Eng yaxshi fan o‘qituvchisi
Mohir uchuvchi yoki shifokor, olimu muhandis qo‘yingki, qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar har bir kishi avvalo maktabdek qutlug‘ dargohda ustoz atalmish ulug‘ zotdan tahsil oladi. Har bir o‘quvchini o‘z farzandi singari bag‘riga bosib, uning muvaffaqiyatlaridan quvonib, shogirdining komil inson bo‘lishiga yelkadosh bo‘layotgan o‘qituvchi uchun har bir dars bir imtihon hisoblanadi.
Bir sinfda o‘tirgan necha bir juft nigohlarning o‘qituvchiga teran boqib berayotgan adog‘siz savollariga javob qaytarish muallim uchun oson emas. Buning uchun o‘qituvchi tinimsiz o‘z ustida ishlashi bilim-ko‘nikmalarini oshirib borishi zarur. Bu borada respublika miqyosida o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar qo‘l kelmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi ham bir qator yangi nomlarni kashf etdi.
Ushbu ko‘rik-tanlovda kamida uch yil pedagogik ish tajribaga ega oliy, birinchi, ikkinchi toifali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ishtirok etishi nizomda belgilangan. Shuningdek, uch yil davomida o‘quvchilari Davlat ta’lim standartlari talablarini o‘zlashtirish samaradorligi 76-100% ko‘rsatkich bergan, o‘quvchilari «Bilimlar bellashuvi»da tuman (shahar), viloyat, respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, «Ustoz-shogird» tizimining ustozlari hamda ish tajribasidagi yangiliklari taqdim etilgan ijodiy ishlari o‘rganilib, ko‘rik-tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan o‘qituvchilar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Tanlov shartiga ko‘ra ishtirokchilarning Kadrlar tayyorlash milliy dasturi mazmunini o‘zlashtirishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va chet tillarni bilishi, umumiy o‘rta ta’lim tizimiga jahon hamda milliy pedagogika yo‘nalishidagi tajribalarni joriy etishiga alohida e’tibor berildi.
O‘qituvchilarning o‘z fikrini nazariy jihatdan bayon qila olish malakasi, ta’lim sifatini oshirishga oid takliflarning asosligi va amaliyotga qo‘llashda natijaviyligi, barkamol avlodning ta’lim-tarbiya olishi, o‘qitishning sifati va uni yaxshilash, dars jarayonida foydalaniladigan ko‘rgazmali vositani Power point dasturida tayyorlab taqdim etish kabi shartlarni to‘liq bajargani hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi»ko‘rik-tanlovida Toshkent shahri Sergeli tumanidagi 6-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi (IDUM) ingliz tili o‘qituvchisi Dilfuza Qodirova, fransuz tili fanidan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 51-maktab o‘qituvchisi Zumrad Sattorova, matematika fanidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 50-maktab o‘qituvchisi Ulyama Arakelova, fizika fanidan Navoiy shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi Samar Jumayevlar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, kimyo fanidan Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 49-maktab o‘qituvchisi Habiba Qarabayeva, rus tili (ta’lim o‘zbek va boshqa tillarda) fanidan Toshkent viloyati Bo‘ka tumani 2-maktab o‘qituvchisi Valentina Soy, rus tili (ta’lim rus tilida) fanidan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 17-IDUM o‘qituvchisi Vera Yeritsyan, nemis tili fanidan Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 60- IDUM o‘qituvchisi Lyusiya Shafigulinalar g‘olib deb topildi. Ko‘rik-tanlovning informatika fani bo‘yicha Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 23-maktab o‘qituvchisi Umid Murodov, Milliy istiqlol g‘oyasi fanidan Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi Malohat Matmurodova, tarix fanidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi Berdibay Saparbayevlar yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi nomiga sazovor bo‘lishdi.
Shavkat XO‘JAQULOV,
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Axbopot xizmati xodimi