Sog‘ tanda sog‘lom ruhiyat barqaror

Psixozlar yoki “vos-vos”xastaligining sabab va oqibatlari

Ruhiyat buzilishining aniq-ravshan ko‘rinishlari fanda psixoz nomi bilan yuritiladi. Bu xastalikka qo‘shimcha (yo‘ldosh sifatida) bemorlarda “vos-vos”lar, kayfiyatning to‘satdan o‘zgarishi, gallyusinatsiyalar(ko‘zga turli narsalarning ko‘rinishi yoki har xil tovushlarning quloqqa eshitilishi kabi ro‘yolar) bexosdan xasta kishining o‘zini yo‘qotib, “ko‘tarilib ketishi” yoki uning haddan tashqari ruhiy tushkunlikka berilishi kabi alomatlar bilan kechadi. Shuningdek, bu dardga chalingan kishida to‘g‘ri fikrlash buziladi. Yoki chetdan u o‘zining holatiga tanqidiy baho berolmaydi.

Xastalikning sabablari

Ushbu xastalikning kelib chiqish sabablari turlicha. Ya’ni, kasallik tashqi va ichki omillar sababli rivojlanadi. Dardning yuzaga kelishiga turtki bo‘luvchi tashqi omillardan turli infeksion xastaliklarni sabab qilib keltirish mumkin. Bulardan gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar, sifilis (zahm), ichterlama (tif), sil va hakozo shu kabi kasalliklar spirtli ichimliklar hamda giyohvandlikka qaramlik, sanoatda ishlab chiqarilgan turli-tuman zaharli moddalar bilan ishlaganda xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik, ruhiy shikastlar yoki stress (ruhiy zo‘riqish)dan keyingi asoratlar. Ayniqsa, psixozga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biri bu alkogolli ichimliklardir. Ularni suiste’mol qilish natijasida shaxsning ruhiyati juda tez tanazzulga uchraydi. Ichki omillar sababli ruhiyat o‘zgarishiga asab tizimining buzilishi hamda organizmdagi yoshga doir gormonal o‘zgarishlar sabab bo‘ladi. Bunga misol qilib qariyalar psixozini keltirish mumkin. Bu xastalik qon bosimining oshishi natijasida bosh miya qon tomirlarining shikastlanishi va ateroskleroz kasalligi sababli unda salbiy o‘zgarishlar paydo bo‘lishi hamda shizofreniya tufayli yuzaga keladi.

Bunday holatlarda xalq orasida “falonchi yomon qaribdi” deya ta’rif beriladi. Ammo bemorning yaqinlari uni gerontolog-shifokor ko‘rigidan o‘tkazib, albatta, dardmand kishiga mehr-muruvvat ko‘rsatishni o‘zlarining insoniy burchi deb hisoblashlari zarur. Zero, “Bu dunyo-qaytar dunyo” deya aytilgan maqol zamirida olam-olam ma’no mujassam. Endogen psixoz ekzogendan farqli o‘laroq xastalikning cho‘zilishi va qaytalanish ehtimoli yuqori bo‘lishi bilan ajralib turadi. Bemorda psixoz to‘satdan yoki asta-sekinlik bilan paydo bo‘lishi mumkin. To‘satdan yuzaga kelgan xastalikka kutilmagan shumxabar yoki biror narsaning yo‘qolishidan qattiq siqilish sabab bo‘ladi.

Kuzatishlar bu dardga erkaklarga nisbatan ko‘proq ayollar chalinishini ko‘rsatdi. Kasallikning rivojlanishida bemor irqining va uning iqtisodiy ahvolining ahamiyati yo‘q ekan.

Yana o‘qing:  Jismoniy tarbiya va ommaviy sport yangi bosqichga ko‘tariladi

Kasallik belgilari

Insonning boy ruhiyati psixoz xastaligida uni chegarasiz ravishda namoyon etishga qodir.

Ushbu xastalikning asosiy belgilariga gallyusinatsiyalar, “vos-vos” g‘oyalar, hatti-harakatlarning buzilishi hamda kayfiyatning o‘zgarishini kiritish mumkin.

Gallyusinatsiyalar eshitish, turli hidlarni sezish, ko‘rish, teriga biror jonzot yoki buyumning tegishini his etish, ta’m bilish ko‘rinishlarida yuzaga keladi. Ular oddiy (birov chaqirganday bo‘lishi yoki eshik jiringlashi) va murakkab(suhbat kabi) holatda uchraydi. Ayniqsa, murakkab ko‘rinishlardagi gallyusinatsiyalarga bemorning turli tovushlarni eshitishi(bu tovushlar uning miyasida yoki tashqaridan eshitilishi mumkin)kiradi.

“Vos-vos” mazmunidagi g‘oyalar bemor tomonidan muhokama etiladi va ularning xulosasi ham mantiqan hayotga to‘g‘ri kelmaydi. Bu bema’ni g‘oyalar bemorning ongini butunlay zabt etadi. Ushbu holatda unga biror narsani tushuntirish va xasta kishiga bu fikrlar asossizligini ishontirish qiyin bo‘ladi.

Yana eng ko‘p uchraydigan “vos-vos”lardan biri bemorni kimdir ta’qib etayotganligi yoki unga birov fitna qilmoqchiligi xususida bo‘ladi. Shuningdek, zararli ta’sirlar, “maxsus xizmat vakillari”, o‘zga sayyoraliklar, “sehr-jodu” yoki xastaga kimdir ziyon yetkazishi mumkinligi(uni yashab turgan xonadonidan haydab chiqarishlari, kimdir buyumlarini o‘g‘irlab olayotgani, yana uni ovqatdan zaharlashlari ehtimoli borligi xususida), shuningdek, bemor og‘ir, o‘limga olib keluvchi kasallikka yo‘liqqanligi haqida atrofidagilarni ishontirishga harakat qiladi. Yana u o‘zining buyukligiga ishonishi yoki juftiga nisbatan haddan tashqari rashk paydo bo‘lishi, bemorda kimnidir qattiq sevib qolish kabi holatlar kuzatiladi.

Dardmand kishida harakatlarning sustligi, ongning karaxtligi kabi holatlar uchraydi. Qachonki, bemor bir xil holatda uzoq vaqt bo‘lsa va u bir nuqtaga tikilgan ko‘yi qimirlamasa, bilingki, u savollaringizga javob ham bermaydi. Shuningdek, u yeb-ichishni ham bas qiladi. Xasta kishida harakatlar koordinatsiyasining buzilishining yana bir ko‘rinishlaridan biri bu uning qo‘zg‘algan holatda va bezovta bo‘lishidir. U doimo harakatda bo‘ladi. Va to‘xtovsiz gapiradi. Ba’zan suhbatdoshining asabiga tegib, turli nag‘malar ko‘rsatadi. Tajovuzkor holatda kimgadir zarar yetkazib qo‘yishi mumkin.

Tashxis

Shifokor bemorga tashxis qo‘yishida ruhiy buzilish belgilarining o‘ziga xosligi hamda kasallikning rivojlanishi tasnifiga e’tibor qaratadi. Xastalikning ayrim belgilari dastlab yengil ko‘rinishda yuzaga keladi. Ammo bu og‘ir xastalik darajalari bo‘lishi mumkin. Psixozning ilk belgilarini ajratib olish juda murakkab. Ularga bemorning fe’l-atvoridagi o‘zgarishlar kiradi. Dardmand odam ortiqcha “sirkasi suv ko‘tarmaydigan”, bezovta, injiq va asabiy bo‘lib qoladi. Unga “bitta gap kam, ikkita gap ortiqcha” bo‘ladi. Bemorning uyqusi buziladi. Xastaning ishtahasi yo‘qoladi va bu odamning ko‘rinishini g‘alati hamda sog‘lom odamga xos emas, deya ta’riflash mumkin. Shuningdek, ruhiyati buzilgan insonning diqqati ham chalg‘iydi. Yana u “o‘z qobig‘iga o‘ralib oladi”. Hech kimga ishonmaydi. Ishga layoqati va qiziqishlari so‘nadi.

Yana o‘qing:  Suv polosi

Bemor fe’l-atvoridagi har qanday arzimas tuyilgan salbiiy o‘zgarishlar uning yaqinlarini ogohlantirishi zarur. Zero “yara gazak olmasidan, uning oldini olgan ma’qul”. Chunki, psixozga uchragan odamning ahvoli og‘irlashsa insultga ham yo‘liqishi mumkin. Shuningdek, u o‘ziga va atrofidagilarga ham beixtiyor ziyon yetkazish ehtimoli yuqori.

Davosi

Psixozning har qanday ko‘rinishini shifokor mutaxassislar psixiatr va psixoterapevt davolaydi. Albatta, dori-darmonlar, uyqu, maxsus reablitatsiya dasturi asosida mehnat ta’limi, fizioterapevtik muolajalar, to‘yimli va sifatli ovqatlanish refleksoterapiya, bemorga psixologik, ijobiy yondashuv hamda shifoxonadan so‘ng sihatgohlarda davolanish, yaqinlari va atrofidagilarning iliq munosabati ham xasta kishining tezda oyoqqa turib ketishiga zamin yaratadi.

Dildora RO‘ZIQULOVA,

Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: