar yuqorida ko‘rsatilgan parhezga amal qilishni tavsiya etadi. Kolumbiya universiteti doktori Dryu Remsining so‘zlariga ko‘ra, tezpishar sun’iy ovqatlarni ko‘p iste’mol qiladigan odamlarda ruhiy siqilishning yuzaga kelish xavfi 60-80 foizga ortadi. Parhez qilish ushbu psixik kasallik xavfini 60-80 foizga kamaytiradi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.