“Farovon tekstil” – ko‘rkam bichim, yuqori sifat va farovon hayot tarafdori
Usta-tikuvchi Ra’no Abdullayeva tikuv mashinalarida qo‘li-qo‘liga tegmay kiyim tikayotgan qizlarga qarab, “Bugun ishimiz kechagiga qaraganda ancha unumli bo‘ldi. Hammangizga rahmat”, – dedi mamnun kayfiyatda.
– Bu avvalo xodimlarning ishga bo‘lgan mas’uliyati tufaylidir, – hozirjavoblik qildi Madina.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Farovon tekstil”da ayni paytda 58 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Korxona xodimlari yuqori kayfiyat bilan ish unumini muntazam oshirishga, mahsulot sifatini yaxshilashga odatlangan.
Ishchilarning ertalabdan kechgacha qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Bichuvchi qizlar matoni peshma-pesh mashina-stanok bilan andozaga mos qilib bichib, taxlamlarni tikuv mashinalaridagi qizlarga uzatadi. Chevarlarning biri ko‘ylak yengini, biri yoqasini, yana biri esa boshqa choklarni ulab, tayyor kiyimni dazmolchi qizlarga yetkazadi. Dazmol bosilgan kiyimlar yana boshqa xodimning mehnati bilan taxlangan holda yelim xaltaga solinib, sotuvga chiqarish uchun qog‘oz qutilarga joylanadi. Qarabsizki, bejirim tikilgan qiz va o‘g‘il bolalar kiyimlari, fartuk, shim, kattalar uchun to‘quv trikotaj mahsulotlari o‘z xaridorlariga yetkaziladi.
– Korxonamiz dastlab 12 nafar ish o‘rni bilan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugun ularning soni 48 nafarga yetdi, – deydi direktor Nodirjon G‘afforov.
– “Intilganga tole yor”, deb bejiz aytishmas ekan. Yaxshi niyatlar bilan boshlagan ushbu xayrli ishimiz orqali bugun yurtimiz taraqqiyotiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shmoqdamiz. Muhimi, mahsulotlarimiz sifat jihatidan xorijnikidan aslo qolishmaydi. Agar ishingizda halollik bo‘lsa, mehnatingiz ortidan baraka topasiz. Erishilgan yutuqlar va ishning rejali, samarali tashkil etilishi, jamoaning ahilligini ta’minlashda korxonamizning tajribali rahbari Jamoliddin Rahimovning mehnatlarini alohida ta’kidlash lozim.
Ishlab chiqarilgan mahsulotning qiymati avvalo uning sifat va xaridorgirligiga qarab belgilanadi. Olingan sof foydaga asoslanib, ishchilarning maoshi ham ortib boraveradi. Shuningdek, an’anaviy bayramlarda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, samarali yutuqlarga erishgan mehnat sohiblarini mukofotlash, bepul tushlik, maxsus kiyim-bosh ta’minoti ham olingan foyda hisobidan qoplanishi, tabiiy. Ana shularni anglab yetgan jamoaning har bir a’zosi ish vaqtidan unumli foydalanishga, “ustoz-shogird” an’analari va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilishga intiladilar. Uzoqdan qatnaydigan ishchi-xodimlar uchun alohida transport vositasi ajratilgan. Shuningdek, ishchilarga sut mahsulotlari ham muntazam berib boriladi.
Xomashyoning asosiy qismi o‘zimizda ishlab chiqarilgan 90 foizli paxtali mato bo‘lib, xorijdan faqat tugma, piston, etiketka kabi aksessuarlar keltiriladi.
E’tiborli jihati, mana 3-4 yildirki, ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechak mahsulotlarining 90 foizi Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlar, shuningdek, Rossiyaga eksport qilinmoqda.
Ushbu milliy mahsulotlarning xaridorgirligidan ishchilar ham xursand. Axir o‘z mehnating samarasini ko‘rishga, u bilan faxrlanishga nima yetsin.
Ayni paytda afg‘onistonlik hamkorlar bilan shartnoma imzolagan korxona yil yakuniga qadar 1 million dollarlik kiyim-kechak mahsulotlari eksportini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Ushbu yutuqlarga erishishda Madina Abduvositova, Dilnoza Abdullayeva, Bobir O‘rinov, Ulug‘bek Keekova, Hafiza Alimbekova, usta-tikuvchi Ra’no Abdullayeva kabi mehnatsevar xodimlar boshqalarga har tomonlama o‘rnak bo‘lmoqdalar.
Yuksak maqsadlarni ko‘zlab, kelajak sari dadil odimlayotgan korxona rahbarlari joriy yilning uchinchi chorak yakuniga qadar 20 nafar kollej bitiruvchisini ish bilan ta’minlash, ish o‘rnini esa 150 taga yetkazishni maqsad qilgan. Shuningdek, kredit asosida yangi zamonaviy dastgohlar xarid qilish, korxona hududini obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish ham kelajak rejalaridan o‘rin olgan.
Bunday izlanuvchan insonlarning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirayotgan xayrli ishlariga omad va zafarlar tilaymiz.
Maryam AHMEDOVA
Reklama huquqi asosida