Ikki tilda gaplashadigan bolalar ovozni yaxshiroq farqlaydi
Ikki tilda gapira oladiganlarning bir tilli odamlardan anchagina ustun tomonlari borligi ma’lum. Masalan, ularda kommunikativ ko‘nikma va diqqatni jamlash qobiliyati yaxshi rivojlangan bo‘ladi. The Independent jurnalida yozilishicha, ikki tilda gaplashadigan bolalar ovozni yaxshiroq farqlash xususiyatiga ham ega ekan.
Nyu-York universiteti olimlari tadqiqot o‘tkazishdi. Unda 19 nafar ikki tilda so‘zlashadigan, 22 nafar faqat ingliz tilida so‘zlashadigan bolalar qatnashdi. Ikki tilli bolalar har kuni inglizcha va yana boshqa bir tilda suhbatlashdi yoki nutq tingladi.
Mutaxassislar turli usullar bilan bolalarning ovozni farqlash qobiliyatlarini baholashdi. Misol uchun, qatnashchilar nemischa aksent bilan talaffuz qilingan tanish inglizcha so‘zlarni tingladi. Keyin esa xuddi shu so‘zlarning nemischasi qo‘yib eshittirildi va qatnashchilarga har ikki tildagi so‘zlarni bitta odam talaffuz qilganmi, degan savol berildi. Tekshiruvlar natijasida ikki tilda gaplashadigan bolalar ovozni yaxshiroq farqlaganligi aniqlandi. Mutaxassislar buning sababi nimada ekanini hozircha topgani yo‘q. Balki, buning sababi ikki tilli bolalar turli til va aksentlarni tinglashga odatlangani yoki ko‘nikmalari yaxshi shakllangani uchundir.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.