Sport malikalari tanlovi
Poytaxtimizda o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan sportchi qizlar o‘rtasida an’anaviy «To‘maris malikasi – 2013» ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi tomonidan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda yakkakurash sport turlari bo‘yicha katta yutuqlarga erishib kelayotgan sportchi qizlar o‘z mahoratini namoyish etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. An’anaviy «To‘maris malikasi» va «Sharq yakkakurashlari malikasi» ko‘rik-tanlovlari sportchi qizlarning o‘ziga xos qirralarini, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Shotokan-karate bo‘yicha uch karra O‘zbekiston chempioni Hilola Badalova Gran-pri sohibasi bo‘ldi. An’anaviy ushu ustasi Karina Toshxonova birinchi o‘ringa loyiq topildi. Shuningdek, karatechilar – Dilafro‘z Jo‘raboyeva, Dildora Tursunova, dzyudochilar – Komila Hidoyatova va Mahliyo Mannonova, penchak-silat ustasi Xonzodabegim A’zamova, taekvondochi Ramilya Vildanova va o‘zbek jang san’ati ustasi Go‘zal Peysenova turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib chiqdi.
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri