Beshigida chavandozlar ulg‘aygan elmiz

Xabaringiz bor, shu yilning aprel oyida Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti bazasida ot sportining to‘siqlardan ot sakratish turi bo‘yicha Jahon kubogi Markaziy Osiyo ligasining birinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tgan, unda yurtimiz terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan edi. Chavandozlarimiz 19-23 may kunlari musobaqaning ­Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tgan ikkinchi bosqichida ham yuqori natija ko‘rsatib, yana Gran-pri sovriniga egalik qildi. Hamyurtlarimizning yuksak natijalarni qo‘lga kiritishida asosiy o‘rin tutgan omillar va mamlakatimizda ot sporti rivoji yo‘lida olib borilayotgan ishlar xususida O‘zbekiston Ot sporti federatsiyasi Bosh kotibi Eldar Anarbayev bilan suhbatlashdik.

– Eldar aka, bahslarning Bishkek shahri mezbonlik qilgan ikkinchi bosqichida chavandoz va sportchi otlarimiz ishtiroki to‘g‘risida gapirib bersangiz.

– Ot sportida boshqa sport turlariga qaraganda g‘alabaga bo‘lgan ishonch bir qadar qiyinroq bo‘ladi. Ya’niki, maydonda ikki sportchi harakat qiladi — ot va chavandoz. Agar otliq bedovining tiliga tushunmasa, u har qancha mahoratli bo‘lmasin, g‘alaba qozonishi qiyin. Ikkinchidan, yuksak marrani zabt etishi uchun chavandoz oti bilan ruhan yaqin bo‘lishi kerak. Bir-birini harakatlaridan anglashi kerak. Uchinchidan, murabbiy ot va chavandoz ustida obdan ishlashi talab qilinadi. Boisi, u har ikkisining o‘rtasidagi jonli ko‘prik. Chunki faqatgina murabbiy oylab ikkisini sinov maydonida kuzatish imkoniyatiga ega. To‘rtinchidan, xohlaysizmi-yo‘qmi, sportning barcha turi uchun yetarli darajadagi moddiy-texnik baza g‘oyatda muhim. Ta’kidlab o‘tish kerak, keyingi yillarda respublikamizda ot sporti va yilqichilikka katta e’tibor qaratilib, sohaning moddiy-texnik bazasi talab qilingan standartlarga ko‘tarilgan.

O‘ylaymanki, terma jamoamizning Bishkekda yuqori marralarni zabt etishiga ana shu omillar sabab bo‘lgan.

Musobaqaning ilk kunida sportchilar birinchi aylanishda balandligi 1 metr-u 30 sm. bo‘lgan to‘siqlardan oshib o‘tishdi. Unda qozog‘istonlik Nurpo‘lat Kartojak “Kamelot” laqabli otida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rin hamyurtimiz Xurshidbek Olimjonovga nasib qildi. U “Kordon Blu” laqabli otida belgilangan balandlikni zabt etdi. Uchinchi o‘ringa musobaqa mezboni Medet Mauletbekov va uning “Das Pantom” laqabli tulpori munosib deb topildi. Ikkinchi aylanishda 1 metr-u 30 sm. balandlikdan ot sakratish bo‘yicha Xurshidbek Olimjonov va uning “Kordon Blu” laqabli oti birinchilik sohibi bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni yana bir yurtdoshimiz Nurjon Tuyoqboyev “Dirlevang” va “King Kornet” laqabli tulporlarida zabt etdi.

Yana o‘qing:  Ma’naviyat – eng kuchli va ta’sirchan vosita

Ikkinchi kuni Millatlararo kubok bahslarida dastlabki aylanishda 1 metr-u 20 sm., ikkinchi aylanishda 1 metr-u 20 sm. balandlikni zabt etib, yurtimiz terma jamoasi mutlaq g‘oliblikni egalladi. Jamoaviy bellashuvda munosib ishtirok etgan Oqil Sobirjonov va uning “Samira” laqabli oti, Nurjon Tuyoqboyev va uning “King Kornet” laqabli oti, Bahrom o‘oziyev va uning “Karizma” laqabli oti, o‘ayrat Nazarov va uning “Kuatro Junior” laqabli oti raqiblarini ortda qoldirib, pesh­qadamlikka erishdi. Ikkinchi o‘rin Qirg‘iziston, uchinchi o‘rin Qozog‘iston terma jamoalariga nasib etdi.

Jahon kubogi va Gran-pri bahslarida ham yurtimiz chavandozlari birinchi o‘rinni zabt etishdi. Binobarin, balandligi 1 metr-u 40 sm. dan 1 metr-u 60 sm. gacha bo‘lgan to‘siqlarni xatosiz oshib o‘tgan Oqil Sobirjonov va uning “Samira” laqabli oti Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritdi. Qirg‘izistonlik Sadir Mametov “Kuintendro” laqabli otida ikkinchi, beloruslik Mikolay Karpovich yurtimizdan borgan “Kardinal” laqabli otda uchinchi o‘rinni qayd etishdi.

– Natijalarni ko‘rib, chavandozlarimiz Jahon kubogining asosiy bahslari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi hisob, degan o‘yga boradi kishi. Aslida ham shundaymi?

– Terma jamoamiz natijalari yomon emas. “To‘ydan avval nog‘ora qoqma” deyishganiday bu borada so‘z yuritishni keyinga qoldirib tursak.

Iyun oyining 22-25 kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida uchinchi bosq­ich musobaqalari bo‘lib o‘tadi. O‘shanda bosqichlarning mutlaq g‘olibi, ular to‘plagan natijalar e’lon qilinadi. Yaxshisi, Olmaota bahslarini kutganimiz ma’qul. Ammo, sizga shuni ishonch bilan aytamanki, chavandozlarimiz va sportchi otlarimiz uchinchi bosqichda ham yomon natija qayd etishmaydi. Boisi, chavandozlarimizning ruhiy-jismoniy tayyorgarligi, otlarimizning sport holati yuqori darajada.

Qolaversa, ming yillarki, xal­qimizning beshigida chavandozlar ulg‘aygan! Shu bois, Jahon kubogining asosiy bahs­larida ham munosib ishtirok etish, yuqori natijalar ko‘rsatish harakatidamiz.

 

Anvar SUYUNOV

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: