“Yoshlik”da yangi uylar
Prezidentimiz rahnamoligida aholi, ayniqsa, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi navbatda yosh oilalarning turar joyga ega bo‘lishida amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi joriy etildi. Yakka tartibda uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti oluvchi yosh oilalar a’zolarining daromadiga soliq imtiyozlari berildi.
Navoiy viloyati Karmana tumani “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy arxitektura talablari asosida barpo etilgan ikkita ko‘p qavatli uyning 125 xonadoniga ko‘chib kirgan oilalarning aksariyati yosh oilalardir.
“Bunyodkor-zamondosh” MCHJ tomonidan qurilgan bu uylar barchaga manzur bo‘ldi. Uylar atrofining obodligi, yashil maydonchalar, manzarali daraxtlar ko‘zni quvontiradi. Ayniqsa, bolalar maydonchasi kichkintoylar uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.
– Tez kunlarda shu hududda yana 60 xonadondan iborat ko‘p qavatli uyni foydalanishga topshiramiz, — deydi “Bunyodkor-zamondosh” MCHJ ta’sischisi Istam Xoliqov. – Bu yurtdoshlarimizga mustaqilligimizning 26 yilligi oldidan ajoyib bayram sovg‘asi bo‘ladi.
Siroj ASLONOV,
O‘zA