“O‘zsanoatqurilishbank” tadbirkor bo‘lish niyatidagi fuqarolarga 175 milliard so‘m kredit ajratdi
Milliy matbuot markazida “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Prezidentimizning joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiyotimizni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlarida yangi bosqichni boshlab bergani, yaqin besh yilga mo‘ljallangan mazkur hujjatning uchinchi yo‘nalishida xususiy mulkning huquq va kafolatlarini ishonchli himoyalashni ta’minlash, barcha turdagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sohasiga to‘liq erkinlik berishga alohida ahamiyat qaratilgani ta’kidlandi.
– Aholining ishonchini qozonish, ularning tadbirkorlik borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdamiz, – dedi “O‘zsanoatqurilishbank”ning kichik biznes sub’yektlarini kreditlash boshqarmasi boshlig‘i N.Husanov. – Shu maqsadda 753 milliard so‘m kredit ajratildi. Bu qariyb 30 ming ish o‘rni yaratishda qo‘l keldi. Sarmoyalarning 578 milliardi kichik biznes vakillariga berildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish maqsadida qator tumanlarda chorvachilik, parrandachilik va limonchilikni rivojlantirish, hududlarda yengil sanoat va farmatsevtika sohasida yangi korxonalar tashkil etish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport loyihalarini moliyalashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bankda xodimlar malakasini oshirish maqsadida o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda xodimlarning mahallalarda uchrashuv o‘tkazish va tegishli farmon, qarorlar mohiyatini fuqarolarga yetkazish borasidagi bilimi kengaytiriladi. Ana shunday sa’y-harakatlar tufayli joriy yilning o‘tgan davrida 496 ming xonadonning imkoniyati o‘rganildi. 362 mahallada seminar o‘tkazildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan va kredit mablag‘iga ehtiyoji bo‘lgan 24 mingdan ziyod fuqaroga 175 milliard so‘m ajratildi. Natijada qariyb 27 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Tadbirda imtiyozli mikrokreditlar eng kam ish haqi miqdorining 200 barobarigacha, asosiy qarzni to‘lashga 6 oy muddatli imtiyozli davrni hisobga olgan holda, 3 yilgacha muddatga berilayotgani qayd etildi. Tadbirkor bitta ish o‘rni yaratsa, kredit ustamasi 9 foiz, ikkita ish o‘rni yaratilganda 8 foiz, uchtadan to‘rttagacha ish o‘rniga 7 foiz, besh va undan ortiq ish joyi yaratilganda 6 foiz miqdorida berilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
Sayyora Shoyeva,
O‘zA