Bokschilarimiz Qozog‘iston Prezidenti kubogi turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Qozog‘iston Prezidenti kubogi uchun V xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
An’anaviy musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Filippin, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston hamda Eron bokschilari bosh sovrin uchun o‘zaro raqobatlashmoqda.
Turnirning dastlabki kuni 60 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz vakili Sulaymon Latipov mezbon bokschi Rustam Rustamov bilan kuch sinashdi. Ushbu jangda Sulaymon yirik hisobda zafar quchdi. Vazni 91 kilogrammdan ortiq bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda yosh bokschimiz Rustam Ismoilov qozog‘istonlik Nurjan Bekzatovni mag‘lubiyatga uchratdi. 69 kilogramm vazn toifasida ishtirok etayotgan bokschimiz BoboUsmon Botirov dastlabki jangini qozog‘istonlik Kanagat Maralovga qarshi o‘tkazdi. Keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tgan uchrashuvda Bobo-Usmon raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
N.NORBOBOYEV