Qizning baxti sepdami?..

Odatimiz shunday: farzandimiz tug‘ilishi bilan uning baxti, kelajagini o‘ylaymiz. Hamma yaxshi narsalar bolamizga bo‘lishini istaymiz. Ayniqsa, qiz farzandi bor onalar sarpo-suruq yig‘ishga tushadilar. O‘zi taqmagan zeb-ziynat deysizmi, orzusidagi kir yuvgich, uy supurgich mashina deysizmi, barini farzandiga ilinadi. Duxoba ko‘rpa-to‘shaklar, yarqiroq so‘zanalar xaridiga bor mablag‘larini tikishadi. Axir orzu-havasli xalqmiz-da!

Lekin, jiddiyroq mulohaza qilib ko‘rsak, dilbandlarimizning kelajagi, baxti mana shu qimmatbaho buyumlarga bog‘liqmi? “Yig‘-yig‘” bilan mashg‘ul bo‘lib, zimmamizdagi eng muhim vazifa – onalik mas’uliyati, farzand tarbiyasini unutib qo‘ymayapmizmi? Yaqinda qo‘shnilarning gurungiga qo‘shilib qoldim. Yoshi nari borsa o‘ttizga borgan ayol davradagilar e’tiborini o‘ziga qaratib shunday dedi:

– Qizim ulg‘aygani sari tashvishim ortyapti. Ko‘rpa-yostiqliklarning avra-astarini tayyorlab qo‘yganman. Endi kiyim-kechak harakatini qilishim kerak. Shirinxon, sizning ham qizingiz bor-a, unutmang, harakatingizni qilavering.

Bu gap ham kulgimni keltirdi, ham hayratimni oshirdi.

– Qizim hali maktabga ham bormaydi-ku, – e’tiroz bildirgan bo‘ldim.

– Voy, yoshlar, sizlarga o‘rgataverib o‘zimda es qolmadi-ya, – dedi so‘zamol bir xotin. – Shuncha kitob o‘qib, nahotki, uqmagan bo‘lsangiz. Qizim beshikka kirdi, sepi sandiqqa kirdi, degan gapni eshitmaganmisiz?

Unga javoban boshqasi:

– E, bahslashishni qo‘yinglar, moda yildan-yilga o‘zgaryapti. Bugun urfda bo‘lgan buyum kelgusi yilga yaramay qolyapti. Shuning uchun men ta’til pullarimga maoshimni qo‘shib, qizimning tilla taqinchoqlarini badastir qilib qo‘ydim. Chunki tilla hech qachon urf tanlamaydi, – dedi.

Yonimda o‘tirgan qo‘shnimga yuzlandim:

– Bu juvonlarning o‘zi hali yosh-ku, qizlari darrov katta bo‘lib qolishdimi?

– Katta emas, nari borsa 5-6-sinfda o‘qiydi, – dedi suhbatdoshim. – Mening ham qizim bor, o‘n ikkiga kirdi, musiqa maktabiga qatnaydi. Maoshimdan orttirib, dutor olib berganman. Dadasi tug‘ilgan kunida kompyuter sovg‘a qildi. Ishdan bo‘sh vaqtida o‘rgat­yapti. O‘zim adabiyotga qiziqqanim uchun turli kitoblar olib beraman. Boshqalar farzand baxtini mol-davlat, boylik, hashamatda deb o‘ylashi mumkin. Ammo men kasb-hunar o‘rganish, bilim olish, ma’naviyatni boyitishni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Bolaning yoshidan kelib chiqib, orzu-havas ham shunga monand bo‘lishi kerak.

Suhbatdoshimning farzand tarbiyasi borasidagi fikrlarini tinglab xursand bo‘ldim. Aslida, boyagi ayollar aytgan qimmatbaho seplar kelinlarimiz baxtiga soya solmayaptimi? Oilada kelishmovchilik chiqsa, ona qiziga nasihat qilish, yoshlarni murosaga keltirish o‘rniga, sepiga bir hovuch tilla, xorijning mebelini qo‘shganini pesh qilsa, yosh kelin-kuyov, quda-anda o‘rtasidagi ahillik darz yetmaydimi? Hech e’tibor berganmisiz, ajrimlarning 90 foizi ana shunday o‘ziga to‘q, hech narsadan kami yo‘q oilalarda ro‘y bermoqda.

Yana o‘qing:  Bahor keldi seni so‘roqlab

Qo‘shnilar gurungidan ko‘nglim g‘ash bo‘lib qaytdim. Negaki, o‘zimdan nari borsa to‘rt-besh yosh katta bu ayollarga: “Hoy, sep yig‘ayotgan egachilar, qizingizga ro‘zg‘or ilmidan saboq berdingizmi? Pazandalikni o‘rgatdingizmi? Kattalarni hurmatlab, kichiklarga izzatda bo‘lishni-chi? Yoki ilmga tashna qalbini ma’naviyat nurlari bilan to‘ldirdingizmi?” deya bermoqchi bo‘lgan savollarim andisha tufayli ichimda qoldi.

Fikrimizcha, dabdabali to‘y berish, ortiqcha xarajatlar bilan farzand oldidagi burchimizni bajarayapmiz, deb o‘ylasak, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Chunki bunday yengil o‘y-fikr natijasida dilbandimiz kelajakda qalb ko‘zi so‘qir, tanbal insonga aylanib qolishi hech gapmas.

Shirin ABDURAZZOQOVA,

Toshkent shahri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: