O‘zbekistonda ta’lim sifatini nazorat qiluvchi inspeksiya ochiladi
Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ochiladi. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Inomjon Madjidov Xalqaro Press-klub yig‘ilishida ma’lum qildi.
«Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ochiladi. Idoraning asosiy maqsadi – ta’lim va o‘quv-tarbiya jarayonlari sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatishdir», – dedi I.Madjidov.
Shuningdek, ta’lim dargohlari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida xorijiy muassasalar bilan birgalikda «ikki diplom» (Double Degree) integratsiyalangan magistrlik dasturlari, iqtidorli o‘qituvchilar uchun akademik harakatlar (Academic Mobility Programs) loyihalarini joriy etish, shuningdek, 1 semestr davom etuvchi talabalar almashinuvi (Student Exchange and Mobility Programs)ni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.
Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari 18 foizga oshirish va OTMlar o‘quv dasturlariga kamida 350 yuqori malakali mutaxassislar, o‘qituvchi va olimlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
«Qabul kvotasi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 10 mingtaga, 57 907 dan 66 316 taga ko‘paytirildi. Shuningdek, to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul joriy etilmoqda. 2016 yilda taxminan 663 ming kishi OTMlarga hujjat topshirgan bo‘lsa, bu yili abituriyentlar soni 700 mingdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. OTM talabalari sonini ko‘paytirish, o‘z o‘rnida, yetuk ma’naviy va intellektual salohiyat va mustaqil fikrga ega qilib tarbiyalash orqali davlat yoshlar siyosatini amalga oshirishda yordam beradi», – deb qo‘shimcha qildi I.Madjidov.
Xalqaro Press-klub anjumanda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, Davlat Test Markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent Davlat yuridik universiteti rahbariyati hamda ekspertlar, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdilar.