Kashtalarda jilolangan tarix va kelajak

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyida “Shahrisabz kashtachiligi: qadim va zamon” ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi O.Fayzullayev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida xalq amaliy san’ati turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar tufayli necha ming yillik tarixga ega kashtachilik san’ati o‘zining yangi bosqichiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Samarqand, Nurota, Buxoro, Shahrisabz, Toshkent va Farg‘ona kashtachilik maktablari faoliyati qayta tiklanib, izchil rivoj topmoqda.

Shahrisabzlik kashtado‘z Gulnora Odilova tomonidan yaratilgan kashtalarda nafislik, o‘tkir va yorqin ranglar aks ettirilgan.

– Shahrisabz kashtasi gulbezaklarining ko‘pligiga ko‘ra, Buxoro va Nurota kashtachiligiga yaqin, – deydi G.Odilova. – Nurota kashtachiligida gul tasvirlariga nazokat va nafislik baxsh etuvchi erkin tagligi katta o‘rin tutsa, Shahrisabz kashtachiligida taglikni to‘laligicha naqsh bilan bezash yoki bezakning bir tekisda taqsimlanishi yanada yorqin aks etadi.

Kashtachilik Gulnora Odilovaga momomeros. Mohir kashtado‘z Shahrisabz kashtachiligi an’analarini davom ettirayotgan to‘rtinchi avlod vakili hisoblanadi. U XVII asrda qo‘llanilgan va unutila boshlagan «iroqi» uslubini, yurtimiz va xorijiy muzeylarda saqlanayotgan Shahrisabz kashtalarini ustozi Halima Boboqulova bilan chuqur o‘rganib, an’anaviy nusxalarni qayta tikladi. Hozirgi kunda “Kesh-Osiyo karvoni” korxonasida bir necha yoshlarni hunarga o‘rgatib, ularni ish bilan ta’minlamokda.

Kashtado‘zning tabiiy ipakdan ishlagan kashta-so‘zanalar, choponlar, yostiq jildlar, ayollar sumkasi, poyabzallar va boshqa mahsulotlari nafaqat, mamlakatimiz, balki xorijda ham xaridorgir. Hunarmand ijod namunalari bilan AQSH, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Gretsiya, Isroil, Malayziya kabi davlatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etib, diplom va sovrinlar bilan taqdirlangan.

Mazkur ko‘rgazmada ham kashtachilikning yorqin namunalari –so‘zanalar, choponlar, yostiqlar, poyabzallar, sumkalar, bosh kiyimlar namoyish etilmoqda.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA

Yana o‘qing:  Bu yilgi “Yosh kitobxon” tanlovida uch baravar ko‘p yosh ishtirok etadi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: