Orasta qizlar – farishta qizlar
Orasta qizlar oila baxti va istiqbolidir. Zero, ular kelajakda vafoli yor, mehribon ona bo‘lib, o‘zga xonadonga fayz kiritib, charog‘boni bo‘lishadi.
Ma’lumki, 2011 yildan buyon O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan respublikadagi o‘quv muassasalari qoshida «Orasta qizlar» to‘garaklari tashkil etilgan edi. Hozirda har bir o‘quv muassasalarida ushbu to‘garaklar faoliyat yuritmoqda.
Mazkur to‘garakning asosiy maqsadi, qizlarda shaxsiy gigiyena, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini to‘g‘ri shakllantirish, ularda o‘zining, xonadonining, mahallasining va atrof-muhitning tozaligiga e’tiborini kuchaytirish, ekologik va tibbiy madaniyatni yuksaltirish, yoshi va fiziologik rivojlanishi bosqichiga qarab ular o‘rtasida balog‘atga yetmasdan turmush qurishning oldini olish, nikoh yoshidagi qizlar o‘rtasida oila muqaddasligi, o‘zaro munosabatlar haqida keng tushuncha berishdan iboratdir. Shuningdek, to‘garak nafaqat tibbiy, balki g‘oyaviy targ‘ibot ishlarini ham olib boradi.
Shu bois joriy yilning 26-27 aprelida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida «Orasta qizlar» respublika festivali o‘tkazildi. Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasining «Amuning ozoda qizlari», Andijonning «Zulfiyaxonim izdoshlari», Farg‘onaning «Nihol», Namanganning «O‘zbekoyim qizlari», Buxoroning «Sharif shahar g‘unchalari», Samarqandning «Zukko qizlar», Qashqadaryoning «Nafosat», Navoiy viloyatidan «Marvarid», Jizzaxning «Barkamol avlod», Sirdaryoning «Istiqlol qizlari», Surxondaryoning «Barchinoy», Toshkent viloyatining «Nihol», Toshkent shahrining «Toshkentning oy qizlari», ko‘hna Xorazmning «To‘maris izdoshlari» jamoalari ishtirok etdilar.
Festival ishtirokchilari 26 aprel kuni poytaxtda «Baxtiyor ona» va shoira Zulfiyaxonim haykali poyiga gullar qo‘ydilar. Shuningdek, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi «Orasta qizlar» to‘garagi hamda Toshkent shahar Olmazor tumanidagi «Guruchariq» mahallasidagi «Orasta yoshlar davrasi» axborot-maslahat guruhlari faoliyati bilan tanishdilar.
27 aprel kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida ishtirokchilar tantanali kutib olindi va festivalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng hududlar ketma-ketligida jamoalari o‘ziga taqsimlangan mavzular bo‘yicha taqdimotlarini (sahna ko‘rinishi, she’riy yoki boshqa uslullarda) namoyish etdilar. Har bir jamoaga 10 tadan savollar berildi.
Hay’at a’zolari har bir jamoaning chiqishini kuzatib, baholab borishdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra Farg‘ona viloyatining «Nihol» jamoasi qizlari g‘olib deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand viloyatining «Zukko qizlar», jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Toshkent viloyati «Nihol» qizlariga nasib etdi.
Festivalda ishtirok etgan har bir ishtirokchi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro hayriya jamg‘armasining sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dilafruz ESHONXONOVA