Murabbo mavsumi mulohazalari: shakarni necha so‘mdan sotib olyapsiz?

Pishiqchilik davri boshlanishi bilan shakar mahsulotiga ehtiyoj yanada ortadi. Chunki, ayni shu pallada aksariyat uy bekalari sarxil mevalardan murabbo va boshqa konserva mahsulotlarini tayyorlashga kirishadi.

Biroq, shakarga talab ortishi tufayli narx-navoda tafovvutlar yuzaga kela boshlaydi. Bu esa ko‘pchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘ladi. Bu borada qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yilmasligi uchun hukumatimiz tomonidan ushbu mahsulotga nisbatan davlat narxi belgilanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 apreldagi qaroriga asosan 1 kilogramm shakar mahsulotini ulgurji savdo tashkilotlari 4 750 so‘m, chakana savdo tashkilotlari tomonidan 5 200 so‘m narxlarda sotilishi belgilangan.

Davlat raqobat qo‘mitasi bergan ma’lumotlar qaraganda bu yil shakarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida Toshkent shahridagi barcha markaziy dehqon bozorlaridagi maxsus rastalarda ushbu mahsulotning 1 kilogrammi 5 200 so‘mdan sotilishi tashkil qilingan. Ammo shunga qaramay barcha savdo shoxobchalarida ham shakarni belgilangan narxda sotish holatlari kuzatilmayapti. Aksariyat hollarda tadbirkorlar tomonidan qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilmoqda.

– Yaqinda shakar sotib olish uchun “Qo‘yliq” dehqon bozoriga bordim, – deydi uy bekasi Xurshida Rajabova. – Chunki, ushbu bozorda olmoqchi bo‘lgan mahsulotim davlat narxida sotiladi. Lekin bu gal xarid qilgan shakarimning og‘irligi menda shubha uyg‘otdi. Sotuvchidan: “To‘g‘ri tortdingizmi, roppa-rosa uch kilomi?” deb so‘radim. U ham “Nega ishonmaysiz kelinoyi, tarozimiz to‘g‘ri” deya zardali javob berdi. Shunday bo‘lsada, shakarni nazorat tarozisida tortib ko‘rdim. Afsuski, sotuvchi 3 kg. deb sotgan mahsulot roppa-rosa 2 kg. 200 gr. tosh bosdi. Qaytib borganimda esa sotuvchi “800 gr. mahsulot 4800 so‘mdan” deb yozib qo‘yganmiz-ku, deb meni chalg‘itishga urindi. Biroq, shunday bo‘lgan taqdirda ham shakardan 200 gr. kam chiqayotgan edi.

Bundan tashqari ko‘pchilik do‘konlarda qonunda belgilanganidan farqli o‘laroq ushbu mahsulotni yuqori narxda sotilish holatlari ham uchrab turadi. Jumladan, Mirobod tumanidagi supermarketlardan biriga borganimizda 900 gr. shakar 4 ming 990 so‘m, 1 kg. shakar esa 5500 so‘mdan sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Toshkent viloyati, Angren shahridagi vaziyat poytaxtdagi holat bilan juda o‘xshash. Bu yerda ushbu mahsulot 1 kg. naqd pulga 5300 so‘m, plastik kartochkaga esa 5600 so‘mdan sotilmoqda.

Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin, biroq ushbu o‘rinda kimlarnidir aybdor qilishdan yiroqmiz. Shunchaki bunday holatlarning avj olib ketmasligi uchun iste’molchilar ham o‘z haq-huquqlarini bilsalar muammolar vaqtida bartaraf bo‘lar edi.

Yana o‘qing:  Insonparvarlikning yuksak namunasi

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Davlat raqobat qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan shakar va boshqa mahsulotlar narx-navosini asossiz oshirish va boshqa o‘zaro kelishuvlar asosida mahsulotlarning sun’iy taqchilligini keltirib chiqarish holatlari aniqlangan taqdirda ularga nisbatan antimonopol ish qo‘zg‘atilib, qonun asosida qat’iy choralar ko‘riladi. Shuningdek, qo‘mitaning bildirishicha shakar mahsulotini chakana savdo korxonalarida 5 200 so‘mdan yuqori narxda sotish holatlari aniqlangan taqdirda siz tegishli tartibda Davlat soliq qo‘mitasi yoki Davlat raqobat qo‘mitasi va ularning hududiy organlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: