Ishlab chiqarish – yuksalish omili
Bugungi taraqqiyot davrida yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ishlab chiqarish korxonalari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangani mahsulot sifati va ish samaradorligining o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Sergeli tumanidagi “Bel Teks” MCHJ bugungi kunda mamlakatimizda filtr to‘qimasini ishlab chiqarayotgan uchta korxonaning biri bo‘lib, o‘z mahsulotlari bilan metallurgiya, kimyo, oziq-ovqat kabi sanoatimizning muhim sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi xodimlarning 80 foizini yoshlar tashkil etadi. 2008 yilda 2 nafar ishchi o‘rni bilan faoliyat boshlagan korxonada ayni damda 15 nafar xodim mehnat qilmoqda.
– Jamoamiz asosan yoshlardan iborat. Korxonada ishlab chiqarishning sifat va samaradorligini ta’minlash, xavfsizlikka rioya qilish, ishni puxta tashkil etish, “ustoz-shogird” an’analariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, har yili 2 nafar kollej bitiruvchisini ish bilan ta’minlamoqdamiz, – deydi muassasa rahbari Boyiz Yo‘ldoshev.
Korxona ishlab chiqarishda avvallari Rossiya davlatidan keltirilgan xomashyodan foydalanar edi. Hozirda esa o‘zimizning kalava ipdan sifatli mahsulot tayyorlanib, mijozlarga yetkazilmoqda. Bu esa mahsulot tannarxini arzonlashishiga hamda vaqtni tejashga xizmat qilmoqda. Ayni paytda mahalliy 1 tonna xomashyodan jahon andozalari darajasidagi 1000 metr kvadrat filtr to‘qimasi ishlab chiqarayotgan korxona o‘z mahsulotini sanoatimizning muhim sohalariga yetkazib berayotgani bilan faxrlanadi.
Muassasada ishchi-xodimlar maxsus kiyim, tushlikda issiq ovqat bilan ta’minlangan.
Oygul RAZZOQOVA