Yoz ostonasida: Yashnobodda sanitariya-epidemiologiya nazorati qanday olib borilmoqda?

Yurtimizda yozning jazirama kunlari boshlandi. Bu paytda dehqon bozorlari, savdo shoxobchalari, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish korxonalarida sanitariya, veterinariya, fitosanitariya normalari va qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, ichimlik suvi, atrof-muhit ozodaligi, shuningdek, inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi holatlarning oldini olish va bartaraf etishda soha xodimlaridan yuksak mas’uliyat talab etadi.

Yashnobod tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari ham joriy yilning birinchi choragida bu borada e’tiborga molik ishlarni amalga oshirdi.

– Markazda faoliyat ko‘rsatayotgan 159 nafar xodimning asosiy vazifasi 245 ming 370 nafar tuman aholisini toza ichimlik suvi, sifatli, xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida yuqumli somatik kasalliklar tarqalishini oldini olish, mavjud 57 ta mahallada sanitariya holatini talab darajasida bo‘lishi, shuningdek, yig‘iladigan maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketilishini nazorat qilishdan iborat. Bundan tashqari Toshkent shahri hududida ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, hushyorlik va ogohlikni oshirish tadbirlarida faol ishtirok etishdir, – deydi markaz rahbari Furqat Nurmatov.

E’tiborlisi olib borilgan ishlar natijasida joriy yil hududda qorin tifi, paratif, yangi A(NIN1) grippi va Qrim-Kongo gemorragik isitma, quturish, difteriya, meningit, gripp, qizamiq, qizilcha, poliomiyelit, gripp va brutsellyoz «qora oqsoq» kasallik­lari ro‘yxatga olinmadi. Tumandagi 150 ta ta’lim muassasasida yuqumli kasalliklar va epidemiyaga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni tashkil etish va to‘laqonli o‘tkazish maqsadida hamkorlik suhbatlari tashkil etildi. Maktab, maktabgacha ta’lim maskanlarida, idora va tashkilotlarda reydlar o‘tkazildi. Shuning­dek, 712 ta hayvonlar qutirishga qarshi emlandi.

Davolash profilaktika muassasalarida tibbiy xodimlarning bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilib, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha mahalla, maktab, polik­linikalarda davra suhbatlari o‘tkazildi. Joylarda sanitariya, dezinfeksiya va epidemiyaga qarshi kurash qoidalarining bajarilishi ustidan sanitariya nazorati kuchaytirildi, ovqatlanish ob’yektlari, markazlashtirilgan suv ta’minoti va ochiq suv havzalari ustidan laboratoriya nazorati o‘tkazildi. Jumladan, yuqumli kasalliklarning oldini olish va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazish davomida 12 ming 686 nafar aholi gelmintoz kasalligiga tekshirildi.

46 ta ob’yektda davlat sanitariya nazorati olib borilib, 783 ta bakteriologik, 2 ming 326 ta kimyoviy tahlil o‘tkazildi va talab­ga javob bermagan 24 ta ob’yektga 4 million 493 ming 250 ming so‘m jarima solindi va 7 ta ob’yekt­ning ish faoliyati to‘xtatildi. 6 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va 5 ta korxonada aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 3 million 744 ming 375 so‘m miqdorida jarima solindi.

Yana o‘qing:  Pensiya ta’minoti: Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday imtiyoz berilmoqda?

Shuningdek, ochiq suv havzalaridan kimyoviy va bakteriologik tahlilga 6 ta suv namunasi, atmosfera havosidan kimyoviy tahlilga 459 ta sinamalar olindi. 30 ta talab­ga javob bermaydigan holat aniqlanib, ulardan 5 million 841 ming 225 so‘m jarima undirildi.

Ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi tomonidan 4 ta xo‘jalik yurituvchi, 3 ta umumiy ovqatlanish korxonasi va 1 ta savdo omborxonasida rejali tekshiruv o‘tkazilib, laboratoriya tahlillari olindi.

Aholi o‘rtasida yod tanqisligini oldini olish maqsadida tuz ishlab chiqarish korxonalarida qadoqlanayotgan tuz mahsulotlaridagi yod miqdorini aniqlash, un ishlab chiqarish korxonalaridan kamqonlikning oldini olish maqsadida tayyorlanayotgan un tarkibidagi toksik element qoldig‘i va temir moddasiga kimyoviy tahlil uchun namunalar olinib, SanQvaM-0283-10 talabiga javob berishi aniqlandi.

Shuningdek, tuman dehqon bozorlarida tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilib, 800 metrli irrigatsiya tarmog‘i iflos suv va chiqindilardan tozalandi.

Oziq-ovqat mahsulotlari bilan noqonuniy savdo qilgan 7 nafar fuqaroga 1 million 148 ming 425 so‘mlik jarima belgilandi.

54 nafar bozor xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Markaz tomonidan tashkillashtirilgan jami 106 ta sanitariya nazorati tadbirlari mobaynida 3 ming 748 ta ­kimyoviy tahlilga olingan namunalarning 257 tasi, bakteriologik tahlilga olingan 4 ming 197 ta namunalarning 300 tasining talabga javob bermasligi aniqlanib, 92 ta jarima bayonnomasi tuzildi. Jarimalar miqdori esa 39 million 989 ming 925 so‘mni tashkil etib, undirish choralari ko‘rildi.

Aytish joizki, bozorlarda sotilayotgan go‘sht va sut mahsulotlari, qandolat, turli oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini tekshirish va nazorat qilish uchun bozorlar hududida davlat sanitariya-epidemologiya nazorati markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu markaz xodimlari qo‘lbola oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy ravishda sotilishi va yurtdosh­larimizni sanitariya-gigiyena qoida va talablariga amal qilmagan holda tayyorlangan sifatsiz mahsulotlardan zaharlanishining oldini olishni nazorat qilib borishmoqda.

Zero, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilish, aholi salomatligini saqlash barchamizning burchimizdir.

Maryam AHMEDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: